O‘zbekistonning tog‘ va tog‘oldi hududlarida sel kelishi xavfi mavjud. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2021-yilning 21–23-iyul kunlari O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar hisobiga, sel kelish xavfi mavjud.

“Ehtiyot choralarini ko‘rishingizni va noxush vaziyatlar vujudga kelganda FVVning 10-50 qisqa raqamiga murojaat etishingizni so‘raymiz”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan avval Tojikistonda sel kelishi oqibatida kamida 10 nafar odam hayotdan ko‘z yumgani, Shahrisabzning Ko‘l qishlog‘iga sel kelib, qishloqqa olib kiruvchi yagona yo‘l 10 soatga yopilib qolgani hamda Namanganda sel oqibatida ikkita ko‘prik shikastlangani haqida xabar berilgandi.