17:11, 14.07.2021 // 13286

“Vaksina olish uchun yaratilgan imkoniyatlardan ikki baravar past darajada foydalanyapmiz” — Nurmat Otabekov

O‘zbekistonda vaksina olish uchun yaratilgan imkoniyatlardan ikki baravar past darajada foydalanilmoqda. “Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, bu haqda 14-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonda koronavirusga qarshi profilaktik emlash (vaksinatsiya) jarayoni haqida davra suhbatida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning so‘zlariga ko‘ra, emlash jarayonlari boshlanguniga qadar 1 ta markaziy, 14 ta hududiy, 236 ta tuman va shaharlarda vaksinalarni saqlaydigan alohida omborxonalar qurildi. 457 ta sovitkich, 148 ta elektrogenerator, 500 ta termosumka va 121 ta termokonteyner xarid qilinib, emlash punktlariga taqdim etildi. Respublika bo‘yicha 3184 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi (mobil) emlash brigadalari tashkil etildi. Vaksinalarni qabul qilish, saqlash va joylarga yetkazish jarayonida foydalanish uchun 17 ta avtorefrijerator, Miniven avtobazasi negizida 206 ta yuk tashuvchi muzlatkichli avtomashina, 16 ta yengil avtomobil xarid qilinib, joylarga yetkazib berildi.

Bundan tashqari, 13-iyul holatiga O‘zbekistonda 4 million 160 ming dona shprislar joylarga yetkazildi. 45 ming 606 dona xavfsiz qutilar, 8,2 tonna paxta va 6 tonnadan ortiq 70 foizli spirtlar joylarga olib borildi.

Nurmat Otabekovning ta’kidlashicha, Respublikada emlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 4356 nafar shifokor va 11 ming 539 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. Yana qo‘shimcha ehtiyoj bo‘lish ehtimolidan kelib chiqib, 833 nafar vrachlar qo‘shimcha tayyorlandi.

“Emlash punktlarida har kuni o‘rtacha 140 ming odam emlanyapti. Ming afsuski, biz hozir emlash tadbirlari uchun yaratilgan imkoniyatlarning teng yarmidan foydalanmoqdamiz. Agar biz butun O‘zbekistonda mavjud emlash brigadalari va emlash punktlari imkoniyatini sarhisob qiladigan bo‘lsak, har bittasiga 44 ta emlanganlar to‘g‘ri kelyapti. Agar biz emlash brigadalarini ham qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, har bittasida 36 tadan odam 1 kunda emlanmoqda. Aslida, biz reja qilgan paytimizda har bitta emlash punkti va emlash brigadasida bir kunda 70 tadan odamni emlash belgilangan edi. Demak, biz imkoniyatdan 2 baravar past darajada (foydalanmoqdamiz). Vaksinadan boshqa biz epidemik vaziyatni barqarorlashtiradigan bir taklifni yoki qandaydir tashabbusni ko‘rmayapmiz”, — degan u.

“Vaksinatsiya jarayonlarida faol ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlariga rag‘bat sifatida ularni moddiy quvvatlash mexanizmlarini ham amaliyotga tatbiq etadigan bo‘lsak, biz bundan faqat manfaat ko‘ramiz”, — deya qo‘shimcha qilgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 13-iyulga kelib O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qo‘llanilgan vaksinalar soni 5,1 mln dozadan oshdi. Ularning 1 453 556 dozasi ikkinchi va 517 950 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llanilgan. Mamlakatda jami emlanganlar soni 3 158 120 kishini tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori va Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja vaksinatsiya bo‘yicha O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga qaraganda yaxshi ko‘rsatkichda ketayotganini aytgandi.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv