Bundan 17 yil avval, 2004-yilning 30-iyul kuni Toshkentda — Prezident Islom Karimovni Qrimdagi hordiqni to‘xtatib, darhol O‘zbekistonga qaytishga majbur qilgan — ketma-ket uchta terakt yuz bergandi. Terrorchi-kamikadzelar tomonidan sodir etilgan qo‘poruvchilik oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Teraktlar

Portlashlarning bari soat 16:00—17:00 oralig‘ida yuz bergan. Dastlabki portlash AQShning Chilonzorda joylashgan eski (o‘sha vaqtda amaldagi) elchixonasi oldida yuz bergan. Oradan 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas ikkinchi terrorchi-xudkush Isroil elchixonasi oldida o‘zini portlatgan. Ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura binosi larzaga kelgan — elchixonalar bilan bog‘liq holatlarda terrorchilar qo‘riqlash chegarasidan nariga o‘ta olmagan bo‘lsa, Bosh prokuraturada qo‘poruvchi binoga qariyb kirgan.

2004-yil 30-iyul kuni terakt yuz bergan joylar zudlik bilan xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olingan.

Kadr: “Vesti” / “NewsRu.com”

Isroil elchixonasi oldidagi portlash oqibatida elchixona qo‘riqlash xizmati xodimi Azat Salyaxov va Milliy xavfsizlik xizmati zobiti Vyacheslav Makarov halok bo‘lgan, boshqa hech kim, xususan, Isroil elchixonasi xodimlari tan jarohati olmagan. AQSh elchixonasidagi terakt oqibatida ikki militsioner — katta serjant Ibrohim Normetov va safdor Ixtiyor Hakimov qurbon bo‘lgan (dastlab sakkiz kishi halok bo‘lgani haqida xabar tarqalgan, ammo tasdiqlanmagan), yana ikki kishi jarohatlangan, elchixona xodimlariga zarar yetmagan.

Isroil elchixonasi binosi oldidagi portlash oqibatlari, 2004-yil 30-iyul.

Kadr: “Vesti” / “NewsRu.com”

Bosh prokuraturadagi hodisadan so‘ng O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov va bosh prokuror Rashid Qodirov besh kishi tan jarohati olgani haqida, Bosh prokuraturaning o‘sha vaqtdagi matbuot kotibi Svetlana Ortiqova va Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Ilhom Zokirov esa yetti kishi — prokuratura va militsiya xodimlari jabrlanganini ma’lum qilgan. Jurnalistlar dastlab bu yerda ham qurbonlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan, biroq bu gap-so‘zlar keyinchalik rasman tasdiqlanmagan.

O‘zbekiston Bosh prokuratura binosi oldidagi portlash oqibatlari, 2004-yil 30-iyul.

Kadr: “Vesti” / “NewsRu.com”

Ushbu teraktlar o‘zbek sudlov tizimi “Al-Qoida” va “Hizb ut-Tahrir” terrorchilik tashkilotlariga aloqadorlikda gumon qilingan 15 kishiga nisbatan hukm chiqarganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan — ularning bari 2004-yil bahorida Toshkent shahri, Toshkent va Buxoro viloyatlarida amalga oshirilgan va salkam 50 kishining umriga zomin bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatlarini tashkillashtirishda ayblangan edi.

BMTning o‘sha vaqtdagi bosh kotibi Kofi Annan Toshkentdagi teraktlarni qoralab chiqqandi. Ayni vaqtda portlashlar uchun javobgarlikni “O‘zbekiston islomiy harakati” ekstremistik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan. “Xudkushlar ishtirokidagi bunday tadbirlar yana davom etadi. Bu tadbirlar murtadlar tomonidan boshqarilayotgan Iroq, Falastin, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni va boshqa musulmon mamlakatlardagi birodarlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumatning adolatsizliklariga qarshi yo‘naltirilgan”, — deya bayonot bergandi o‘shanda tashkilot.

Ushbu voqealardan so‘ng AQSh va Isroil elchixonalarida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasini abadiylashtirish uchun yodgorliklar o‘rnatilgan. Amerika elchixonasiga kirish joyida Ixtiyor Hakimov va Ibrohim Normetovning favqulodda qahramonligi sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhasi 2006-yil fevralida AQShning Yunusoboddagi yangi elchixonasiga ko‘chirilgan. Isroil elchixonasiga kirish joyida ham Vyacheslav Makarov va Azat Salyaxov xotirasi uchun yodgorlik toshi o‘rnatilgan, unga yahudiy va rus tilida “Siz har doim biz bilan birgasiz” deb yozilgan.

Har ikki elchixonada har yili 30-iyul kuni xotira tadbirlari ham o‘tkaziladi. Xususan, mash’um hodisa 10 yilligi munosabati bilan AQSh elchixonasida o‘tkazilgan tadbirda marhum Ibrohim Normetovning qizi otasiga bag‘ishlangan she’rni o‘qib eshittirgandi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi oldida sodir etilgan terakt oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar sharafiga o‘rnatilgan xotira lavhasi.

Foto: “Anhor.uz”

Isroilning Toshkentdagi elchixonasi oldida amalga oshirilgan terakt qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlik toshi.

Foto: Isroil Tashqi ishlar vazirligi

Eski elchixona o‘rniga biznes-markaz va mehmonxona

Iyul oyida AQShning Chilonzordagi eski elchixonasini buzish ishlari boshlangani ma’lum bo‘ldi. AQSh elchixonasi “Daryo” so‘roviga javoban ushbu hudud sotilganini ma’lum qildi, biroq aynan kimga va qanchaga sotilganini ochiqlay olmasligini bildirdi.

Ayni vaqtda Qurilish vazirligi matbuot xizmatidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i yonidagi (darvoqe, bog‘ ham ta’mirlash ishlari uchun yopilgan) sobiq elchixona o‘rni Murad Buildings kompaniyasi tomonidan sotib olingan va bu hududda mehmonxona hamda ko‘p tarmoqli xizmat ko‘rsatish majmuasi (bir so‘z bilan aytganda — biznes-markaz, qisqacha — BM) qurilishi rejalashtirilgan.

“Loyiha qurilish boshqarmasiga taqdim etilgan va u ko‘rib chiqish jarayonida”, — deyiladi Qurilish vazirligi axborotida.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman