Xitoyning Xuachjun fan va texnologiya universiteti mutaxassislar tanani sovitishga qodir matoni yaratdi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: Science

Mato asosini poliaktil kislota, titan va teflon oksidi tolasi tashkil etadi. Ular yordamida mato ultrabinafsha va infraziqil nurlanishlarni qaytara oladi. Shu bilan birga, tana issiqlikning so‘rilishi hisobiga soviydi.

“Metamatoning o‘ziga xos strukturasi hisobiga o‘rtacha infraqizil diapazonda deyarli ideal nur qaytarish qobiliyati ta’minlanadi”, — deydi loyiha rahbari Guanmin Tao.

Olimlar bir nechta sinovlarni o‘tkazgan. Ko‘ngillilardan biri yarmi ushbu metamato, qolgan yarmi esa paxtadan tikilgan kiyimda bir soat quyoshda turgan. Metamato ostidagi teri harorati Selsiy bo‘yicha 31 dan 32 darajaga, paxta ostidagi esa 37 darajagacha ko‘tarilgan.

Shuningdek, olimlar mashinalar ishtirokida ham tajriba o‘tkazgan. Metamatodan ishlangan jild bilan qoplangan avtomobil saloni qolganlaridan ancha kam qizigan.

Ixtirochilarning qo‘shimcha qilishicha, ularning loyihasiga hozirda kiyim-kechak ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ayrim korxonalar qiziqish bildirgan. Ayni vaqtda ixtirochilar ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar olib bormoqda va sovitadigan futbolkalari hamda avtomobil jildlari bir yildan so‘ng do‘konlarda paydo bo‘lishiga umid qilmoqda.

Avvalroq olimlar nur taratuvchi tolalar yordamida displey-mato yaratgani to‘g‘risida xabar berilgandi.