Rossiyaning Tojikiston hududidagi 201-harbiy bazasi tankchilari Lahur poligonidan Afg‘oniston bilan chegaradosh Harb maydon poligonigacha 200 kilometr yurish qildi.

Foto: Facebook

Marsh davomida T-72 tanki ekipajlari ustunlarning jangovar muhofazasi, yerning shartli zararlantirilgan joylarini yengib o‘tish, sabotaj va razvedka guruhlari hujumi hamda “dushman”ning havo hujumlarini qaytarish masalalarini ishlab chiqdi.

“Hozirda qo‘shinlar konsentratsiyasi hududida harbiy xizmatchilar boshqaruv punktlarini joylashtirmoqda, o‘t ochish pozitsiyalariga muhandislik jihozlarini joylashtirish va texnikani maskirovka qilish bilan shug‘ullanmoqda”, — deyiladi xabarda.

Rossiya tanklari poligonda 5—10-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish uchun yetib kelgan. Mashg‘ulotlarda Rossiya va Tojikiston harbiy xizmatchilaridan tashqari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ham ishtirok etadi.

Mashg‘ulotlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi fonida o‘tkazilmoqda.

Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Igor Lyakin-Frolovning aytishicha, “zarur bo‘lsa, 201-baza afg‘on terrorchilik tashkilotlarining har qanday tajovuzkor harakatlarini qaytaradi”.

Avvalroq Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Tojikistondagi harbiy bazasidan foydalanishga tayyorligini bildirgandi. Shuningdek Emomali Rahmon tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash uchun armiya rezervidagi 20 ming nafar harbiy xizmatchini safarbar etgan.