Internetda Germaniyaning Leverkuzen shahrida Audi’ga tegishli dilerlik markazlaridan birining birinchi qavatidan turib olingan video tarqaldi. Rolik muallifi kuchli yog‘ingarchilik sabab yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida yangi avtomobillarga yetgan zararni kameraga muhrlagan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Facebook / Roberto Ciulla

Suv toshqinidan keyin tasvirga olingan kadrlarda Leverkuzendagi Audi dilerlik markazining birinchi qavati namoyish etilgan. Kuchli yog‘ingarchilik sabab o‘nlab yangi avtomobillar suv ostida qolgan. Bundan tashqari, ba’zi mashinalar “suzish” vaqtida to‘qnashuvlar sodir etgan, ayrimlari esa tom ma’noda bir-birining kapoti ustiga chiqib ketgan.

Suv ostida qolgan modellar orasida Audi Q3, Q5 va Q8, shuningdek, RS Q3 Sportback va RS6 universali bor. Shu bilan birga, Germaniyaning deyarli butun g‘arbiy qismini bosgan suv oqibatida e-tron, e-tron Sportback va e-tron GT elektromobillari cho‘kib ketgan.

Yevropaning markaziy qismidagi suv toshqinlari hafta o‘rtalarida uzoq davom etgan yomg‘irlar tufayli boshlandi. Germaniyaning Shimoliy Reyn — Vestfaliya va Reynland-Pfals o‘lkalarida daryolar o‘zanidan chiqib, shaharlarni suv ostida qoldirdi, hududlar elektrdan uzilib qoldi. Suv toshqinidan qo‘shni Niderlandiya va Belgiya ham jabrlandi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya g‘arbida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 156 kishiga yetgan. Shimoliy Reyn — Vestfaliya federal o‘lkasida kamida 45, Reynland-Pfalsda esa 110 kishi halok bo‘lgan.