Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Anvar Husanov hozirda vaziyat jiddiy ekanini ta’kidlab, aholiga murojaat yo‘lladi.

Kadr: Videodan skrinshot

“Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar. Mening ismim Anvar Husanov. Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktoriman. Sizlarga shifokor sifatidagi burchim deb murojaat qilishga ahd qildim.

Bugungi kunda Yer yuzida koronavirusni yana rivojlanishi, pandemiyani kuchayishi kuzatilmoqda. O‘zbekistonda ham kasallik avj olmoqda.

Bizning shifoxonamizga, ming afsuski, og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlar murojaat qilmoqda. Ularni aksariyati uyda shifokor bo‘lmagan, ushbu mutaxassislik bo‘yicha tajribasi yo‘q kimlarningdir gapiga kirib, qolaversa, internetda e’lon qilingan qandaydir dori–darmonlar, antibiotiklar, gormonoterapiya qabul qilib, ming afsus, 5–6-kunida o‘ta og‘ir holatda bizga olib kelinmoqda.

Jonlantirish bo‘limida biz – mutaxassislar davo muolajalarini qilmoqdamiz. Ming afsuski, ko‘p holatlarda og‘ir yoki o‘ta og‘ir bemorlar hayotini saqlab qololmaslik holatlari bo‘lmoqda.

Hurmatli vatandoshlar, agar COVID-19’ning birinchi belgilari – isitma ko‘tarilish, tomoq og‘rishi, tananing hamma joyida og‘riq sezish va yo‘tal belgilari bo‘lganda, iltimos sizlardan, hududiy poliklinikangizga, mobil brigadalarga, qolaversa, 103 yoki 1003 raqamiga murojaat qilib, mutaxassislarning tavsiyasini olib, davo muolajalarini olishingizni iltimos qilaman.

O‘zingizni ehtiyot qiling va yaqinlaringizni asrang”, – deydi Anvar Husanov.

Eslatib o‘tamiz, 18—23-iyul kunlari O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holatlari soni bo‘yicha 2021-yil hisobidan har kuni ketma-ket antirekordlar qayd etilgan edi. Xususan, 18-iyul kuni 585 kishida, 19-iyul kuni 658 kishida, 20-iyul kuni 698 kishida, 21-iyul kuni 719 kishida, 22-iyul kuni 738 kishida va 23-iyul kuni 773 kishida kasallikka chalinish holati aniqlangan edi.