O‘zbekistonda 20-iyul kuni 698 kishida koronavirus aniqlandi — bu kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Shunday qilib, mamlakatda COVID-19 rasman qayd etilganlar soni 121 329 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Yangi kasallanish holatlarining:

  • 86 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida,
  • 16 nafari Andijon viloyatida,
  • 16 nafari Buxoro viloyatida,
  • 87 nafari Jizzax viloyatida,
  • 16 nafari Qashqadaryo viloyatida,
  • 15 nafari Navoiy viloyatida,
  • 32 nafari Namangan viloyatida,
  • 65 nafari Samarqand viloyatida,
  • 24 nafari Sirdaryo viloyatida,
  • 84 nafari Surxondaryo viloyatida,
  • 58 nafari Farg‘ona viloyatida,
  • 10 nafari Xorazm viloyatida,
  • 79 nafari Toshkent viloyatida,
  • 110 nafari Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgani sabab namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Bundan tashqari, kecha kun davomida 478 nafar kishida pnevmoniya tasdiqlandi.

Vazirlikning qayd etishicha, so‘nggi sutkada jami 478 kishi: Qoraqalpog‘iston Respublikasida 55 nafar, Jizzax viloyatida 65 nafar, Qashqadaryo viloyatida 18 nafar, Navoiy viloyatida 16 nafar, Namangan viloyatida 55 nafar, Sirdaryo viloyatida 32 nafar, Surxondaryo viloyatida 68 nafar, Farg‘ona viloyatida 35 nafar, Toshkent viloyatida 52 nafar, Toshkent shahrida 99 nafar bemor tuzalib, kasallikdan sog‘ayganlar 116 009 nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 95 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 810 nafarni tashkil qilmoqda, deyiladi SSV xabarida. Biroq vazirlik 19-iyul holatiga ko‘ra kasallikdan vafot etganlar soni 805 nafarni tashkil etayotgani ma’lum qilgandi. 20-iyul holatiga ko‘ra 4 ta bemor vafot etgani haqida ma’lum qilib, vafot etganlar soni jami 809 emas, 810 nafarni tashkil etayotganini xabar qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi 2 kunda ham O‘zbekistonda COVID-19 ga chalinish bo‘yicha antirekordlar qayd etilgandi. Xususan, 18-iyul kuni 585 ta, 19-iyul kuni esa 658 ta kasallikka chalinish holati aniqlangandi.