Toshkent Asab va ruhiyat ilmiy-tibbiy markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullayevning ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaati tarqaldi. Video yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligi bayonot berdi.

Asab va ruhiyat ilmiy-tibbiy markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videomurojaatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ommaviy vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llanilayotgan O‘zbekiston-Xitoy hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yaratilish bosqichlari haqida ma’lumotlar yo‘qligini aytib, ushbu vaksinaning qo‘llanilishining maqsadga muvofiqligini shubha ostiga olgan.

Vazirlikning qayd etishicha, Ibodullayevning e’tirozlari noo‘rin va haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmaydi, u tomonidan tarqatilgan videomateriallar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ommaviy vaksinatsiya jarayonlarida aholini chalg‘itishga xizmat qilyapti.

“Professor Ibodullayev ilmiy jurnallardagi ma’lumotlarni o‘rganmay, mazkur vaksina haqida hech qayerda ma’lumotlar berilmagan deb xalqimizning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solmoqda. Demak, professor tomonidan berilgan savollarga javob beramiz.

1. ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ustida olib borilgan tadqiqotlar haqida nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etilganmi?

Aynan Ibodullayev tilga olgan nufuzli xalqaro “The Lancet” tibbiyot jurnalida mazkur vaksinaning birinchi va ikkinchi faza sinovlari to‘g‘risidagi maqola joriy yilning 24-mart kuni chop etilgan: https://doi.org/10.1016/S1473-3099(21)00127-4.

3-faza klinik sinovlari bo‘yicha ma’lumotlar quyidagi havolada berilgan: https://clinicaltrials.gov/ct2/show/NCT04646590

Bundan tashqari mazkur vaksinaning turli shtammlarga qarshi ta’siri haqidagi maqola nufuzli Cell Research (CR) xalqaro ilmiy jurnalida ham chop etilgan: https://www.nature.com/articles/s41422-021-00514-9.

2. Nima uchun mazkur vaksina yaratilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmadi?

To‘g‘ri, Rossiya televideniyesi o‘z vaksinasini juda katta targ‘iboti bilan shug‘ullandi. Lekin u piardan boshqa narsa emasligini Z. Ibodullayev o‘zi ham juda yaxshi biladi. Bu borada professor o‘z chiqishlarida ko‘p gapirgan. Xususan, Rossiya farmatsevtik kompaniyalarning qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilayotgan konferensiyalar, chop etilayotgan maqolalarning qay maqsadlarda amalga oshirilayotgani haqidagi professorning fikrlarini quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin: https://kun.uz/ru/news/2021/01/23/professor-zarifboy-ibodullayev-vo-vse-napravleniya-nashey-meditsiny-pronik-lobbizm.

O‘z navbatida ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yurtimizga kirib kelishi, uchinchi bosqich sinovlarida O‘zbekistonning ishtirok haqidagi maqolalar, ko‘rsatuvlar OAVda keng yoritilgan. Quyida vaksinaning yurtimizga kirib kelishi va tadqiqotlar xronologiyasi va ular haqida OAVda chiqqan ayrim materiallarga havola beramiz. OAVlarida chiqqan barcha materiallarga havola berishning bitta bayonotda imkoni yo‘q, chunki ular juda ko‘p bo‘lgan.

2020-yilning avgust oyida O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasida vaksina xaridi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi:

2020-yilning 21-oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti va Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Mutasaddilar tomonidan berilgan intervyular:

2020-yil 19-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi tomonidan sifat nazorati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun taqdim qilingan vaksina, platsebo namunalari va tegishli standartlar hamda reagentlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi davlat markazi tomonidan qabul qilindi.

2020-yil 10-dekabr kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning uchinchi sinov bosqichiga start berildi.

ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi tadqiqotlarining borishi haqida:

2021-yil fevralda Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va sa’y-harakatlarini inobatga olib, ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanilishga kelishilgani bildirildi:

1-mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ro‘yxat raqami – DV/X 08646/03/21

Shuningdek, o‘zbek–xitoy vaksinasi bo‘yicha ma’lumotlarni https://t.me/vaksinauzb Telegram-kanali orqali olishingiz hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilgan maxsus dayjestdan (https://online.pubhtml5.com/fkya/hind/) tanishishingiz mumkin.

3. ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini yaratishda O‘zbekiston olimlarining o‘rni qanday?

ZF-UZ-VAC 2001 vaksinaning 3-bosqich sinovlarida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti ilmiy jamoasi ishtirok etgan. Sinovlarga innovatsion rivojlanish vaziri, akademik, genetik-olim Ibrohim Abdurahmonov rahbarlik qilgan. Tadqiqot ishlarida Ilg‘or texnologiyalar markazining qator olimlari – biologiya fanlari doktori, professor Shahlo Turdiqulova, biologiya fanlari doktori Alisher Abdullayev, biologiya fanlari nomzodi Dilbar Dolimova, ilmiy xodimlar Muzaffar Mo‘minov, Abror Abdurahimov hamda Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyev rahbarligidagi tibbiyot xodimlari ishtirok etgan.

4. Platsebo nazoratli tadqiqotlar o‘tkazildimi?

2020-yil 19-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi tomonidan sifat nazorati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun taqdim qilingan vaksina, platsebo namunalari va tegishli standartlar hamda reagentlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi davlat markazi tomonidan qabul qilindi. 2020-yil 10-dekabr kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning uchinchi sinov bosqichi boshlandi va tadqiqot ishlari davom etmoqda. O‘z navbatida hozirda jahonda mavjud barcha vaksinalarning 3-bosqich sinovlari davom etayotganini ma’lum qilamiz.

5. Vaksina koronavirusning qaysi shtammlariga qarshi ta’sir qiladi?

Cell Research (CR) xalqaro ilmiy jurnalida “SARS-CoV-2 virusi mavjud variantlarining inaktivlangan va RBD-subbirlik vaksinalariga gumoral immun javobi” (Humoral immune response to circulating SARS-CoV-2 variants elicited by inactivated and RBD-subunit vaccines) nomli maqola chop etildi. Maqolada COVID-19 bilan kasallangan bemorlar, sog‘lom insonlar va mazkur ikki vaksinalar bilan emlangan shaxslarning qonidan olingan plazmalarning samaradorligi “afrikancha” shtammga nisbatan tekshirilgan. Inaktivlangan va rekombinant vaksina bilan emlanganlar va kasallikka chalingan shaxslarning plazmasi olinib, haqiqiy virus va psevdo virusni neytrallash (zararsizlantirish) in vitro testlari o‘tkazilganda, rekombinant ZF-UZ-VAC2001 vaksinasida ushbu mutant variantni zararsizlantirish xususiyati nisbatan yuqori ekanini tasdiqlagan. Shuningdek, maqolada D614G mutant varianti (ushbu variant ayni damda butun dunyoda tarqalgan bo‘lib, dominant variant hisoblanadi) nazorat sifatida olingan bo‘lib, vaksinalarning ushbu variantni neytrallash ko‘rsatkichi test variantlarinikidan ham balandroq ekanligini ko‘rishingiz mumkin.

Tadqiqotlar ZF2001 vaksinasi COVID-19 virusining ayni vaqtda dunyoda tarqalgan afrikancha (501Y.V2) va britancha (D614G) variantlaridan himoya qila olishini tasdiqlamoqda. Hozirda olimlar Hindistondan tarqalgan delta-variant ustida ham tadqiqotlar olib bormoqdalar. Laboratoriya tekshiruvlari vaksinatsiyalangan odam zardobi ham, hayvonlar zardobi ham delta variantga qarshi himoyalanganini namoyon etgan. Ayni paytda ma’lumotlar tasniflanmoqda va maqola yaqin kunlarda chop etilishi kutilmoqda.

6. O‘zbekistondan tashqari qaysi davlatda mazkur vaksina bilan necha kishi emlandi?

ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan Xitoyda hozirda 100 million aholi emlangan.

7. Nima uchun O‘zbekiston ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining hammuallifi hisoblanadi?

Xitoy va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolangan bo‘lib, hozirda O‘zbekiston xitoylik olimlar bilan hamkorlikda 4 million dollar qiymatidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.

Koronavirus pandemiyasi e’lon qilinganidan so‘ng 2020-yilning mart oyidan Innovatsion rivojlanish vazirligi ochiqlamaslik sharti bilan Xitoy Fanlar akademiyasi va Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilayotgan rekombinant oqsil vaksinasi bo‘yicha tadqiqotlarida ishtirok etdi. Shu bois ham mazkur vaksinaning 3-bosqich tadqiqotlari O‘zbekistonda o‘tkazish kelishuviga erishilgan edi. 3-bosqich klinik sinovlarining o‘zi katta tadqiqot sanaladi. Bu tadqiqotlarda O‘zbekiston tomonidan 100 dan ortiq olim va shifokorlar ishtirok etgan. Ushbu klinik sinov tadqiqotlari o‘ta murakkab ilmiy jarayon bo‘lib, unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga to‘liq rioya etish talab etiladi.

Shu bois ham Innovatsion rivojlanish va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining ZF2001 vaksinasi sinovlarida faol ishtirok etgani, shuningdek klinik tadqiqotlarga qo‘shgan hissasini inobatga olib, O‘zbekiston mazkur vaksinaning hammuallifi sifatida tan olindi.

Quyidagi maqolada O‘zbekistonning Xitoy tomonidan mazkur vaksinaga hammuallif sifatida tan olingani haqida yozilgan: http://www.zflongkema.com/news/qyyw/2021-04-06/194.html

Vaksina hammuallifi sifatida tan olinish mamlakatimizga ko‘plab yangi imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Yurtdoshlarimizni koronavirusga qarshi emlash jahondagi vaksina ishlab chiqaruvchilar taklif etgan qiymatdan ancha arzonga tushmoqda. Mazkur vaksina xitoylik hamkorlar tomonidan O‘zbekistonni hammuallif deb tan olgani bois ustuvor tarzda yetkazib berilyapti va bunda O‘zbekiston tomoni faqat ishlab chiqarish, qadoqlash va transportirovka xarajatlarini qoplayapti. Bundan tashqari, Xitoy Fanlar akademiyasi va Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical kompaniyasi bilan hozirda vaksinani birgalikda tijoratlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ya’ni vaksinani xorijiy mamlakatlarga eksport qilishdan tushgan daromadning 30 foizi O‘zbekistonga tegishli bo‘ladi. Bu — pandemiya hali-hamon insoniyatni tahlikada tutib turgan bir paytda dunyoning ko‘plab davlatlari havas qilgulik muvaffaqiyat”, – deyiladi vazirlik bayonotida.