Koronavirusning Hindistonda aniqlangan delta shtammining yuqishi uchun 5-10 soniya kifoya qiladi. Agar bu vaqt davomida kasallikka chalingan shaxs yonida turilsa, COVID-19’ni og‘ir kechadigan shaklini yuqtirib olish xavfi yuqori. Bu haqda JSSTning biologik xatarlarga chora ko‘rish bo‘yicha eksperti Natalya Vinogradga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: EPA

Uning ta’kidlashicha, delta shtamm bugungi kunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 1-raqamli muammosi hisoblanadi.

“Virus tibbiyot nuqtayi nazaridan qaraganda bir nechta yoqimsiz tavsifga ega. Birinchisi — u yuquvchanlikni sezilarli darajada oshiradi. Ya’ni avvallari infeksiyani yuqtirib olish uchun unga chalingan inson bilan 15 daqiqa muloqot qilish talab etilgan bo‘lsa, hozirda buning uchun 5-10 soniya kifoya. Infeksiyaga chalingan inson atrofida bo‘lganlarda kasallikni yuqtirib olishning yuqori xavfi mavjud”, — deydi Vinograd.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, delta shtamm tom ma’noda “immun javobidan qochib ketadi”. Bu vaksina bilan emlanganlar va kasallikdan tuzalganlar baribir uni yuqtirib olishi mumkin bo‘lganlarning xavf guruhiga kirishini anglatadi, biroq ularda kasallik ancha yengil shaklda kechadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Hindistonda koronavirusning “hindcha” shtammini yangi varianti tarqaldi. Maxarashtra shtatida aniqlangan ushbu tur delta-plyus deb nomlandi. Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi zich joylashgan Maxarashtra, Kerala va Madhya-Pradesh shtatlari hokimiyatlarini delta-plyus xavfidan ogohlantirdi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, delta-plyus o‘ta yuqumli bo‘lib, hatto uning tashuvchisi yonidan niqobsiz o‘tib ketish ham xavfli.