Chilonzor tumani hokimining o‘zgargani o‘tgan haftaning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Shu vaqtgacha Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shavkat Mavlonov 2018-yil oktabridan Chilonzor hokimligiga rahbarlik qilgan Sarvar Mahametovning o‘rnini egalladi. Bu haqda hafta o‘rtasida (16-iyun kuni), (jamoatchilik nazdida) hech bir tadbir-tadoriksiz, go‘yoki kutilmaganda e’lon qilindi. Ayni vaqtda, Chilonzorga kuch ishlatar tizimdan hokim tayinlanishi tumandagi kechiktirib bo‘lmas masalalar yig‘ilib qolgani va uni “professional tuman hokimlari” hal qila olmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin — gap qanday masalalar haqida ketayotganini esa Chilonzorga shundoqqina qo‘shni Uchtepa tumani aholisi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga yo‘llagan ochiq murojaatidan anglash mumkindek.

Sarvar Mahametov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sarvar Toshmatovich “professional tuman hokimlari” guruhiga mansublardan edi. U Chilonzorga hokim bo‘lguniga qadar ikki yil (2016—2018-yillarda) Yakkasaroy tumaniga rahbarlik qilgan, undan avval esa salkam olti yil (2010—2016-yillarda) Bektemir tumanini boshqargan. “Daryo” manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Mahametov “hozirda sog‘lig‘ini tiklamoqda”, faoliyatini qayerda davom ettirishi esa yaqin vaqt ichida ma’lum bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham, uning ishdan olinishini, aslida, ko‘p ham kutilmagan voqea deb bo‘lmaydi — prezident Mirziyoyev uni 2021-yil boshidayoq ishdan haydamoqchi bo‘lgan. “Lekin u yolvorib, topshiriqlarni uch oy ichida bajara olishini aytdi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni Yunusobodda bo‘lgan faollar uchrashuvida (xuddi o‘sha uchrashuvda prezident poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga Chilonzor hokimini maqtagani va unga “advokatlik” qilganini qoralagan).

Aftidan, topshiriqlar oradan uch emas, besh oy o‘tsa ham ko‘ngildagidek bajarilmagan, shu bois Sarvar Mahametov endi vaqtincha ishsiz (ehtimol, bu uning tumanlarga hokimlik qilish bo‘yicha marafonidagi qisqa muddatli tanaffusdir bor-yo‘g‘i). Ammo uning Chilonzordagi hokimlik davrida yodda qolarli bir voqea bor baribir. Lekin u sobiq hokimning Yunusoboddagi uyi bilan bog‘liq.

“Chilonzor hokimining uyiga o‘g‘ri tushdi!”

2018-yil dekabrining o‘rtalarida shunday xabar tarqaldi — 5-dekabr kuni Chilonzor hokimining uyida yirik o‘g‘rilik amalga oshirilgan, uch kishi katta miqdordagi zargarlik buyumlari va pulni o‘g‘irlab ketgan. Hodisa yuzasidan Yunusobod tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 7-dekabr kuni gumonlanuvchilar — ikki erkak va bir ayol qo‘lga olingan, oradan ikki kun o‘tib ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 2019-yil 5-aprelida jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan o‘g‘rilikni sodir etishda aybdor deb topilgan M.M. va K.G. 8 yilga, G.R. (ayol kishi, to‘rt bolaning onasi) esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Oliy sud axborot xizmatidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, M.M. (muqaddam bir marta sudlangan), K.G. (muqaddam to‘rt marta sudlangan) va G.R. (muqaddam sudlanmagan) o‘zaro til biriktirib, hokimning rafiqasi D.M. va boshqalarni olti oy davomida kuzatgan. G.R. Chilonzor hokimining rafiqasi bilan bir joyda — Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida ishlagan. Aynan u K.G.ga hokimning rafiqasiga tegishli sumkadan uning uyi kalitlarini olib, nusxa ko‘chirgan. O‘g‘rilik sodir etilishidan avval hokimning uyi bir necha kun kuzatilib, o‘rganilgan — uyning orqa tomonidagi kirish eshigiga kuzatuv kameralari o‘rnatilmagani aniqlangach, 5-dekabr kuni M.M. uyga nusxa ko‘chirilgan kalitlar bilan kirib, taqinchoqlar va pullarni o‘g‘irlab chiqqan.

Huquq-tartibot organlaridagi manbaning ma’lum qilishicha, Chilonzor hokimining uyida o‘g‘irlik bo‘lgan kuni uning rafiqasi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, uyidan 102 ming dollar va 140 million so‘mlik qimmatbaho zargarlik buyumlari yo‘qolgani haqida xabar bergan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, 118,85 million so‘mlik qimmatbaho buyumlar va 102 ming dollar (Markaziy bankning 2018-yil 5-dekabrdagi kursi bo‘yicha 848,11 million so‘m) — jami 966,96 million so‘mlik qimmatliklar o‘g‘irlangani tasdiqlangan.

Hokimning uyidan o‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlar orasida, jumladan,

  • 8,3 million so‘mlik bir juft ko‘k ko‘zli ayollar tilla ziragi va bir dona ayollar tilla uzugi;
  • 3,3 million so‘mlik tilla kuloni bilan birga bir juft ayollar tilla ziragi va bir dona ayollar tilla uzugi;
  • 1,5 million so‘mlik bir juft brilliant ko‘zli ayollar tilla ziragi va bir dona ayollar tilla uzugi;
  • 2,5 million so‘mlik ikki dona erkak hamda ayollarga tegishli tilla uzuklar;
  • 16 million so‘mlik bir dona ayollar tilla bilaguzugi, bir juft qora rangli marvarid ko‘zli ayollar tilla ziragi va bir dona ayollar tilla uzugi;
  • 1 million so‘mlik bir dona pushti rangli marvarid ko‘zli ayollar tilla ziragi;
  • 1,5 million so‘mlik bir dona ayollar tilla zanjiri;
  • 800 ming so‘mlik bir dona ayollar tilla kuloni,
  • 5,5 million so‘mlik bir juft ayollar tilla ziragi, bir dona ayollar tilla uzugi va bir dona ayollar tilla bilaguzugi;
  • 5,5 million so‘mlik bir juft yashil ko‘zli ayollar tilla ziragi, bir dona ayollar tilla uzugi va bir dona ayollar tilla kuloni;
  • 17 million so‘mlik bir juft brilliant ko‘zli ayollar tilla ziragi va bir dona ayollar tilla uzugi;
  • 2,5 million so‘mlik sapfir ko‘zli ayollar tilla uzugi;
  • 1,5 million so‘mlik bir juft ayollar tilla ziragi va bir dona ayollar tilla uzugi;
  • 1,2 million so‘mlik bir dona brilliant ko‘zli “Roza” ayollar tilla uzugi;
  • 8,4 million so‘mlik bir juft brilliant ko‘zli “Vinograd” ayollar tilla ziragi;
  • 20 million so‘mlik “Mak-taym” erkaklar qo‘l soati;
  • 850 ming so‘mlik bir dona ayollar tilla zanjiri va bir dona ayollar tilla kuloni;
  • 1,3 million so‘mlik bir dona Chanel ayollar tilla qo‘l zanjiri;
  • 800 ming so‘mlik bir dona ayollar tilla qo‘l zanjiri;
  • 1,5 million so‘mlik ikki dona “Sarvinoz” va “Xonzoda” yozuvli bolalar tilla qo‘l zanjiri;
  • 2 million so‘mlik bir dona erkaklar tilla uzugi;
  • 2 million so‘mlik bir dona ayollar zanjiri;
  • 4 million so‘mlik bir dona ayollar tilla zanjiri (tross);
  • 800 ming so‘mlik ikki juft ayollar kumush ziragi va ikki dona kumush uzugi;
  • 8 million so‘mlik Nikolay poshsho davriga mansub uch dona tilla tanga;
  • 300 ming so‘mlik ikki dona qo‘l soati;
  • 800 ming so‘mlik bir dona Orient rusumli ayollar qo‘l soati bo‘lgan.

Kim bilsin, balki 2018-yilgi shu hodisadan so‘ng O‘zbekiston rasmiylari amaldorlarning daromadlarini majburiy deklaratsiya qilish tartibini joriy qilish haqida jiddiy bosh qotira boshlagandir. Baxtga qarshi, bu tartibni joriy etish yildan-yilga kechikmoqda (dastlabki reja bo‘yicha, bu tartib 2020-yil 1-yanvardan joriy etilishi kerak edi, keyinchalik 2021-yil 1-yanvarigacha kechiktirilgan edi, endi 2022-yil 1-yanvardan deyilyapti).