Malika Diananing shaxsiy avtomobili auksionda kutilganidan ham qimmatroqqa sotildi. 1981-yilgi Ford Escort Ghia xetchbeki 47 ming funt sterling evaziga yangi egasini topgan (mashina 30—40 ming funtga sotilishi kutilayotgan edi). Bu kabi yuqori narx avtomobilning tarixi bilan izohlanmoqda — aynan ushbu mashinani shahzoda Charlz Diana Spenserga to‘yidan ikki oy oldin, unashtiruv marosimi munosabati bilan sovg‘a qilgan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Instagram / @ReemanDansie

Oradan 40 yil o‘tganiga qaramay malika Diananing Ford Escort avtomobil ajoyib holatda saqlangan — mashina bo‘laymagan, saloni qayta tikilmagan va hatto xaridorga original davlat raqamlari — WEV 297W ham sovg‘a qilingan. Malika Diananing xetchbekini boshqa Escort Ghia’lardan yagona farqi — kapotidagi kumush qurbaqa-tumor.

Foto: Instagram / @ReemanDansie

Mashina kapoti ostidan 105 kuchini taqdim etishga qodir 1,6 litrli benzin dvigatel o‘rin olgan bo‘lib, agregat to‘rt pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Jamlanmasi 1980-yillardagi eng oddiy Ford’ga xos: masalan, saloni velyur bilan qoplangan. Escort odometriga ko‘ra, avtomobil 133 576 kilometr yo‘l bosgan va 1982-yilda qirollik oilasi undan voz kechgan.

Auksionchilar malika Dianaga bog‘liq lotni yana to‘g‘ri baholay olmadi. 2020-yilning yanvarida Ledi Di egalik qilgan Audi 80 kabrioleti sotuvga qo‘yilgandi. Classic Car Auctions mutaxassislari Audi 40 ming funtdan qimmatga sotilmasligini aytgandi, biroq u 58 ming dollarga yangi egasini topgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Bostondagi RR Auction kimoshdi savdolar uyi malika Dianaga tegishli bo‘lgan to‘q ko‘k rangli tolstovkani (yengil ustki kiyim) sotuvga qo‘ygandi.