28-iyul kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati “Qarabutak” mahallasidan o‘tadigan Samara—Chimkent xalqaro avtomobil yo‘lining 992-kilometrida Qozog‘iston fuqarosi boshquruvidagi Toyota Previa avtomashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.

Foto: Aqto‘be viloyati YHB matbuot xizmati

O‘zbekistonning Aktau shahridagi Bosh konsulxonasini ma’lum qilishicha, yo‘l-tansport hodisasi oqibatida avtomobil haydovchisi va Aktau shahriga ishga ketayotgan 8 nafar yo‘lovchi (barchasi O‘zbekiston fuqarolari) turli darajadagi tan jarohati bilan shahar shifoxonasiga yotqizilgan.

YTH oqibatida 43 yoshli fuqaro N.D vafot etdi, 5 nafar yo‘lovchi davolanmoqda. Yana ikki nafar yo‘lovchiga esa shifoxonadan javob berilgan.

Bosh konsulxona vaziyatni o‘z nazoratiga olgan. Marhumning jasadini vatanga yetkazishni tashkil etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning martida Qozog‘istonda 26 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan, 2019-yilda Qozog‘istonda Rossiyadan qaytayotgan o‘zbekistonliklar ishtirokida YTH sodir bo‘lishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 2018-yil yanvarida Aqto‘be viloyati hududida ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus yonib ketgan va 52 o‘zbekistonlik halok bo‘lgan edi.