Jizzaxdagi Zomin tog‘larida 1-avgust kuni yong‘in chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda holat aks etgan videolar tarqaldi.

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 1-avgust kuni soat 10:40 larda Jizzax viloyati Zomin tumani “Duoba” QFY O‘riklisoy qishlog‘idagi dala maydonida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida viloyat FVBga ma’lumot kelib tushgan. Yong‘in joyiga 4 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi hamda 24 nafar shaxsiy tarkibdan iborat dastlabki bo‘linmalar voqea yetib borib, yong‘inni o‘rab olish ishlarini boshladi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, yong‘in hududining kengayib ketishining oldini olish va uni butunlay o‘chirish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligidan yana qo‘shimcha 350 dan ortiq shaxsiy tarkibi Mudofaa vazirligidan 4 ta vertlyot, shuningdek, Milliya gvardiya, Ichki ishlar, Davlat ekologiya qo‘mitasi va boshqa tashkilotlarning kuch va vositalari jalb etilgan.

Gidrometeorologik ilmiy tahlillar, ob-havo prognozlari, tadqiqotlar, ma’ruzalar kanalining yozishicha, havoning isishi va qurg‘oqchil havo tufayli, yong‘in hosil bo‘lish indeksi mavjud. Bu indeksga ko‘ra, Zomin tog‘larida ayni dam tabiiy omil tufayli o‘rmon yong‘inlari hosil bo‘lishi uchun xavf mavjud emas.

Lekin uzoq muddat qurg‘oqchil va yog‘insiz kunlar sabab, qalin ignabargli daraxtlar orasida yuzaga kelgan yong‘in tez tarqalishiga ayni moyil davr. Yuzaga kelgan yong‘in katta ehtimol bilan inson omili sabab kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.