“Jenoa” hujumchisi Eldor Shomurodov ijara asosida “Jenoa”dan “Roma”ga o‘tishga yaqin turibdi.

Foto: Getty Images

“Match TV” nashrining xabariga ko‘ra 26 yoshli o‘zbekistonlik futbolchining Rim klubidagi yillik maoshi 2 million yevroni tashkil qiladi.

Avvalroq italiyalik taniqli insayder Nikola Skira Shomurodovning transfer summasi 16 million yevro bo‘lishini va “Roma” u bilan 2026-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolashi haqida xabar bergandi. Shuningdek, shartnomada genuyaliklar futbolchining kelgusi transferidan ma’lum miqdorda ulush olishi ham ko‘rsatilgan.

Shomurodovning ijarasi rimliklarga 2,5 million yevroga tushadi. Agar “Roma” kelasi mavsumda Chempionlar Ligasiga chiqsa, shartnomadagi futbolchini sotib olish bandi faollashadi.

Qayd etish o‘rinli, 2020-yilning yanvar oyida Eldorga “Yuventus”dan ham qiziqish bo‘lgandi.

Shomurodov 2020/21-yilgi mavsum boshida “Rostov”dan 7,5 million yevro evaziga “Jenoa”ga o‘tgan. U ortda qolgan mavsumda A Seriyada 31 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.