O‘zbekiston oltin qazib olish bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi 10 mamlakat qatoriga kirdi. Bu haqda Forbes’ning Butunjahon oltin kengashi ma’lumotlariga asoslangan maqolasiga tayanib “Gazeta.uz” xabar qildi.

Foto: National Geographic

Qayd etilishicha, 2020-yilda O‘zbekistonda birinchi marta 100 tonnadan ziyod (101,6 tonna) oltin qazib olindi. Bu orqali O‘zbekiston butunjahon reytingida 8-o‘rinni egallab turgan Peruning o‘rnini egalladi. 2019-yilda O‘zbekiston 94,6 tonna oltin qazib olgan edi.

Forbes nashri O‘zbekistonda dunyodagi eng yirik ochiq oltin koni — “Muruntov” koni haqida ham aytib o‘tdi. Nashr ushbu kon dunyodagi eng yirik oltin zaxirasi bo‘lishi mumkinligini ham qayd etdi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kitco e’lon qilgan 2020-yildagi oltin qazib olish bo‘yicha dunyodagi eng katta konlar ro‘yxatida Navoiy viloyatida joylashgan “Muruntov” koni birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan.

Reytingda 1-o‘rinni 2020-yili 368,3 tonna oltin qazib olgan Xitoy egalladi. Keyingi o‘rinni Rossiya (331,1 tonna), 3-o‘rinni Avstraliya (327,8 tonna) egalladi.

Kuchli o‘nlikdan AQSh (190,2 tonna), Kanada (170,6 tonna), Gana (138,7 tonna), Braziliya (107 tonna), Meksika (101,6 tonna) va Indoneziya (100,9 tonna) mamlakatlari joy oldi.

Bundan avval O‘zbekiston yana oltin eksport qilishni boshlagani hamda Markaziy bank oltin quymalarning iqtisodiy samarasi haqida ma’lumot bergani haqida xabar berilgandi.