O‘zbekistonda 2018-yili “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” nomli kitob nashrdan chiqqan edi. Unga Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati tizimida ishlagan va xizmat burchini bajarish vaqtida mardlarcha halok bo‘lgan 222 nafar xodim ma’lumotlari keltirilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati 2021-yilgi Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan aprel—may oylarida ushbu xotira-kitobga kiritilgan ichki ishlar organlari xodimlari haqidagi qisqa videoocherklarni e’lon qilib bordi. Yodga olinganlar orasida vertolyot halokatida vafot etgan, diniy-aqidaparastlar va terrorchilarga qarshi kurash tadbirlarida halok bo‘lgan, shuningdek, Namangan, Toshkent, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilgan teraktlar vaqtida qurbon bo‘lganlar bor.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Daryo” ichki ishlar organlari safida xizmat qilgan va xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan 100 dan ortiq xodim haqidagi videoocherklarni bir sahifaga jamladi.

Aviahalokat qurboni

Mayor Nodirbek Yunusov (1981—2016)

Nodirbek Yunusov 1981-yil 28-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universitetining chaqiriqqacha harbiy ta’lim va jismoniy tarbiya fakultetida tahsil olgan. 2002-yildan ichki ishlar idoralarida xizmat qila boshlagan. 2016-yil 18-oktabrda Farg‘ona—Qo‘qon yo‘nalishida tashkil qilingan havo razvedkasi tadbirida ishtirok etayotganida baxtsiz hodisa tufayli vertolyotning yerga qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Tojikistondagi urushning O‘zbekistondagi qurboni

Kichik serjant Xidirali Ro‘ziboyev (1967—1997)

Xidirali Ro‘ziboyev 1967-yil 10-iyunda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan. 1984-yil Denov tumanidagi umumta’lim maktabini tamomlagan. 1985—1987-yillarda Afg‘onistonda harbiy xizmatni o‘tagan. 1996-yildan Denov tumani IIB hisobga olish va qayd etish guruhi kichik inspektori vazifasida xizmat qila boshlagan. 1997-yil 8-yanvarda Tojikistonning Tursunzoda tumanida operativ vaziyatning keskinlashuvi oqibatida Surxondaryo viloyati Sariosiyo va Uzun tumanlarida O‘zbekiston chegaralarini ishonchli himoya qilish maqsadida postlar tashkil etilgan. Xidirali Ro‘ziboyev 10-yanvarda qo‘shni mamlakatda bir-biriga qarshi jangovar harakatlar olib borayotgan guruhlar tomonidan otilgan snaryadlardan biri chegara postiga kelib tushishi oqibatida og‘ir yaralanib, voqea joyida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan kichik serjant Ro‘ziboyev vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Botanika bog‘idagi terrorchilarga qarshi kurash qurbonlari

Leytenant Bakseid Kentayev (1968—1997)

Bakseid Kentayev 1968-yilda Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1989-yili Toshkent shahar IIBBning qo‘riqlash bo‘limi 1-polki militsioneri vazifasidan boshlagan. 1997-yil 13-aprelda Yunusobod tumani hududidagi Botanika bog‘ida terrorchi guruhlar tomonidan uyushtirilgan otishma vaqtida tan jarohati olishi oqibatida halok bo‘lgan. U Prezidentning 1998-yil 13-yanvardagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Mahbuslar bilan bog‘liq holatlarda halok bo‘lgan xodimlar

Leytenant Jahongir Qo‘ziboyev (1976—2000)

Jahongir Qo‘ziboyev 1976-yil 23-iyulda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. 1993-yil tumandagi 16-umumta’lim maktabini tamomlagan. 1994-yil Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchilari safiga qabul qilingan. 1998-yil o‘qishni tamomlab, Jizzax shahar IIB profilaktika bo‘linmasining voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha inspektori vazifasiga tayinlangan. 2000-yil 23-yanvar kuni jazoni ijro etish koloniyasidan qochgan ikki mahkum bilan olishuv paytida og‘ir jarohatlanib, vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Oddiy askar Gulmurod To‘layev (1986—2011)

Gulmurod To‘layev 1986-yil 6-yanvarda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 2002-yili Kasbi tumanidagi 26-maktabni, 2005-yili Denov qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejini tamomlagan. 2007-yilda harbiy xizmatni o‘tagan. 2010-yil 10-apreldan IIVning qoruvul qo‘shinlari tarkibida xizmat faoliyatini boshlagan. 2011-yil 16-iyun kuni ehtiyotsizlik oqibatida kanalizatsiya quvuriga tushib ketgan mahbusni qutqarish chog‘ida halok bo‘lgan.

Namangandagi 1997-yilgi voqealar qurbonlari

Kapitan Marat Toshboyev (1952—1997)

Marat Toshboyev 1952-yil 5-yanvarda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1988-yili Toshkent o‘rta-maxsus militsiya maktabini tamomlagan. Namangan shahar IIBga qarashli jamoat tartibini saqlash xizmati vaqtincha ushlab turish izolyatori boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan. 1997-yil 24-martida noqonuniy diniy-eksteremistik oqim yetakchilari tomonidan uyushtirilgan suiqasd oqibatida halok bo‘lgan. U Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Mayor Sharifjon Tursunov (1950—1997)

Sharifjon Tursunov 1950-yil 15-may kuni Namangan tumanida tug‘ilgan. 1969—1971-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. Shundan so‘ng ichki ishlar sohasida faoliyat ko‘rsata boshlagan. 1987-yil xizmatdan ajralmagan holda Namangan davlat pedagogika institutini tamomlagan. Namangan shahar IIBga qarashli tibbiy hushyorlik bo‘limining boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan. 1997-yil 24-mart kuni diniy-ekstremistik oqim yetakchilaridan biri tomonidan uyushtirilgan suiqasd oqibatida halok bo‘lgan. U Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta serjant Ravshan Abbosov (1967—1997)

Ravshan Abbosov 1967-yil 9-iyulda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1985-yil 5-o‘rta maktabni tugallab, harbiy xizmatda bo‘lgan. 1989-yilning mart oyida Namangan viloyati IIBning post-patrul xizmati rotasida vzvod militsioneri vasifasida xizmat qila boshlagan. 1997-yil 17-dekabrda diniy-eksteremistik oqim a’zosi tomonidan otib o‘ldirilgan. U Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Salohiddin Abdurahmonov (1972—1997)

Salohiddin Abdurahmonov 1972-yil 14-yanvarda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1989—1991-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1994-yilda ichki ishlar idoralarida xizmat qila boshlagan. 1997-yil 29-dekabrda diniy-eksteremistik guruhning yetkachilaridan birini qo‘lga olish paytida halok bo‘lgan. U Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Umarxon Jo‘rayev (1969—1997)

Umarxon Jo‘rayev 1969-yil 4-dekabrda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1987-yil o‘rta maktabni tamomlagan. 1988—1989-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1994-yilda ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilingan. 1997-yil 17-dekabr kuni diniy-eksterimistik oqim a’zosi tomonidan otib o‘ldirilgan. U Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Inomjon Yusupov (1968—1997)

Inomjon Yusupov 1968-yil 4-dekabrda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1994-yil IIV akademiyasini tamomlagan. Namangan viloyati IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili lavozimida ishlagan. 1997-yil 17-dekabrda noqonuniy diniy-eksteremistik oqim a’zosi tomonidan otib o‘ldirilgan. U Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Mayor Boqijon Ubaydullayev (1955—1997)

Boqijon Ubaydullayev 1955-yil 10-noyabrda Namangan sharida tug‘ilgan. 1975—1977-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1978-yil Namangan viloyati IIBga qarashli DAN bo‘linmasida yo‘l-patrul xizmati inspektori vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. 1997-yil 2-dekabr kuni diniy-eksteremistik oqimning bir guruh a’zolari tomonidan o‘z xonadonida o‘ldirilgan.

1999—2000-yillarda O‘zbekistonga bostirib kirishga uringan terrorchilarga qarshi kurashda halok bo‘lganlar

Kapitan Ravil Vasilyev (1965—1999)

Ravil Vasilyev 1965-yil 26-oktabrda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan. 1982-yilda Chirchiq shahridagi 15-umumta’lim maktabini bitirib, 1986-yilda Toshkent jismoniy tarbiya va sport institutiga o‘qishga kirgan. 1993-yilda ichki qo‘shinlar bo‘linmalarida xizmat faoliyatini boshlab, katta yo‘riqchi va bo‘linma komandiri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 1995-yil qism komandirining jismoniy tarbiya va sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 1999-yil 15-noyabrda Toshkent viloyati Yangiobod tumanining tog‘li hududlari orqali O‘zbekiston hududiga suqilib kirgan terrorchilarga qarshi olib borilgan jangovar harakatlarda ishtirok etib, xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan. U Prezidentning 1999-yil 1-dekabrdagi farmoniga binoan “milliy manfaatlarni himoya qilish va tinchlikni ta’minlash yo‘lida jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani uchun” vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Podpolkovnik Valeriy Govoruxin (1949—1999)

Valeriy Govoruxin 1949-yilda Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilgan. Toshkent oliy militsiya maktabini tamomlagach, Qarshi shahar IIBning tergov bo‘linmasida tergovchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Toshkent viloyati IIBning tezkor texnika bo‘limida ekspert, katta inspektor, navbatchilik qismining boshlig‘i lavozimlarida xizmat qilgan. IIV operativ shtabi inspektorlik bo‘limi boshlig‘i, bosh inspektor lavozimlarida ishlagan. 1995-yilda Yangiobod shahar IIB boshlig‘i etib tayinlangan. 1999-yil 15-noyabr kuni Yangiobod dam olish maskanida bir guruh qurollangan jinoyatchilarga qarshi kurash paytida qahramonlarcha halok bo‘lgan. U Prezidentning 2001-yil 12-yanvardagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Mayor Baxtiyor Po‘latov (1957—1999)

Baxtiyor Po‘latov 1957-yil 28-martda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1975—1977-yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 1978—1982-yillarda IIVning Toshkent oliy maktabida o‘qigan. 1982-yilda Bekobod tumani IIBning jinoyat qidiruv bo‘limi inspektori vazifasiga tayinlangan. Shundan so‘ng turli lavozimlarda samarali faoliyat ko‘rsatgan. 1998-yilda Yangiobod shahar IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 1999-yil 15-noyabrda Yangiobod dam olish maskanida bir guruh qurollangan jinoyatchilarga qarshi kurash paytida mardlarcha halok bo‘lgan.

Leytenant Temur Sagidulin (1977—2000)

Temur Sagidulin 1977-yil 3-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1994-yili Yunusobod tumanidagi 245-sonli o‘rta maktabni tamomlab, IIV akademiyasiga o‘qishga kirgan. Tahsilni tamomlagach, 1998-yildan IIVning alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadida xizmat faoliyatini boshlagan. 2000-yilda Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida O‘zbekistonga suqilib kirgan bir guruh terrorchilarni yo‘q qilish paytida mardlarcha halok bo‘lgan.

Leytenant G‘ofurjon Rajabov (1975—2000)

G‘ofurjon Rajabov 1975-yil 8-may kuni Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 1996—1997-yillarda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan. 1999—2000-yillarda IIVga qarashli Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtining jismoniy tayyorgarlik va sport kafedrasida maxsus tayyorgarlik bo‘yicha katta instruktor, o‘qituvchi vazifalarida xizmat qilgan. 2000-yil avgust oyida Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlariga bostirib kirgan terrorchilarni yo‘q qilish paytida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Abduhalim Toshqulov (1969—2000)

Abduhalim Toshqulov 1969-yil 25-iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. 1985-yili tumandagi 10-sonli o‘rta maktabni tamomlab, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida tahsil olgan. 1987—1989-yillarda harbiy xizmatda yigitlik burchini o‘tagan. 1996-yili Shahrisabz shahar IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi militsioneri vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. 2000-yil avgust oyida Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlaridan O‘zbekistonga suqilib kirmoqchi bo‘lgan terrorchilarga qarshi kurash paytida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Erfan Emiradjiyev (1967—2000)

[telegram_embed_post link="https://t.me/iivuz/39115

Erfan Emiradjiyev 1967-yil 27-iyunda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1984-yili Chirchiq shahridagi 10-o‘rta maktabni tamomlagan. 1986—1989-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1996-yildan Chirchiq shahar IIBning jamoat taribini saqlash xizmatida kichik inspektor-kinolog lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. 2000-yil 28-avgust kuni Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududiga bostirib kirgan qurolli guruh a’zolarini yo‘q qilish bo‘yicha olib borilgan amaliyot paytida ularga qarshi kurashda og‘ir yaralanib, mardlarcha halok bo‘lgan. Prezidentning 2001-yil 12-yanvardagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Ikromjon Saidahmedov (1969—2000)

Ikromjon Saidahmedov 1969-yil 16-mayda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1986-yilda Bo‘stonliq tumanidagi 43-maktabni tamomlagan. 1996—1999-yillarda Prezident devoni ishlar boshqarmasining shahar tashqarisidagi qarorgohini muhofaza qiluvchi 18-harbiylashtirilgan o‘t o‘chirish qismining o‘t o‘chiruvchisi, katta o‘t o‘chiruvchisi vazifalarida xizmat qilgan. Ikromjon Saidahmedov 2000-yil sentabr oyida davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida o‘tkazilayotgan antiterror tarkibiga jalb etilgan Toshkent viloyati IIB terma otryadi shaxsiy tarkibiga kiritilgan. U safdoshlari bilan birgalikda tog‘ tepaliklarida yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish va davlat mulki bo‘lgan o‘rmon xo‘jaligini asrab qolishda katta jonbozlik ko‘rsatgan. Ushbu jarayonda alanga qurshovida qolishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, halok bo‘lgan. Prezidentning 2001-yil 12-yanvardagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Akbar Esonov (1974—2000)

Akbar Esonov 1974-yil 15-avgustda tug‘ilgan. 1991-yili Hamid Olimjon nomidagi 12-umumta’lim maktabini tamomlab, Termiz davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. 1996-yilda ushbu oliy ta’lim muassasasini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga qarashli havo desanti qo‘shinlari safida harbiy xizmatni o‘tagan. 1998-yilda ichki ishlar organlariga qabul qilingan. 2000-yil 25-sentabr kuni Sariosiyo tumanining tog‘li hududida joylashgan Keshtut qishlog‘ini terrorchilar guruhidan tozalash vaqtida mardlarcha halok bo‘lgan.

Toshkentdagi 2004-yilgi teraktlarning qurbonlari

Starshina Qodir Rahmonov (1961—2004)

Qodir Rahmonov 1961-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1990-yili Shayhontohur tuman IIBning jinoyat qidiruv bo‘limi kichik inspektori vazifasida xizmat qila boshlagan. 2004-yil 29-mart kuni Toshkent shahridagi Chorsu bozori hududida joylashgan “Bolalar dunyosi” do‘koni yonida noma’lum ayolning o‘z tanasiga joylashtirilgan portlovchi moslamani harakatga keltirishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Prezidentning 2004-yil 26-apreldagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta serjant Faxriddin Tirkashev (1971—2004)

Faxriddin Tirkashev 1971-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1993-yilda Shayxontohur tumani IIB post-patrul xizmati rota militsioneri vazifasidan boshlagan. 2004-yil 29-mart kuni Toshkent shahridagi Chorsu bozori hududida joylashgan “Bolalar dunyosi” do‘koni yonida noma’lum ayolning o‘z tanasiga joylashtirilgan portlovchi moslamani harakatga keltirishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Erkin Saidov (1978—2004)

Erkin Saidov 1978-yil Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida tug‘ilgan. 2000-yil Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limiga qarashli militsiya tayanch punktida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qila boshlagan. 2004-yilning 29-mart kuni qurollangan jinoyatchilarga qarshi kurashish chog‘ida og‘ir yaralanib, voqea joyida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga ko‘ra, vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta serjant Zoitbek Ahmedov (1964—2004)

Zoitbek Ahmedov 1964-yil Qibray tumanida tug‘ilgan. 1993-yildan ichki ishlar idoralarida xizmat qila boshlagan. U dastlab Toshkent shahar IIBBning post-patrul xizmati brigadasi ikkinchi batalyonida oddiy militsioner sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1998-yilda Qibray tumani IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limiga ishga o‘tkazilgan. 2004-yil 30-mart kuni Qibray tumanidagi “Qoramur” blokpostida xizmat vazifasini bajarayotganda terrorchi tomonidan tanasiga yashirilgan portlovchi moslamaning harakatga keltirilishi oqibatida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Starshina Vahobiddinjon Nuriddinov (1968—2004)

Vahobiddinjon Nuriddinov 1968-yil Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug‘ilgan. 1989-yildan Ohangaron shahar IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limida militsioner-kinolog vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. Keyinchalik Toshkent viloyati Yangiobod shahar IIB va Krasnogorsk shahar militsiya bo‘limi post-patrul xizmati bo‘linmalarida markazlashtirilgan qo‘riqlash pultlarida ishlagan. 2000-yilda Parkent tumani IIBga qarashli yo‘l-patrul xizmati inspektori, 2003-yilda Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati batalyonining safarbarlik guruhi inspektori lavozimiga tayinlangan. 2004-yil 30-mart kuni Qibray tumanining Salar shaharchasi hududida joylashgan “Qoramur” to‘siq postida terrorchilar tomonidan o‘z tanasiga joylashtirilgan portlovchi moslamaning harakatga keltirilishi oqibatida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta serjant Ibrohim Normetov (1968—2004)

Ibrohim Normetov 1968-yil 2-aprel kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1985-yili Qibray tumanidagi 54-o‘rta maktabni imtiyozli baholar bilan tamomlagan. 1986—1988-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1992-yilning oktabr oyida IIVning Jamoat tartibini saqlash va post-patrul xizmati bosh boshqarmasi huzuridagi xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarni qo‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida militsiya batalyoni militsioneri sifatida xizmat faoliyatini boshlagan. 2004-yil 30-iyul kuni AQShning Toshkentdagi elchixonasi oldida noma’lum shaxsning o‘z tanasiga joylashtirilgan portlovchi moslamani harakatga keltirishi oqibatida halok bo‘lgan. Prezidentning 2004-yil 24-avgustdagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Safdor Ixtiyor Hakimov (1981—2004)

Ixtiyor Hakimov 1981-yil 9-aprelda Qozog‘istonning Chimkent shahrida tug‘ilgan. 1998-yilda Yunusobod tumanidagi 302-sonli o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan. 2000—2002-yillarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida xizmat qilgan. 2003-yil mart oyidan IIV Post-patrul xizmati va jamoat taribini saqlash bosh boshqarmasi xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida militsiya batalyoni militsioneri lavozimida xizmat qila boshlagan. 2004-yil 30-iyul kuni AQShning Toshkentdagi elchixonasi oldida noma’lum shaxsning o‘z tanasiga joylashtirilgan portlovchi moslamani harakatga keltirishi oqibatida halok bo‘lgan. Prezidentning 2004-yil 24-avgustdagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Andijon voqealari qurbonlari

Kichik serjant Muhammadnosir Bahodirov (1978—2005)

Muhammadnosir Bahodirov 1978-yil 11-iyulda Andijon shahrida tug‘ilgan. 1993-yili shahardagi 23-o‘rta maktabni tamomlagan. 1998—2001-yillarda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan. 2003-yildan Andijon viloyati IIB qo‘riqlash bo‘limi militsioneri lavozimida xizmat qila boshlagan. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida yuz bergan terrorchilik harakatlariga qarshi kurash paytida og‘ir yaralanib, mardkarcha vafot etgan.

Kapitan Nabijon Davronov (1964—2005)

Nabijon Davronov 1964-yil 13-aprelda Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi Lug‘umbek qishlog‘ida tug‘ilgan. 1989-yilda o‘rta-maxsus militsiya maktabini tamomlagan. 1988—1989-yillarda Respublika IIV Yong‘indan saqlash boshqarmasi ixtiyorida xizmat qilgan. 1989—1992-yillarda Izboskan tumani IIB qo‘riqlash punkti boshlig‘i, 1992—1998-yillarda navbatchilik qismining katta inspektori navbatchisi, 1998—2001-yillarda yong‘in xavfsizligi profilaktika inspektori vazifalarida xizmat qilgan. 2001—2003-yillarda Andijon shahar IIB yong‘in xavfsizligi bo‘limi birinchi harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi otryadi, yong‘inning oldini olish inspektori vazifalarida ishlagan. Xizmat vazifasini sidqidildan bajarib, kasbdoshlariga o‘rnak bo‘lgani uchun rahbariyat tomonidan ko‘p marotaba rag‘batlantirilgan. 2005-yil 12—13-may kunlari Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta serjant Halimjon Jalolov (1976—2005)

Halimjon Jalolov 1976-yil 16-yanvarda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan. Buloqboshi tumanidagi 45-o‘rta maktabni, Ulug‘nor tumanidagi Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bilim yurtini tamomlagan. 1994—1996-yillarda armiyada xizmat qilgan. Bir necha yil Buloqboshi tumanining Shirmonbuloq qishlog‘idagi posbonlar sardori sifatida ishlagan. 2000-yil Andijon shahar IIBga qarashli qo‘riqlash bo‘limi militsioneri vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida yuz bergan terrorchilik harakatlariga qarshi kurash paytida qahramonlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Leytenant Anvarjon Jo‘raboyev (1982—2005)

Anvarjon Jo‘raboyev 1982-yil Andijon shahrida tug‘ilgan. Shahardagi 30-umumta’lim maktabini tamomlagan. 2003-yilda IIVga qarashli Yong‘in xavfsizligi oliy texnika maktabini a’lo baholar bilan tamomlab, Andijon viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi yong‘in xavfsizligi qismlari jangovar tayyorgarligini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi muhandisi sifatida xizmat faoliyatini boshlagan. Sportning karate turi bo‘yicha O‘zbekiston va jahon chempioni, birinchi dan qora belbog‘ sohibi bo‘lgan. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida yuz bergan terrorchilik harakatlariga qarshi kurash paytida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kapitan Sanjarbek Mahmudov (1976—2005)

Sanjarbek Mahmudov 1976-yil 23-yanvarda Andijon tumanida tug‘ilgan. Shahardagi 1-umumta’lim maktabini tamomlagan. Andijon viloyati IIB shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati qoshidagi o‘quv markazida tahsil olgach, 1997—1999-yillarda viloyat IIBning ijtimoiy va moliyaviy bo‘limi taftish bo‘linmasi taftishchisi, katta taftishchi vaziflarida xizmat qilgan. 1999-yilda Andijon viloyati IIB korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi 2-bo‘lim tezkor vakili lavozimiga ishga o‘tkazilgan. 2004-yili Andijon viloyati IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasining korrupsiya, tovlamachilik va reketga qarshi kurash bo‘limi tezkor vakili etib tayinlangan. 2005-yil 12—13-may kunlari Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Safdor Nodirbek Nosirov (1976—2005)

Nodirbek Nosirov 1976-yil 21-avgustda Andijon tumanida tug‘ilgan. 1996-yilda Andijon yengil sanoat politexnikumini tamomlagan. 2002-yilda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan. 2004-yil avgust oyidan Andijon viloyati IIBga qarashli post-patrul xizmati batalyonining 3-otryadida kinolog-inspektor sifatida ishlay boshlagan. 2005-yil 12—13-may kunlari Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Podpolkovnik Muzaffar Rustamov (1968—2005)

Muzaffar Rustamov 1968-yil 20-martda Andijon viloyati Oltinko‘l tumanining Maslahat qishlog‘ida tug‘ilgan. 1985-yilda Andijon shahridagi 24-maktabni tamomlagan. 1988-yil harbiy xizmatdan qaytgach, Andijon viloyati IIBning post-patrul xizmati rotasiga ishga qabul qilingan. U xizmat vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishi, shaxsiy tarkibni ortidan ergashtira olishi va boshqa ijobiy fazilatlari bilan hamkasblari orasida hurmat qozongan edi. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Xizmat vaqtida ko‘rsatgan mardligi, jasorati, fidoyiligi uchun Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Davronbek Ro‘ziyev (1982—2005)

Davronbek Ro‘ziyev 1982-yil Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. 1999-yilda shu tumandagi 10-o‘rta maktabni tamomlagan. 2001-yilda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining ta’minlash batalyonida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. U 2003-yildan ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini boshlagan. Kichik serjant Davronbek Ro‘ziyev Andijon viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi post-patrul xizmati batalyoni 1-otryadida haydovchi bo‘lib ishlagan. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Leytenant Ixtiyorjon Toshmatov (1981—2005)

Ixtiyorjon Toshmatov 1981-yil 9-mayda Andijon viloyatining Xonobod shahrida tug‘ilgan. 1998-yil Andijon shahridagi 1-gimnaziyani tamomlagan. 1999—2003-yillarda IIV Toshkent oliy harbiy texnik bilim yurtida tahsil olgan. Shundan so‘ng Andijon viloyati IIB Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi batalyoni maxsus otryadida inspektor sifatida xizmat faoliyatini boshlagan. Oradan bir yil o‘tib, batalyon 4-otryad komandirining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Xizmat vaqtida ko‘rsatgan mardligi va jasorati uchun Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Ilhomjon Turg‘unov (1980—2005)

Ilhomjon Turg‘unov 1980-yil 13-mart kuni Shahrixon tumanida tug‘ilgan. 1995-yil tumandagi 44-o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlab, Andijon davlat tillar pedagogika instituti qoshidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan akademik litseyda o‘qishni davom ettirgan. Chirchiq shahridagi harbiy qismda yigitlik burchini o‘tagan. 2003-yilda Andijon viloyati IIBga qarashli 1-sonli turmada tartibot va qo‘riqlash bo‘limi nazoratchisi sifatida xizmat qila boshlagan. 2005-yil 13-mayga o‘tar kechasi Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Mayor Qodirjon Shoburhonov (1961—2005)

Qodirjon Shoburhonov 1961-yil 19-aprelda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan. 1978-yilda Andijon shahridagi sportga ixtisoslashgan maktab-internatni tugatgan. 1982-yili harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, Toshkent shahar IIBga qarashli 3-qo‘riqlash bo‘linmasiga ishga qabul qilingan. 1987-yilda Toshkent oliy militsiya maktabini tamomlagach, Xo‘jaobod tumani IIBning jinoyat qidiruv bo‘linmasi tezkor vakili etib tayinlangan. 2004-yildan tumanda profilaktika inspektori sifatida ishlagan. Xizmat faoliyati davomida bir necha bor rag‘batlantirilgan. Samimiy, bag‘rikeng bu inson bir qator yosh xodimlarga ustozlik qilgan. 2005-yil 12—13-may kunlari Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Alisher Ergashev (1970—2005)

Alisher Ergashev 1970-yil 28-oktabrda Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. 1987-yili Poytug‘ shahridagi 2-o‘rta maktabni tamomlagan. 1988—1990-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1996-yildan ichki ishlar organlarida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Ishdan ajralmagan holda Andijon davlat universitetida ta’lim olgan. 2003-yilning mart oyidan viloyat IIB Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tizimida muhim topshiriqlar bo‘yicha katta inspektor lavozimida xizmat qilgan. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Jasurbek Ergashev (1981—2005)

Jasurbek Ergashev 1981-yil 25-iyunda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. 1996-yilda o‘rta maktabning 9-sinfini tamomlagach, Xonobod shahridagi Texnika-iqtisodiyot kasb-hunar kollejida huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olgan. 2002-yili Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan. Jasurbek bolaligidan IIB xodimi bo‘lishni orzu qilardi. Shu bois 2003-yilda Andijon viloyati IIBga qarashli post-patrul xizmati batalyonining 3-otryadida inspektor-kinolog vazifasida faoliyat ko‘rsata boshlagan. 2005-yil 13-may kuni Andijonda sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta serjant Ma’rufjon Hakimov (1969—2005)

Ma’rufjon Hakimov 1969-yil 27-avgustda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tug‘ilgan. 1986-yilda tumandagi 14-o‘rta maktabni tamomlagan. 1987—1989-yilda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1992-yil fevral oyidan Andijon viloyati IIB 1-sonli turma nazoratchisi vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. 1996-yil aprel oyida katta nazoratchi vazifasiga o‘tkazilgan. Uning xizmatlari munosib taqdirlanib, rahbariyat tomonidan bir necha bor rag‘batlantirilgan. 2005-yil 12—13-may kunlari Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta serjant Ulug‘bek Hamroqulov (1967—2005)

Ulug‘bek Hamroqulov 1967-yil 10-iyulda Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 6-maktab hamda 29-kasb-hunar bilim yurtini tamomlagan. Harbiy xizmatdan so‘ng bir muddat bosmaxona va jamoa xo‘jaligida ishlagan. 1990-yildan Andijon viloyati IIBda xizmat qila boshlagan. 2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Mash’albek Hoshimov (1975—2005)

Mash’albek Hoshimov 1975-yil 5-oktabrda Andijon shahrida tug‘ilgan. 1992-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi 41-o‘rta maktabni tamomlagan. 1997-yili Andijon qishloq xo‘jaligi institutini bitirgach, Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan. 1999-yildan e’tiboran “Andijonmash” kompaniyasida muhandis-texnolog, Andijon shahar Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasida bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2002-yilda Andijon viloyati IIB shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘limiga ishga qabul qilingan. 2005-yil 12—13-may kunlari Andijon shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Andijondagi 2005-yildan boshqa yillarda yuz bergan teraktlarning qurbonlari

Polkovnik Bahodir Hoshimov (1950—2000)

Bahodir Hoshimov 1950-yil 10-noyabrda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ilgan. Harbiy xizmatdan so‘ng Toshkent avtomobil va yo‘llar institutida ta’lim olgan. 1977-yildan Andijon viloyati IIB DAN boshqarmasida inspektor vazifasida faoliyat ko‘rsata boshlagan. 1993—1997-yillarda Asaka shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari, 1997—1998-yillarda viloyat IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 1998—2000-yillarda viloyat IIB jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan. 2000-yil 21-avgustga o‘tar kechasi Poytug‘ shaharchasida bir guruh terrorchilarga qarshi kurash chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan.

Kapitan Baxtiyor Xolmirzayev (1967—2009)

Baxtiyor Xolmirzayev 1967-yil 23-yanvarda Andijon viloyatining Baliqchi tumani Chinobod qishlog‘ida tug‘ilgan. 1983-yili qishloqdagi 35-maktabni tamomlagan. 1986—1988-yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 1992-yili Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan. 1994-yilda Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori lavozimiga xizmatga qabul qilingan. 2009-yil 26-may kuni Andijon shahrida bir guruh terrorchilar tomonidan sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatining oldini olish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Diniy aqidaparastlarning qurbonlari

Kapitan Bahodir Matrizayev (1966—1999)

Bahodir Matrizayev 1966-yil Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida tug‘ilgan. 1986-yildan ichki ishlar organlarida xizmat qila boshlagan. 1998-yil 18-dekabrda Hazorasp temiryo‘l bekatida xizmat vazifasini bajarayotgan paytida diniy-eksteremistik oqim a’zolari tomonidan otib ketilgan. Oqibatda 1999-yil 4-yanvarda vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng Bahodir Matrizayev II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Podpolkovnik Hasan Asadov (1965—2009)

Hasan Asadov 1965-yil 24-dekabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1992-yilda Toshkent politexnika instituti, 2002-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 1995-yildan ichki ishlar organlarida faoliyatini boshlagan. 2006-yili IIV Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2009-yil 9-avgustga o‘tar kechasi uyida diniy-ekstremistik oqim a’zolari tomonidan otib o‘ldirilgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Serjant Begijon Atamov (1975—2004)

Begijon Atamov 1975-yilda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tug‘ilgan. 1999-yildan ichki ishlar organlarida xizmat qila boshlagan. 2004-yil 31-yanvar kuni ekstremistik guruh a’zolari bilan bo‘lgan to‘qnashuvda yarador bo‘lib, shifoxonada vafot etgan.

YTH qurbonlari

Kapitan Aslam Ro‘ziyev (1957—1994)

Aslam Ro‘ziyev 1957-yili Samarqand tumanida tug‘ilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1984-yili Toshkent shahar Yakkasaroy tumanining IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi kichik inspektori lavozimidan boshlagan. 1994-yil 27-avgust kuni tunda Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan berilgan operativ ma’lumotlarni tekshirish maqsadida ketayotganida jinoyatchi tomonidan qasddan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasida og‘ir jarohatlanib, shifoxonada vafot etgan.

Katta serjant Norboy Qo‘ziboyev (1958—1996)

Norboy Qo‘ziboyev 1958-yil 7-martda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Qoramozor qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, 1976—1978-yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 1982-yil Toshkent viloyati IIB Davlat avtomobil nazorati (DAN) bo‘limi yo‘l-patrul xizmati 3-maxsus divizioni inspektori vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. 1992-yil Bo‘stonliq tumani IIBning jamoat tartibini saqlash xizmatiga qarashli DAN bo‘linmasi yo‘l-patrul xizmati motorlashgan vzvodining yo‘l-patrul xizmati inspektori vazifasiga tayinlangan. 1996-yil 15-iyul kuni kechki payt G‘azalkent—Xo‘jand avtomobil yo‘lida sodir etilgan YTH izlarini saqlab qolish bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini olib borayotganda yuz bergan fojia oqibatida vafot etgan.

Serjant Botirali Boltaboyev (1966—1998)

Botirali Boltaboyev 1966-yil 23-avgustda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1983-yilda tumandagi 2-o‘rta maktabni tamomlagan. 1984—1986-yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 1992-yili Ohangaron tumani IIBga qarashli YPX guruhiga yo‘l-patrul xizmati inspektori vazifasiga qabul qilingan. 1998-yil 19-avgust kuni Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lida xizmat vazifasini bajarayotganda yuz bergan YTH tufayli voqea joyida vafot etgan.

Starshina Sharif Fayziyev (1959—1998)

Sharif Fayziyev 1959-yil 12-martda Samarqand shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagach, 1977—1981-yillarda Samarqand davlat pedagogika institutida tahsil olgan. 1990-yildan viloyat IIB tizimida xizmat qilgan. 1998-yil 8-aprelda Samarqand shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan paytida ko‘chada katta tezlikda kelayotgan avtotranport vositasini to‘xtatishga harakat qilganida, haydovchi unga bo‘ysunmay urib ketishi oqibatida vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan o‘t o‘chiruvchilar

Serjant Egamberdi Aliqulov (1963—2002)

Egamberdi Aliqulov 1963-yil 4-aprelda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan. Hamid Olimjon nomidagi 56-o‘rta maktabda hamda Sharhin shahridagi 188-hunar-texnika bilim yurtida o‘qigan. 1981—1983-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1985-yildan Samarqand viloyati IIB Yong‘indan saqlash boshqarmasi tizimida xizmat faoliyatini boshlagan. 2002-yil 27-avgust kuni yuz bergan yong‘inni bartaraf etish vaqtida vafot etgan.

Safdor Sunnat Karimjonov (1983—2004)

Sunnat Karimjonov 1983-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2003-yildan Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining Yakkasaroy tumani yong‘in xavfsizligi otryadi yong‘in o‘chiruvchisi vazifasida xizmat qila boshlagan. 2004-yil 10-oktabr kuni Toshkentda “Go‘sht-sut savdo” kompaniyasi omborxonasidagi muzlatgich kamerasida yuz bergan bergan yong‘inni bartaraf etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezidentning 2005-yil 12-yanvardagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Abdumutalib Qodirberdiyev (1972—2006)

Abdumutalib Qodirberdiyev 1972-yil 5-aprelda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan. 1996-yil avgust oyida Sirdaryo viloyati IIB yong‘indan saqlash bo‘limining yirik yong‘inlarni o‘chirish tayanch-maskani 5-mustaqil harbiylashtirilgan o‘t o‘chirish qismida xizmat qila boshlagan. 2001-yil avgust oyidan Yangiyer shahar IIBda navbatchilik qismining smena boshlig‘i, 2004-yil yanvar oyidan Yangiyer shahrini yong‘indan muhofaza qiluvchi 5-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi navbatchilik smenalari smena boshlig‘i lavozimlarida xizmat qilgan. 2006-yili xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan.

Serjant Baxtiyor Qulnazarov (1975—2008)

Baxtiyor Qulnazarov 1975-yil 28-aprelda Navoiy viloyatining Navbahor tumanida tug‘ilgan. 1992-yili tumandagi 14-maktabni tugatgan. 1993—1995-yillarda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan. 1995-yildan Navoiy shahar IIB yong‘in xavfsizligi xizmatida yong‘in o‘chiruvchi sifatida xizmat faoliyatini boshlagan. 2008-yili xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Safdor Dilshod Yoqubov (1983—2015)

Dilshod Yoqubov 1983-yilda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug‘ilgan. 2009-yildan ichki ishlar organlarida xizmat qila boshlagan. 2015-yili yong‘inni o‘chirish paytida vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Safdor Alibek Shodmonov (1990—2017)

Alibek Shodmonov 1990-yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, Kattaqo‘rg‘on iqtisodiyot kasb-hunar kollejida ta’lim olgan. 2010-yildan yong‘in xavfsizligi xizmatida xizmat qila boshlagan. Viloyat miqyosida yong‘inning oldini olish, uni o‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda faol ishtirok etgan. Korxona va tashkilotlarda, xonadonlarda yuzaga kelgan yong‘inlarni bartaraf etishda o‘zining bilim va tajribasini ishga solib, namuna ko‘rsatgan. Vafoti arafasida Kattaqo‘rg‘on shahar 6-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi yong‘inni o‘chirish ekipajining katta o‘t o‘chiruvchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2017-yil 20-dekabrga o‘tar kechasi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan.

Xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlar

Katta serjant Mashrab Mo‘minov (1949—1990)

Mashrab Mo‘minov 1949-yil 18-yanvarda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1966-yili tumandagi 51-maktabni tamomlagan. 1967—1969-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1970-yili ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilingan. 1990-yilda bir guruh bezorilarni qo‘lga olish vaqtida og‘ir yaralanib, vafot etgan. Vafotidan so‘ng “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Kichik serjant Sattorqul Xolmatov (1955—1990)

Sattorqul Xolmatov 1955-yil 4-fevral kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tug‘ilgan. 1972-yili Bekobod tumanidagi 21-o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan. 1973—1975-yillarda Toshkent viloyati hududida joylashgan harbiy qismlardan birida harbiy xizmatni o‘tagan. 1983-yildan Sirdaryo viloyatining Shirin shahar IIBga qarashli qo‘riqlash bo‘linmasida militsioner vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. 1990-yilning oktabr oyida xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan.

Kapitan Mirahmad Yusupov (1959—1990)

Kapitan Mirahmad Yusupov 1959-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1980-yilda Toshkent shahar IIB sanitariya rotasi militsioneri vazifasidan boshlagan. 1990-yilda Toshkent shahridagi “Chorsu” mehmonxonasi yonida jinoyatchini qo‘lga olish vaqtida yetkazilgan tan jarohati oqibatida vafot etgan.

Katta leytenant Ismatillo Obidov (1961—1991)

Ismatillo Obidov 1961-yil 2-aprelda Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi Mulkiayoz qishlog‘ida tug‘ilgan. 1981—1983-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1980-yilda Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetining kechki bo‘limiga o‘qishga kirgan. 1980-yildan viloyat IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tizimida turli lavozimlarda xizmat qilgan. “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 1991-yil 18-avgust kuni qurollangan jinoyatchini qo‘lga olish paytida halok bo‘lgan.

Kichik serjant Nabijon Aydusov (1963—1992)

Nabijon Aydusov 1963-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Olmazor tumanidagi 24-o‘rta maktabni tamomlagan. 1990-yili Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB post-patrul xizmati rotasi militisioneri vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. 1991-yildan Toshkent shahar IIB tezkor harakat polkining militsioneri, keyinchalik Shayxontohur tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili vazifalarida xizmat qilgan. 1992-yili 7-aprel kuni jinoyatchi tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida vafot etgan.

Mayor Rahmatjon Mirtojiyev (1951—1992)

Rahmatjon Mirtojiyev 1951-yil 10-fevralda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. 1978-yildan ichki ishlar idoralarida xizmat qila boshlagan. 1992-yil 29-fevralda qurollangan jinoyatchini qo‘lga olish paytida og‘ir yaralanib, halok bo‘lgan.

Kapitan Abdurashid Nazarov (1958—1992)

Abdurashid Nazarov 1958-yil 20-sentabrda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. 1976-yili Shahrisabz tumanidagi 69-sonli o‘rta maktabni tamomlagan. 1976—1978-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1985-yili Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy militsiya maktabini tamomlab, Qashqadaryo viloyati IIBda xizmat faoliyatini boshlagan. 1992-yil 26-martida uyiga bostirib kirgan qurollangan jinoyatchilar bilan olishuv paytida halok bo‘lgan. Abdurashid Nazarov vafotidan so‘ng Prezident farmoni bilan II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Murodjon Erkaboyev (1963—1992)

Murodjon Erkaboyev 1963-yil Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 26-o‘rta maktabni tamomlagach, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida haydovchilik kursida o‘qigan. Harbiy xizmatni tamomlab kelgach, tumandagi qurilish tashkilotida usta bo‘lib ishladi. 1985-yili Toshkent shahar IIBB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi militisioneri vazifasiga qabul qilindi. 1992-yili xizmat vazifasini o‘tayotgan paytida fuqarolardan biri tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida vafot etgan.

Mayor Esonboy Payg‘ambarov (1957—1994)

Esonboy Payg‘ambarov 1957-yil 22-sentabrda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1975—1977-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1980-yili o‘rta-maxsus militsiya maktabini tamomlagan. 1985—1992-yillarda viloyatning bir qator tumanlarida militsiya tezkor vakili va katta tezkor vakili lavozimlarida xizmat qilgan. 1992-yildan umrining oxiriga qadar Norin tumani IIBga qarashli jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 1994-yili xavfli retsedivistni qo‘lga olish paytida yaralanib, vafot etgan. Prezident farmoniga binoan Esonboy Payg‘ambarov vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kapitan Alijon Tolipov (1960—1996)

Alijon Tolipov 1960-yilda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan. Ichki ishlar idoralaridagi xizmat faoliyatini 1987-yilda Toshkent shahar Yunusobod tuman IIBning jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili lavozimidan boshlagan. 1996-yil 12-sentabr kuni xavfli jinoyatchini qo‘lga olish chog‘ida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jarohat olishi oqibatida vafot etgan. Alijon Tolipov vafotidan so‘ng, 1997-yilda Prezident farmoniga binoan “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Muxtorjon Murodov (1966—1995)

Muxtorjon Murodov 1966-yil 5-sentabrda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1989-yili o‘rta-maxsus militsiya maktabini tamomlagan. Shundan so‘ng Namangan shahar IIBning jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili lavozimida xizmat qilgan. 1995-yili 10-iyun kuni Namangan shahrida o‘ta xavfli jinoyatchini qo‘lga olish chog‘ida og‘ir yaralanib, vafot etgan. Muxtorjon Murodov vafotidan so‘ng Prezident farmoniga binoan “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Jumanazar Rajabov (1962—1995)

Jumanazar Rajabov 1962-yili Xorazm viloyatining Urganch tumanida tug‘ilgan. 1987-yildan ichki ishlar idoralarida xizmat qila boshlagan. 1995-yili xizmat vazifasini bajarayotganida jinoyatchi tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida halok bo‘lgan. Jumanazar Rajabov vafotidan so‘ng Prezidentning 1995-yil 9-noyabrdagi farmoniga binoan, “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Qutlimurod Ro‘zmetov (1953—1995)

Qutlimurod Ro‘zmetov 1953-yili Xorazm viloyatining Urganch tumanida tug‘ilgan. 1981-yildan ichki ishlar organlarida xizmat qila boshlagan. 1995-yil jinoyatchilar bilan yuz bergan to‘qnashuv paytida og‘ir yaralanish oqibatida halok bo‘lgan. Qutlimurod Ro‘zmetov Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Katta leytenant Baxtiyor Mullabekov (1970—1996)

Baxtiyor Mullabekov 1970-yili 25-iyunda Samarqand shahrida tavallud topgan. 1986-yilda shahardagi 63-o‘rta maktabni tamomlagan. 1987—1989-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1993-yili IIV akademiyasini tamomlab, Samarqand viloyati IIB kadrlar bo‘limida xizmat faoliyatini boshlagan. 1996-yil 1-yanvarda Samarqand shahrining So‘g‘diyona dahasida bir guruh tartibbuzarlarni tartibga chaqirish chog‘ida jinoyatchilar tomonidan yetkazilgan og‘ir jarohat oqibatida vafot etgan.

Kapitan Nail Valiulin (1949—1997)

Nail Valiulin 1949-yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan. 1976—1979-yillarda militsiya maktabida o‘qigan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1979-yili Toshkent shahar Shahyxontohur tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limida profilaktika inspektori vazifasidan boshlagan. 1997-yil 2-dekabr kuni bir guruh qurollangan jinoyatchilar bilan olishuv paytida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezidentning 1998-yil 13-yanvardagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Safdor Jo‘rabek Ochilov (1977—1998)

Jo‘rabek Ochilov 1977-yil 17-noyabrda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 18-sonli o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan. 1996—1997-yillarda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan. 1997-yildan Navoiy viloyati ichki ishlar organlari safida xizmat qila boshlagan. 1998-yil 12-avgustda to‘rt nafar tartibbuzar shaxs bilan olishuv paytida og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan. U Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Mayor Fayzullo Umarov (1968—1998)

Fayzullo Umarov 1968-yil 2-iyulda Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi Yalang‘och qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968-yili Alisher Navoiy nomidagi 82-umumta’lim maktabini tamomlagan. 1979—1984-yillarda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutida tahsil olgan. 1990-yildan ichki ishlar organlari safida xizmat qila boshlagan. Faoliyati davomida Jizzax shahar IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limida vzvod komandiri vazifasidan shahar DAN bo‘linmasi yo‘l harakatini tashkil etish guruhi muhandisi vazifasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 1998-yilda bir guruh tartibbuzar kimsalar bilan olishuv vaqtida olingan og‘ir jarohati oqibatida vafot etgan.

Serjant Omiljon Muhammedov (1973—1999)

Omiljon Muhammedov 1973-yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1993-yilda Toshkent shahar IIBB patrul-post xizmati polki 3-rota militsioneri vazifasidan boshlagan. 1999-yili bir guruh uyushgan jinoyatchilar bilan olishuv paytida mardlarcha halok bo‘lgan.

Kapitan Botir Rizayev (1970—1999)

Botir Rizayev 1970-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Toshkent tumanining Keles shaharchasidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabni tamomlagan. 1988—1990-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1992-yildan Toshkent shahar IIBB patrul-post polkining 7-rotasi militsioneri vazifasida xizmat qila boshlagan. 1999-yilda bir guruh uyushgan xavfli jinoyatchilar bilan olishuv paytida mardlarcha halok bo‘lgan.

Mayor Amangeldi Qayumov (1962—2000)

Amangeldi Qayumov 1962-yil 1-iyulda Toshkent tumanida tug‘ilgan. 1979-yilda tumandagi 34-maktabni tamomlagan. 1981—1983-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. O‘sha yili IIV Oliy maktabi tinglovchilari safiga qabul qilingan. Oliy maktabni tamomlagach, sohada turli lavozimlarda samarali xizmat qilgan. 1997-yil Olmaliq shahar IIBning qidiruv militsiya xizmati jinoyat qidiruv bo‘linmasi tezkor vakili etib tayinlangan. 2000-yil 23-yanvar kuni jinoyat ishida gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga olish vaqtida og‘ir jarohat olib vafot etgan.

Leytenant Vohid Otamuhammedov (1974—2000)

Vohid Otamuhammedov 1974-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996-yil Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini tamomlagan. 1999-yil Toshkent shahar IIBBga qarashli o‘quv markazida ta’lim olgach, Uchtepa tumani IIBda profilaktika inspektori lavozimida faoliyat ko‘rsata boshlagan. 2000-yil 23-yanvar kuni xizmat paytida jinoyatchi tomonidan o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Leytenant Ahmad Qurbonov (1975—2001)

Ahmad Qurbonov 1975-yil 5-oktabrda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. 1992-yilda Oltinsoy tumanidagi 16-o‘rta maktabni tamomlagan. 1994—1995-yillarda Farg‘ona shahridagi harbiy qismda xizmat qilgan. 2000-yilda IIV akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, Surxondaryo viloyati IIB tizimida xizmat faoliyatini boshlagan. 2001-yil 23-yanvar kuni Denov tumanida bir guruh o‘ta xavfli jinoyatchilarni qo‘lga olish chog‘ida og‘ir yarador bo‘lgan va oradan bir kun o‘tib, shifoxonada vafot etgan.

Kapitan Mahmud Abdullayev (1963—2002)

Mahmud Abdullayev 1963-yil 19-yanvarda Olmaliq shahrida tug‘ilgan. 1980-yilda Olmaliqdagi 19-maktabni tamomlagan. 1981—1983-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 1983-yildan Olmaliq shahar IIBning patrul-post xizmati rota militsioneri lavozimida xizmat vazifasini boshlagan. Shundan so‘ng ko‘p yillar davomida Olmaliq shahri va Piskent tumani IIBlarda mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. 2001-yilning avgust oyida Piskent tumani IIBning huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limining militsiya tayanch punkti profilaktika inspektori etib tayinlangan. 2002-yil 2-aprel kuni Olmaliq shahrining Metallurg ko‘chasida noma’lum jinoyatchi tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Azamat Boltaboyev (1975—2002)

Azamat Boltaboyev 1975-yilda tug‘ilgan. 1999—2002-yillarda ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. 2002-yil 4-mart kuni xizmat faoliyatini olib borayotganda xavfli jinoyatchilar bilan bo‘lgan olishuvda tan jarohati olishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Prezidentning 2002-yil 27-avgustdagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Leytenant Ilhom Islomov (1982—2002)

Ilhom Islomov 1982-yil 3-aprelda Toshkent tumanida tug‘ilgan. 2002-yili IIVning Yong‘in xavfsizligi insitutini tamomlagan. Shundan so‘ng Toshkent viloyati IIB “Qodiriya” suv inshootini qo‘riqlash bo‘yicha alohida militsiya batalyonida vzvod komandiri lavozimiga tayinlangan. 2002-yil 25-dekabr kuni militsiya leytenanti Ilhom Islomov “Qodiriya” suv inshootidagi noyob uskunalarni o‘g‘irlashga harakat qilgan xavfli jinoyatchilarga qarshi kurash paytida fojiali tarzda halok bo‘lgan.

Kapitan Faxri Muinov (1965—2002)

Faxri Muinov 1965-yil 14-yanvarda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1982-yilda shahardagi 28-umumta’lim maktabini tamomlagan. 1984—1986-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1987-yilda Rossiyaning Ufa shahridagi ichki ishlar idoralari xodimlarini tayyorlash maktabini huquqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1991-yilda Yunusobod tumani 2-son IIBda jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Keyinchalik xizmat faoliyatini Samarqand viloyati IIBda davom ettirib, Siyob tumani IIB jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limida bo‘linma boshlig‘i vazifasiga tayinlangan. 2002-yilda navbatdagi tezkor tadbirni amalga oshirish chog‘ida jarohat olib, vafot etgan.

Katta serjant Qidirbek Nishonov (1975—2002)

Qidirbek Nishonov 1975-yilda Bo‘ka tumanida tug‘ilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1996-yil Mirobod tumani IIBga qarashli sanitariya bo‘linmasi militsioneri vazifasidan boshlagan. 2002-yil 4-mart kuni xizmat faoliyatini olib borayotganda xavfli jinoyatchilar bilan yuz bergan olishuvda tan jarohati olishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Leytenant Saparbay Ismoilov (1975—2003)

[telegram_embed_post link="https://t.me/iivuz/39211

Saparbay Ismoilov 1975-yil 3-sentabrda Qoraqalpog‘isonning Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1992-yil Bo‘zatuv tumanidagi 11-maktabni tamomlagach, Nukus tibbiyot bilim yurtida tahsil olgan. 1997—2001-yillarda IIV akademiyasida o‘qigan. 2001-yili Kegeyli tumani IIB jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmasining tezkor vakili vazifasida faoliyat boshlagan. 2003-yil 1-fevral kuni xavfli jinoyatchilar bilan olishuvda og‘ir tan jarohati olishi oqibatida vafot etgan.

Katta leytenant Qo‘palboy Otajonov (1968—2003)

Qo‘palboy Otajonov 1968-yili Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug‘ilgan. Toshkent avtomobil va yo‘llar insitutida tahsil olgan. 1995-yildan ichki ishlar idoralarida xizmat qila boshlagan. 2003-yili jinoyatchi tomonidan otilgan o‘qdan yaralanib, vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Ahilbek Saydullayev (1972—2003)

Ahilbek Saydullayev 1972-yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1995-yilda Yunusobod tumani IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi militsiya rotasi militsioneri vazifasidan boshlagan. 2003-yil 6-fevral kuni xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jinoyatchilar tomonidan yetkazilgan jarohat oqibatida vafot etgan.

Kapitan Qudratilla Xolmatov (1976—2003)

Qudratilla Xolmatov 1976-yil 25-iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1997-yili IIV akademiyasini tamomlab, Zangiota tumani IIBning hisobga olish, qayd qilish va statistika ishlari guruhi inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. Keyinchalik xizmat faoliyatini jinoyat qidiruv yo‘nalishida davom ettirgan. 2002-yilda Toshkent viloyati IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi fuqarolarning hayoti va salomatligiga qarshi qaratilgan jinoyatlar bilan kurashish bo‘limining tezkor vakili lavozimiga tayinlangan. 2003-yil 30-mart kuni vahshiyona qotillikni sodir etishda gumonlangan shaxsni qo‘lga olish paytida jinoyatchi otgan o‘qdan yaralanib halok bo‘lgan. Kapitan Xolmatov faoliyati davomida jinoyatchilikka qarshi keskin kurash olib borib, hamkasblari va jamoatchilik orasida katta hurmat-e’tibor qozongan edi.

Katta leytenant Muhiddin Omonov (1973—2004)

Muhiddin Omonov 1973-yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan. 2000-yildan ichki ishlar organlarida xizmat qila boshlagan. 2004-yil 29-mart kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hududida qurollangan jinoyatchilarga qarshi kurashish chog‘ida og‘ir yaralanib, voqea joyida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Kichik leytenant Aliqul Safarov (1968—2004)

Aliqul Safarov 1968-yilda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. 1994-yilda Toshkent shahridagi iqtisod-buxgalteriya texnikumini tamomlagan. 1995-yil yanvar oyida ichki ishlar organlari safiga qabul qilingan. 2001-yilda Sho‘rchi tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi militsiya tayanch punkti profilaktika inspektori vazifasiga tayinlangan. 2004-yil 16-iyulda xavfli jinoyatchini qo‘lga olish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan.

Katta leytenant Mansur Turg‘unov (1969—2004)

Mansur Turg‘unov 1969-yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 1990-yilda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limida rota militsioneri sifatida xizmat faoliyatini boshlagan. 2004-yilning 29-mart kuni qurollangan jinoyatchilarga qarshi kurashish chog‘ida og‘ir yaralanib, voqea chog‘ida halok bo‘lgan. Prezidentning 2004-yil 30-apreldagi farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Otabek Quvvatov (1978—2004)

Otabek Quvvatov 1978-yilda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tug‘ilgan. 1999—2000-yillarda Toshkent shahar IIBBga qarashli o‘quv markazida tahsil olgan. 2000-yilda Toshkent shahar IIBB konvoylik xizmatiga qarashli alohida militsiya batalyonining militsioneri vazifasidan xizmat faoliyatini boshlagan. 2004-yili jinoyatchilarga qarshi kurashish chog‘ida vafot etgan. Prezidentning 2004-yil 26-apreldagi farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Leytenant Nizomjon Nishonboyev (1977—2005)

Nizomjon Nishonboyev 1977-yil 24-aprelda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan. 1994-yili Shirmonbuloq qishlog‘idagi 21-o‘rta maktabni tamomlagan. 2001-yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini tamomlab, bir muddat Buloqboshi tumani Bakir Rajabov nomidagi shirkat xo‘jaligiga qarashli avtokorxonada faoliyat ko‘rsatgan. 2002-yilda ichki ishlar idoralariga qabul qilingan. U Farg‘ona viloyati IIBning o‘quv markazida tinglovchi sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. 2003—2005-yillari Xo‘jaobod tumani ichki ishlar bo‘limida profilaktika inspektori vazifasida xizmat qilgan. 2005-yil 6-iyul kuni xizmat vazifasini bajarayotgan paytda jinoyatchilar tomonidan suiqasd qilinishi oqibatida mardlarcha vafot etgan.

Leytenant Davlatjon Qosimov (1984—2005)

Davlatjon Qosimov 1984-yil 6-fevralda Qozog‘istonning Turkiston shahrida tug‘ilgan. Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 34-maktabda tahsil olgan. 2005-yilda IIV akademiyasini tamomlab, yo‘l-patrul xizmati katta inspektori lavozimida xizmat qila boshlagan. O‘sha yili xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha vafot etgan.

Leytenant Oybek Nishonov (1980—2006)

Oybek Nishonov 1980-yil 20-yanvar kuni Tojikistonning Zafarobod tumanida tug‘ilgan. 2004-yil Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini tamomlagan. O‘sha yili ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilingan. Keyinchalik Sirdaryo viloyati IIB ekspert-kriminalistika bo‘limiga bevosita bo‘ysinuvchi 2-sonli tumanlararo ekspertiza va kriminalistika bo‘linmasi eksperti vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 2006-yili xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan.

Katta leytenant Ne’matjon Rahimov (1960—2006)

Ne’matjon Rahimov 1960-yil 12-sentabrda Namangan viloyatining Pop tumanida tug‘ilgan. 1979—1981-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1981-yildan ichki ishlar idoralarida xizmat qila boshlagan. 2006-yil 30-may kuni xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida jinoyatchi tomonidan yetkazilgan tan jarohati oqibatida halok bo‘lgan.

Mayor Yoqubjon A’zamov (1980—2010)

Yoqubjon A’zamov 1980-yil 7-mayda Toshkent tumanida tug‘ilgan. 1997—2001-yillarda IIVga qarashli Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtida ta’lim olgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2001-yil Toshkent viloyati IIB aloqa bo‘limining muhandisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik ekpert-kriminalistika, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyat qidiruv yo‘nalishida xizmat faoliyatini davom ettirgan. 2010-yilda Yangiyo‘l shahar IIBning jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limiga qarashli fuqarolarning hayoti va salomatligiga qarshi qaratilgan jinoyatlar bilan kurashish bo‘linmasining boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2010-yil 10-oktabr kuni xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida jinoyatchilar tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Leytenant Oybek To‘raqulov (1982—2010)

Oybek To‘raqulov 1982-yil 28-iyulda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ilgan. 1999-yili shahardagi 57-umumta’lim maktabini tamomlagan. 2002—2006-yillarda Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtida tahsil olgan. Asaka tumani IIB tizimida voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish inspektori lavozimiga tayinlangan. 2008—2010-yillarda Asaka shahar IIBda profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan. 2010-yilda Paxtaobod tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘linmasi militsiya tayanch-punktlari profilaktika inspektori lavozimida xizmat vazifasini bajarayotgan paytida noma’lum shaxs tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida kasalxonada vafot etgan.

Serjant Suhrobbek Qulmurodov (1981—2010)

Suhrobbek Qulmurodov 1981-yil 1-sentabrda Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumani To‘qboy qishlog‘ida tug‘ilgan. 1987—1997-yillarda qishloqdagi 25-maktabda tahsil olgan. 1999—2000-yillarda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan. So‘ng Samarqand viloyat IIB kinologiya bo‘limida xizmat boshlagan. Keyinchalik viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida faoliyatini davom ettirgan. 2010-yilda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan.

Mayor Botir Bulanxo‘jayev (1968—2011)

Botir Bulanxo‘jayev 1968-yil 27-avgustda Qibray tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, hunar-texnika bilim yurtida hamda Toshkent o‘rta-maxsus militsiya maktabida tahsil olgan. 1986—1988-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1989-yili Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi “Qibray” va “Qodiriya” suv inshootlarini qo‘riqlash bo‘yicha alohida militsiya rotasining militsioneri vazifasida xizmatga qabul qilingan. 2010-yil xizmat vazifasini bajarish paytida jinoyatchilar bilan yuz bergan olishuvda vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Salimjon Jumayev (1980—2011)

Salimjon Jumayev 1980-yil 1-yanvarda Navoiy viloyatining Karmana tumanida tug‘ilgan. 1997-yili tumandagi 16-maktabni tamomlagan. Navoiy shahridagi harbiy qismlardan birida harbiy xizmatni o‘tagan. 2001-yildan Navoiy shahar IIBga qarashli qo‘riqlash bo‘limida xizmat qila boshlagan. 2008-yili Navoiy viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining yo‘l-patrul xizmati inspektori etib tayinlangan. 2011-yil 11-oktabr kuni xizmat burchini bajarayotgan paytida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Leytenant Jamoliddin Cho‘lboyev (1986—2011)

Jamoliddin Cho‘lboyev 1986-yil 6-noyabrda Jizzax tumanida tug‘ilgan. 2004-yil 12-maktabni tamomlab, IIV akademiyasi tinglovchilari safiga qabul qilingan. 2008-yil iyul oyida o‘qishni tamomlab, Jizzax shahar IIB tizimida profilaktika inspektori etib tayinlangan. 2010-yilning dekabr oyidan umrining so‘ngiga qadar Yangiobod tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish guruhi militsiya tayanch punkti profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan. 2011-yilning 12-mart kuni mast holda bo‘lgan bezorilar bilan olishuv paytida jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Og‘ir tan jarohati oqibatida 19-mart kuni vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Yoqubjon Qodirov (1980—2011)

Yoqubjon Qodirov 1980-yil 24-martda Namangan viloyatining Norin tumanida tug‘ilgan. 1998—1999-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. 2002-yili Namangan viloyati IIBning o‘quv markazida tahsil olgan. 2004-yildan ichki ishlar sohasida xizmat qila boshlagan. 2005-yili Namangan shahar IIBning jamoat tartibini saqlash bo‘limi ma’muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni konvoy etish militsiya bo‘limi militsioneri vazifasiga tayinlangan. 2011-yil 3-iyun kuni muqaddam sudlangan fuqaro tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida halok bo‘lgan.

Serjant Adilbek Sultanov (1977—2012)

Adilbek Sultanov 1977-yil 18-aprelda Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida tug‘ilgan. 1994-yilda tumandagi 2-maktabni tamomlagan. 1995—1996-yillarda Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan. 1999-yili Ellikqal’a tumani IIBga qarashli post-patrul xizmati rotasida faoliyatini boshlab, umrining oxirigacha ichki ishlar organlarida turli vazifalarda samarali xizmat qilgan. 2012-yil 6-mayda xizmat vazifasini bajarayotgan paytida jarohat olgan va shifoxonaga yotqizilgan. 9-may kuni vafot etgan.

Safdor Otabek Ma’rupov (1986—2013)

Otabek Ma’rupov 1986-yil 6-mart kuni Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi Laylakuya qishlog‘ida tug‘ilgan. Tumandagi 17-maktab hamda kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejini davlat avtomobil nazorati yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2011-yili Farg‘ona viloyati IIB Post-patrul xizmati boshqarmasiga qarshli jamoat tartibini saqlash bo‘limiga ishga qabul qilingan. 2013-yil 11-may kuni xizmat vazifasini bajarayotgan paytida halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Serjant Abdurashid Umrzoqov (1979—2013)

Abdurashid Umrzoqov 1979-yil 17-noyabrda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1997-yil tumandagi 5-maktabni tamomlagan. 2000-yildan viloyat IIBga qarashli post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash bo‘limida militsioner-kinolog vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 2013-yil 26-noyabr kuni xavfli jinoyatchi bilan yuz bergan olishuvda halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Kichik serjant Jo‘ramurod Qodirov (1982—2013)

Jo‘ramurod Qodirov 1982-yil 15-noyabrda Samarqand viloyatining Urgut tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. 2000-yili maktabni tamomlagan. 2001—2002-yillarda armiya safida xizmat qilgan. 2002-yilda Toshkent shahar IIBBga ishga qabul qilingan. 2010-yildan xizmatni Samarqand viloyati IIBda davom ettirgan. 2013-yil 29-iyun kuni “Qoraqo‘ton” tog‘li kon hududida xizmat vazifasini bajarayotganida tabiiy boyliklarni talon-toroj qilishga qasd qilgan kimsalar bilan yuz bergan olishuv paytida og‘ir tan jarohati olishi oqibatida vafot etgan.

Leytenant Isomiddin Yodgorov (1987—2014)

Isomiddin Yodgorov 1987-yil 2-iyunda Jizzax tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 15-maktabni tamomlagach, Jizzax davlat pedagogika institutida pedagogika-psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. So‘ng Jizzax tumani IIBda profilaktika inspektori vazifasida ish boshlagan. 2014-yil 14-oktabr kuni xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan.

Kichik serjant Bahodir Mirzayev (1990—2017)

Bahodir Mirzayev 1990-yil 22-aprelda Angren shahrida tug‘ilgan. Shahardagi 8-maktab va Pedagogika kasb-hunar kollejida tahsil olgan. 2010-yil Toshkent shahrida harbiy xizmatni o‘tagan. 2011-yilda Toshkent viloyati IIBning Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga bevosita bo‘ysinuvchi post-patrul xizmati batalyonida xizmat faoliyatini boshlagan. 2012—2013-yillarda IIV Serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida tahsil olgan. 2014-yilda Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB avtotransport vositalari texnik holati, ulardan foydalanish qoidalarini va me’yorlariga amal qilishni nazorat etish bo‘linmasining ma’muriy huquqbuzarliklar materiallarini ko‘rib chiqish bo‘yicha katta inspektori lavozimiga tayinlangan. 2017-yil 19-may kuni tunda xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda vafot etgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Leytenant Doniyor Ortiqov (1988—2017)

Doniyor Ortiqov 1988-yil 13-martda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 54-maktabni tamomlab, Farg‘ona davlat universitetida tahsil olgan. 2014-yildan Oltiariq tumani IIBning huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasida ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. 2017-yil 14-avgust kuni xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida xavfli jinoyatchi tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazilishi oqibatida mardlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga binoan vafotidan so‘ng “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan.