O‘zbekistonda 23-iyul kuni 773 kishida koronavirus aniqlandi — bu kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Shuningdek, mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon qayd etilgan eng yuqori ikkinchi ko‘rsatkich hamdir — bundan oldingi antirekord 2020-yilning 1-avgustida o‘rnatilgan (774 kishi). Shunday qilib, mamlakatda COVID-19 rasman qayd etilganlar soni 123 559 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Yangi kasallanish holatlarining

  • 68 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida,
  • 21 nafari Andijon viloyatida,
  • 17 nafari Buxoro viloyatida,
  • 94 nafari Jizzax viloyatida,
  • 14 nafari Qashqadaryo viloyatida,
  • 12 nafari Navoiy viloyatida,
  • 33 nafari Namangan viloyatida,
  • 85 nafari Samarqand viloyatida,
  • 27 nafari Sirdaryo viloyatida,
  • 88 nafari Surxondaryo viloyatida,
  • 81 nafari Farg‘ona viloyatida,
  • 29 nafari Xorazm viloyatida,
  • 95 nafari Toshkent viloyatida,
  • 109 nafari Toshkent shahrida

koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan. Bundan tashqari, kecha kun davomida 507 nafar kishida pnevmoniya tasdiqlandi.

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan bir sutka ichida Jizzax (94 nafar), Surxondaryo (88 nafar), Farg‘ona (81 nafar) va Toshkent viloyatlarida (95 nafar) COVID-19 bilan kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning, Samarqand va Xorazm viloyatlarida esa iyul oyining eng yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan (Samarqandda yil antirekordi 25-iyun kuni — 90 kishi, Xorazmda esa 26-iyunda aniqlangan — 49 kishi).

Vazirlikning qayd etishicha, so‘nggi sutkada jami 659 kishi: Qoraqalpog‘istonda 93 nafar, Buxoroda 28 nafar, Jizzaxda 104 nafar, Qashqadaryoda 17 nafar, Navoiyda 13 nafar, Namanganda 41 nafar, Sirdaryoda 24 nafar, Surxondaryoda 64 nafar, Farg‘onada 84 nafar, Xorazmda 32 nafar, Toshkent viloyatida 63 nafar, Toshkent shahrida 96 nafar bemor tuzalib, kasallikdan sog‘ayganlar 117 962 nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 95 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 7 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 826 nafarni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi besh kunda ham O‘zbekistonda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha antirekordlar qayd etilgandi. Xususan, 18-iyul kuni 585 kishi, 19-iyul kuni 658 kishi, 20-iyul kuni 698 kishida, 21-iyul kuni 719 kishida, 22-iyul kuni esa 738 kishida kasallikka chalinish holati aniqlangandi.