O‘zbekistonda 19-iyul kuni 658 kishida koronavirus aniqlandi — bu kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Shunday qilib, mamlakatda COVID-19 rasman qayd etilganlar soni 120 631 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Yangi kasallanish holatlarining

  • 79 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida,
  • 17 nafari Andijon viloyatida,
  • 14 nafari Buxoro viloyatida,
  • 67 nafari Jizzax viloyatida,
  • 22 nafari Qashqadaryo viloyatida,
  • 15 nafari Navoiy viloyatida,
  • 38 nafari Namangan viloyatida,
  • 63 nafari Samarqand viloyatida,
  • 23 nafari Sirdaryo viloyatida,
  • 62 nafari Surxondaryo viloyatida,
  • 54 nafari Farg‘ona viloyatida,
  • 18 nafari Xorazm viloyatida,
  • 65 nafari Toshkent viloyatida,
  • 121 nafari Toshkent shahrida

koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgani sabab namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan. Bundan tashqari, kecha kun davomida 465 nafar kishida pnevmoniya tasdiqlandi.

Vazirlikning qayd etishicha, so‘nggi sutkada jami 649 kishi: Qoraqalpog‘iston Respublikasida 23 nafar, Andijon viloyati 57 nafar, Buxoro viloyatida 43 nafar, Jizzax viloyatida 50 nafar, Qashqadaryo viloyatida 19 nafar, Navoiy viloyatida 29 nafar, Namangan viloyatida 40 nafar, Sirdaryo viloyatida 94 nafar, Surxondaryo viloyatida 71 nafar, Farg‘ona viloyatida 50 nafar, Xorazm viloyatida 34 nafar, Toshkent viloyatida 53 nafar, Toshkent shahrida 86 nafar bemor tuzalib, kasallikdan sog‘ayganlar 115 514 nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 805 nafarni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalgi antirekord bir kun oldin — 18-iyul kuni qayd etilgan, o‘shanda 585 kishida COVID-19 tasdiqlangandi.

Kasallanganlar soni 120 mingdan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin

O‘zbekiston rasmiylari koronavirus statistikasiga doir raqamlarni yashirish yoki ularni buzib ko‘rsatishdan hech kim manfaatdor emasligini muntazam ta’kidlab keladi. Ayni vaqtda, kasallanganlar soni rasmiy statistikadagidan ikki-uch barobarga ko‘p bo‘lishi mumkinligini hukumat tuzilmalariga aloqador mas’ullar ham, hukumat qoshida tuzilgan Respublika maxsus komissiyasi vakillari ham tan olib ta’kidlagan.

2020-yili karantin tartibi qayta kuchaytirilishi arafasida, 8-iyul kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtab a’zosi Habibulla Oqilov COVID-19’ni yuqtirib olganlar soni rasmiy statistikadagidan ikki-uch barobarga ko‘p bo‘lishi mumkinligini alohida ta’kidlab o‘tgan edi.

“Kasallanganlar soni kuniga 350 taga ko‘paymoqda degani — bu biz bilgan statistika. Buning orasida hali qancha tahlilga yetib bormagan, lekin aslida kasallangan, simptomsiz yurgan bemorlar soni ikki-uch barobar ko‘proq ham bo‘lishi mumkin. PZR tahlilining javobi chiqishiga ikki-uch kun, hatto bir haftagacha vaqt ketib qolyapti, bu vaqtning ichida esa PZR bormi, yo‘qmi, deb gumonda turgan bemor xalqning ichida yuribdi, kun sayin beshtaga yuqtiryapti, u besh kishi boshqa 25 kishiga yuqtirib, kasallarning soni shu tariqa ko‘payib ketmoqda”, — degandi Oqilov.

9-iyul kuni esa Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekistonda kuchaytirilgan karantin tartibi qayta tiklanishi sabablarini izohlarkan, “rasmiy statistika faqat aniqlangan kasallanish holatlarini qayd etayotgani, haqiqiy holat, boshqa mamlakatlardagi kabi, bir necha barobar farqli bo‘lishi mumkin”ligini tan olgan edi. “Sababi hamma bemorlar ham tibbiy yordamga murojaat qilmayapti, simptomsiz bemorlarni esa hisobga olishning imkoni yo‘q”, — deyilgandi komissiya murojaatida.

Toshkent tibbiyot akademiyasi prorektori, SSV huzuridagi koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Shuhrat Boymurodov 20-sentabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanalining “Studiya 24” dasturidagi chiqishida rasmiy statistikaga faqat rasman murojaat qilib yoki davolash muassasalarida test topshirgan va testining natijasi musbat chiqqan fuqarolargina kiritilganini aytib o‘tgandi.

“Test deyapmiz, bu rasmiy murojaat qilgan yoki davolash muassasalarida test olingan bemorlar soni, lekin test topshirmay, virusni yuqtirib olib, kasallikni o‘zida to‘liq o‘tkazgan fuqarolarimiz ham kam emas... Fuqarolar o‘rtasida savollar shunchalik ko‘p bo‘ldiki, to‘rt-besh marta test topshirgan, ammo har safar test natijasi manfiy chiqqan, shunga qaramay unda kasallikning klinik belgisi bor. Ma’lum bir vaqt, bir yarim oy o‘tgach, u organizmidagi antitanani aniqlash uchun qonidan test topshirsa, natija musbat chiqqan. Ya’ni bu fuqaro kasallikni o‘zida to‘liq o‘tkazgan, degan xulosa berish mumkin. Shu bois bugungi kunda kasallikni boshidan o‘tkazgan fuqarolarimiz ham ko‘p”, — degandi Shuhrat Boymurodov.

28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirgandi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlangandi.

2021-yil yanvar oyi boshlarida sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev SSV yuritayotgan koronavirus statistikasiga to‘liq ishonishni, “chunki u to‘g‘ri” ekanligini aytgandi.