Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021-yilda 5,6 foizga,  2020 yilda esa 6 foizga o‘sishini, shuningdek, mamlakatda xususiy iste’mol va investitsiyalar hajmi tiklanishini prognoz qilmoqda. “Gazeta.uz”ning yozishicha, bu haqda bankning “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” yangi hisobotida qayd etilgan.

Foto: “Daryo”

Hisobotda aytilishicha, xizmatlar sohasi, umumiy sanoat, qurilish, va qishloq xo‘jaligi kabi milliy iqtisodiyotning muhim sohalarida bu yil o‘sish kuzatilmoqda. Pandemiyaga qaramasdan mamlakatda bozor islohotlari, shu jumladan, davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirish davom etmoqda.

Markaziy Osiyoda tiklanish jarayoni barcha davlatlarda bir darajada ketmayotgan bo‘lsa-da, mintaqa bo‘yicha umumiy prognoz yaxshi tomonga qayta ko‘rib chiqildi. 2021- va 2022-yillarda mintaqada iqtisodiy o‘sish 4,5 foizni tashkil qilishi taxmin qilinmoqda. Bu xomashyo narxlarining o‘sishi (bu xomashyo eksportchilariga foyda) va xalqaro pul o‘tkazmalarining tiklanishi hisobiga amalga oshadi.

“Aniqlashtirilgan prognozlar optimistik kayfiyatda bo‘lishga undasa-da, hali hamon COVID-19’ning delta shtammi bilan bog‘liq vaziyat kelgusida qanday tus olishi bilan bog‘liq sezilarli mavhumlik saqlanib qolmoqda. Koronavirusning ushbu ko‘rinishi vaksinatsiyada uncha ilgarilamagan davlatlar va xalqaro turizmga yuqori darajada bog‘langan iqtisodiyotlar uchun katta xavf tug‘diradi”, — deb qayd etgan YeTTBning bosh iqtisodchisi Beata Yavorchik.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning boshlarida Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,3 foizga o‘sishini prognoz qilgandi. Mart oyidagi hisobotida esa 2021—2022-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishini, xususan,  2021-yilda YaIM o‘sishi 4,8 foizgacha tiklanishini prognoz qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni 2021-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti parametrlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi da makroiqtisodiy barqarorlik va belgilangan budjet tushumlarini to‘liq ta’minlash uchun 2021-yili iqtisodiyotda kamida 5,1 foiz o‘sishga erishish kerak bo‘lishini aytgandi.