Roppa-rosa bir yil avval, 2020-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida 9517 nafar bemor koronavirusdan davolanayotgan edi — bundan avval ham, bundan keyin ham mamlakat kasalxonalarida aynan koronavirusga chalingan bemorlar soni bu qadar ko‘p bo‘lmagan. Taqqoslash uchun, 2021-yil 28-iyul holatiga ko‘ra mamlakat tibbiyot muassasalarida 4929 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda. Bu 2021-yil iyun oyi oxiridagi ko‘rsatkichdan (60 foizga) ko‘p, biroq bir yil avvalgi ahvoldan (ikki barobarga) yaxshiroq.

Qayd etish joiz, 2020-yilning iyul—avgust oylarida O‘zbekiston koronavirus sabab juda jiddiy sinovga duch kelgan. Iyulning dastlabki sanalarida kovid-kasalxonalardagi bemorlar soni 3 ming kishidan oshishi bilan ikkinchi lokdaunga zarurat tug‘ilgan. Oxir-oqibat, 8-iyul kuni mashhur “koykalar qolmadi” bayonoti yangragan (o‘sha vaqtda kasalxonalardagi bemorlar soni 3987 nafar edi), 10-iyuldan esa bir oydan ortiq davom etgan ikkinchi kuchaytirilgan karantin joriy etilgan. 19-avgustga kelib, bemorlar soni yana 4 mingdan kamaygan.

Koronavirusning hozir kasalxonalardagi 4929 nafar jabrdiydasi yoki bir yil avval tibbiyot muassasalarida bo‘lgan 9517 bemor — bu aynan uyidan tashqarida davolanayotganlar va rasman tan olingan holatlardir. Bemorlarning haqiqiy soni bundan kamida ikki-uch barobar ko‘p bo‘lishi mumkinligini, jumladan, hukumat vakillari ham tan olgan. Yana bir jihati, bu raqam simptomlari koronavirusniki bilan deyarli bir xil, ammo pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan holatlarni inobatga olmagan.

Ayni vaqtda, 2021-yil iyulida berilgan pnevmoniyaga doir qisqa axborot ham, bizningcha, bir yil avvalgi ahvol o‘ta og‘ir bo‘lgani haqida qo‘shimcha tasavvur bera oladi.

Infografika: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) 2021-yil 5-iyuldan pnevmoniya bilan kasallanish holatlariga doir raqamlarni e’lon qila boshladi (26-iyuldan raqamlar hududlar kesimida ko‘rsatilmoqda). Unga ko‘ra, 5—28-iyul oralig‘ida jami 9252 kishi pnevmoniya tashxisi bilan kasalxonalarga yotqizilgan. O‘tgan vaqt ichida ularning 3026 nafari sog‘aygan, 63 nafari vafot etgan va 28-iyul kuni 6163 bemor pnevmoniyadan davolanishni davom ettirayotgandi.

Shunday qilib, 2021-yil 28-iyul holatiga ko‘ra O‘zbekiston kasalxonalarida davolanayotgan bemorlarning 10 792 nafari yo koronavirus, yo pnevmoniya bilan og‘rigan (o‘rni kelganda yana bir bor eslatish o‘rinli — bir yil avval kasalxonalarda faqat koronavirusga chalinganlarning o‘zi 9,5 mingdan ortiq edi). Bu 10 792 bemorning 44,4 foizi (4929 nafari) koronavirusdan, 55,5 foizi (6163 nafari) pnevmoniyadan davolanmoqda. 27-iyul holatiga ko‘ra ushbu nisbat 43,99 foiz (koronavirus)ga 56 foiz (pnevmoniya)ni tashkil etayotgan edi.

O‘tgan yili koronavirus va pnevmoniya holatlari qo‘shib hisoblangan bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q. Bu masalaga Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘zi ham bir necha bor aniqlik kiritgan. Jumladan, 2020-yil 6-oktabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonov “Samarqandda koronavirusdan davolanayotganlar rasmiy statistikasi 10 baravar kamaytirib ko‘rsatilgan, boshqa viloyatlarda ham shu ahvol”, deb bayonot berganida, SSV “koronavirusda gumon qilingan, infeksiya tasdiqlanmagan, pnevmoniyaga chalingan bemorlar rasmiy kovid-statistikaga kiritilmas”ligini bildirgan edi. Oradan bir oy o‘tib, 17-noyabr kuni, rasmiy statistika bo‘yicha O‘zbekistonda 2123 nafar bemor koronavirusdan davolanayotgan bir vaqtda, Prezident matbuot xizmati kovid-kasalxonalarda 6570 bemor yotgani haqida axborot bergan, bunga javoban SSV ushbu 6570 kishi orasida “o‘tkir respirator kasalliklari, koronavirusga gumon qilingan va og‘ir turdagi pnevmoniya, shuningdek, virus tasdiqlanmagan bemorlar ham bor”ligini, “koronavirus bilan bog‘liq statistikaga faqat maxsus laborator tibbiy tekshiruvlar orqali kasalligi tasdiqlangan bemorlargina kiritilishi”ni ma’lum qilgan edi.

Mazkur nisbat (hatto 50 ga 50 ko‘rinishida bo‘lsa ham) pandemiyaning qolgan barcha davrlari, xususan, 2020-yil yoz oylari uchun ham mos kelsa, u holda kasalxonalarda qancha koronavirusga chalingan bemor bo‘lsa, taxminan yana shuncha pnevmoniya tashxisli fuqaro davolangan, deyish mumkin; masalan, xulosa qilish mumkinki, 2020-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston shifoxonalarida koronavirus va pnevmoniyadan davolangan bemorlar soni taxminan 20 ming atrofida bo‘lgan.

So‘nggi kunlarda kovid-kasalxonalar va kovid-markazlarda yana joy topib bo‘lmay qolgani, koronavirusga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida bemorlarga lozim darajada e’tibor ko‘rsatilmayotgani, tez yordam xizmati chaqiruvlarga ulgurmayotgani haqida xabar va gap-so‘zlar xuddi 2020-yil iyul—avgustida bo‘lganidek juda ko‘paydi (ijobiy fikrlar ham kam emas). Ammo rasmiy raqamlarga asoslangan yuqoridagi kichik tahlildan ko‘rish mumkinki, shu kunlarda pandemiya antirekordlari deyarli har kuni yangilanayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilgi eng og‘ir, haqiqiy kuchaytirilgan karantinga sabab bo‘ladigan vaziyat, katta ehtimol bilan, hozircha to‘la takrorlanayotgani yo‘q.