29-iyun kuni O‘zbekistonga yana 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelindi. Bu ushbu vaksinaning mamlakatga keltirilgan 6-partiyasi hisoblanadi, deb xabar beradi SSV matbuot xizmati.

Foto: SSV matbuot xizmati

Bundan oldin

Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 6,4 million dozaga yetmoqda. Ayni paytga qadar shundan 3,4 million dozadan ortig‘i vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llanilgan. Mamlakatda iyun oyi oxirigacha 4 million kishini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanuvchilar guruhi yana kengaydi. Endi 50 yosh va undan kattalar bepul vaksina olishi mumkin. Toshkentda 28-iyundan 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlam koronavirus infeksiyasiga qarshi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlanadi.

Ta’kidlanishicha, 30-iyun kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi keltirilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, ZF-UZ-VAC2001 koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksina bo‘lib, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Vaksinaning klinik tadqiqotlari o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda olib borilgan.