Qashqadaryoning Nishon tumani “Kaptarli” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 51 yoshli fuqaro 25-iyul oqshomida uyidan IIB xodimlari tomonidan sog‘lom holda olib ketilib, 26-iyul kuni peshindan so‘ng shifoxona orqali o‘lik holda qaytarilgan. “Daryo” muxbiri Nishonda bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

“O‘ldirishni emas, tinchlantirib berishni so‘ragandim”

Marhum Nursoat Muhammadiyevning ukasi Oltiboy Muhammadiyevning so‘zlariga ko‘ra, akasi kaltaklash oqibatida yetkazilgan tan jarohatlari sabab vafot etgan bo‘lishi mumkin.

“2021-yilning 25-iyul kuni soat 19:30—20:00 atrofida Nursoat akamning uyiga mahalla ‘uchastkavoy’i va fuqaro kiyimidagi ikki kishi kelib, uni olib ketgan. Buni akamning o‘g‘li Navro‘zbek aytib berdi. Akam uyidan IIB xodimlari tomonidan sog‘lom holda olib ketilib, ertasi kuni soat 14:30—15:00 larda shifoxonada vafot etgan. Uyidan sog‘lom holda olib ketilgan odam ertasi kuni o‘lik holda topilyapti.

Oltiboy Muhammadiyev.

Foto: “Daryo”

Tirik inson o‘lib ketadi-yu, hamma jim. Bir haftadan beri ko‘p joylarga murojaat qildim, hech kim e’tibor bermayapti. Mahalla raisiga bu haqda aytib, o‘sha kuni akamni olib ketgan profilaktika inspektori va uning fuqaro kiyimidagi ikki sherigi mast bo‘lgani, akamni rosa urishgani haqida aytsam, rais inspektorning yonini olib, ‘u ichmagan ekan’, deyapti.

Qarindoshlar bilan birga akamning jasadini ko‘rdik — badani ko‘karib, qontalash bo‘lib ketgan. Tanasidagi jarohatlarni ko‘rgan odam akam urib o‘ldirilganini anglab yetardi”, — deydi Oltiboy Muhammadiyev.

Marhumning o‘g‘li Navro‘zbek Shoqiyev dadasi uch nafar kishi tomonidan olib ketilganini tasdiqladi.

Navro‘zbek Shoqiyev onasi Sayyora Jo‘rayeva bilan.

Foto: “Daryo”

“Ishdan uyga qaytganimda, dadam ichki ishlar organi formasidagi kishi bilan gaplashib turgandi. Shunda IIB xodimining telefoni jiringladi. U kim bilandir gaplashgach, uyimizga Damas’da ikki kishi keldi. Ular fuqaro kiyimida edi. Ularning formasi Damas’da ekan. Keyin fuqaro kiyimidagi kishilar dadamni ushlab, bo‘ynini egib, ‘uchastkavoy’ning ‘Jiguli’ mashinasiga mindirdi va olib ketdi. Damas o‘sha yerda qoldi”, — dedi marhumning o‘g‘li.

Marhumning turmush o‘rtog‘i Sayyora Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, eri Nursoat aka asosan mardikorchilik bilan shug‘ullangan — o‘sha kuni Toshkentdan ishlab qaytgan bo‘lgan.

Sayyora Jo‘rayeva.

Foto: “Daryo”

“Erim shu kuni Toshkentdan kelgan, ishlab qaytgani uchun ichgandi. Mastligi sabab o‘rtamizda biroz kelishmovchilik bo‘ldi. Menga ‘uydan ket’ dedi. Men ham achchiq qilib, ko‘chaga chiqdim va ‘uchastkavoy’ni ko‘rib qolib, ‘akangizni tinchlantirib bermaysizmi’, dedim. Boravering, kechroq boraman, dedi. Keyin qaynimlarnikiga bordim. Soat 22:00 larda uyga kelsam, erimni olib ketishgan ekan.

Ertasi kuni soat taxminan 12:00 da ‘uchastkavoy’ telefon qilib, eringizni shifoxonaga olib bordim, dedi. Bir soatlardan keyin yana telefon qilib, ‘eringizning tobi qochibdi, olib kelaylik’, dedi. Birozdan so‘ng, uyimizga Damas’da ikki kishi keldi, meni olib yo‘lga chiqishdi. Nishon tumani markazida ‘uchastkavoy’ ham Damas’ga mindi. Qarshiga kirib borgan joyimizda, oldi o‘rindiqda o‘tirgan ‘uchastkavoy’ orqasiga qarab, ‘eringiz o‘tib qoldi’, dedi.

Shokka tushib qoldim. ‘Nega faqat mening o‘zimni olib kelyapsiz? Nega uydagilarga xabar bermadik?’, deb so‘radim. So‘ng ukamlarga, qarindoshlarga telefon qilib, xabar berdik. Men ‘uchastkavoy’dan erimni shunchaki tinchlantirib berishni so‘ragandim, o‘ldirib, bolalarimni yetim qiling demagandim-ku!”, — deydi marhumning bevasi Sayyora Jo‘rayeva.

“Kaptarli” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Asqar O‘ralovning qayd etishicha, Nursoat Muhammadiyevning oilasi notinch xonadonlar ro‘yxatida turadi, marhumning o‘zi esa ko‘pincha spirtli ichimlik ichib, xotini bilan janjallashgan.

Asqar O‘ralov.

Foto: “Daryo”

“Marhum vaqti-vaqti bilan ichib turardi, ichgan payti qo‘liga pichoq olib, xotiniga o‘ldiraman deb qolardi. O‘zim ham bir necha marta yarashtirib, qo‘lidan pichoqni olib qo‘yganman. Xotini har safar mahalla idorasiga qochib kelardi. Bunga Oltiboy aka (marhumning ukasi) ham guvoh.

Oltiboy aka jigarining o‘limi sabab, achchiq qilib, ‘uchastkavoy’ni ayblayapti. Men voqea haqida eshitgan paytim ‘uchastkavoy’ bilan gaplashib, bu haqda tuman hokimi va IIB boshlig‘iga xabar berishimiz kerakligini aytganman. Shunda ‘uchastkavoy’ IIB boshlig‘ining xabari borligini aytdi.

Profilaktika inspektoriga Oltiboy akaning ayblovlarini bildirib, ‘uchastkavoy’dan o‘sha vaqtda ichgan-ichmaganini so‘radim. U ichmaganini, ekspertizadan o‘tganini aytdi”, — deydi mahalla raisi Asqar O‘ralov.

“Jasaddagi ko‘karish va qorayishlar — o‘lim dog‘lari”

Nusrat Muhammadiyev 25-iyul kuni soat taxminan 23:20 da Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filiali tomonidan qabul qilib olingan. Shifokor Beknazar Tugalovning ta’kidlashicha, uni uch kishi olib kelgan.

Beknazar Tugalov.

Foto: “Daryo”

“Fuqaro bir nafar IIB xodimi va fuqaro kiyimidagi ikki kishi tomonidan olib kelindi. Yo‘lda kelguncha uxlab qolgan ekan. Uyg‘otib, savollar berdim va tekshirdim. Mastligi bois barcha savollarga boshini qimirlatib, tasdiq javobini berardi. Ammo tashqi ko‘rinishida asabiylik ko‘rmadim”, — deydi shifokor  Tugalov.

Nursoat Muhammadiyevni shifoxonaga olib kelgan IIB xodimi uining muntazam spirtli ichkilik ichishi, xotini shu masalada unga shikoyat qilganini aytgach, Beknazar Tugalov fuqaroni shifoxonaga yotqizish kerak, degan xulosaga kelgan.

Nursoat Muhammadiyevni dispanserda qabul qilib olgan boshqa bir shifokor Otabek Rasulov ham unda tajovuzkorlik alomatlari bo‘lmagani, u faqat uxlaganini aytmoqda.

Otabek Rasulov.

Foto: “Daryo”

“Fuqaroni menga olib kelishganida u uxlayotgandi, uyg‘onmadi ham hatto. Biz odatda bemorlar olib kelingach, ular spirtli ichimlik ta’sirida bezovta bo‘lsa, tinchlantirish uchun ukol qilamiz. Ammo bu fuqaroning o‘zi tinch uxlayotgandi”, — deydi Otabek Rasulov.

Fuqaroga 26-iyul kuni ertalab — vafot etgunga qadar uchinchi shifokor — Jahongir Suvonov qaragan. U ham Nursoat akaning uxlashni afzal ko‘rganini aytmoqda.

Jahongir Suvonov.

Foto: “Daryo”

“Fuqaro shifoxonaga olib kelinib, vafot etgunga qadar biz tomondan hech qanday muolaja qilinmagan. U tinch holatda bo‘lgan, faqat uxlagan. Biz esa uning nafas olishini, sog‘lig‘ini nazorat qilib turdik. U joni uzilayotganida sal bezovta bo‘lgach, xabar berishdi. Yetib borsak, joni uzilgan ekan”, — deydi u.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati sud tibbiy ekspertizasining 26-iyuldagi ma’lumotnomasiga tayanib xabar berishicha, marhum Nursoat Muhammadiyev surunkali alkogolizm natijasida vafot etgan. Jahongir Suvonovning qo‘shimcha qilishicha, marhumning yaqinlari tomonidan kaltaklash izlari deb aytilayotgan jasaddagi ko‘karish va qorayishlar o‘lim dog‘lari hisoblanadi.

Bir-biriga zid bayonotlar

“Kaptarli” mahallasi profilaktika inspektori kapitan Isomiddin Xolmatov “Daryo” muxbiri bilan qisqa suhbatida fuqaro Nursoat Muhammadiyevni olib ketishga borganida unga tumanning “Shirinobod” mahallasi profilaktika inspektori va uning fuqaro tanishi hamrohlik qilganini ma’lum qildi.

“Shirinobod” mahallasi profilaktika inspektori katta leytenant Habib Po‘latov muxbir bilan telefon orqali muloqotda Nursoat Muhammadiyevning xonadoniga borganini tan oldi. Ammo yonidagi fuqaro kiyimidagi tanishi haqida “viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda opa (Rasulova)dan ma’lumot olish”ni tavsiya qilib, telefonni qo‘yib qo‘ydi.

O‘z navbatida, Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati hodisa yuzasidan bergan rasmiy munosabatida o‘sha kuni “Shirinobod”ning profilaktika inspektori “Kaptarli” mahallasi “uchastkavoy”iga o‘z tanishi — “Shirinobod” mahallasida yashovchi jamoatchilik vakili G.A. bilan birga yordamga borganini tasdiqladi.

Foto: “Daryo”

Ayni vaqtda, viloyat IIB axborot xizmati bergan bayonotda ayrim ziddiyatlar bor. Birinchidan, viloyat IIB bayonotida inspektor Isomiddin Xolmatov Sayyora Jo‘rayevaga erini Narkologiya dispanseriga majburiy tartibda yotqizish bo‘yicha ariza yozib berishi kerakligini tushuntirgani, biroq ayol bundan bosh tortgani, shundan so‘ng inspektor holatni tegishli tartibda hujjatlashtirish maqsadida Nursoat Muhammadiyevni mahalla idorasiga olib borib, mahalla raisi Asqar O‘rolovning 25-iyuldagi bildirish xatiga asosan fuqaroni dispanserga olib ketgani ta’kidlanadi.

Yuqorida iqtibos keltirilganidek, marhumning rafiqasi Sayyora Jo‘rayeva mahalla inspektoridan “erini tinchlantirib berish”nigina so‘rab (o‘shanda inspektor ularning uyiga “kechroq borishi”ni aytgan), o‘zi qaynisinikiga ketgan va eri ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib ketilganini soat 22:00 atrofida, uyiga qaytib kelgach bilgan. Shuningdek, mahalla raisi Asqar O‘rolovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, u marhumni narkologiya dispanseri ko‘rigidan o‘tkazish uchun hech qanday bildirish xati yozmagan.

Ikkinchidan, viloyat IIB axboroti xizmati bayonotida ta’kidlanishicha, Nursoat Muhammadiyev 26-iyul kuni soat 20:45 da to‘satdan vafot etgan. Ammo “Kaptarli” mahallasi profilaktika inspektori Isomiddin Xolmatov Nursoat Muhammadiyevning o‘limi haqida marhumning yaqinlariga 26-iyul kuni soat 14:00 arafasida ma’lum qilgan. Shuningdek, u mahalla raisi bilan suhbatda “voqea haqida Nishon tumani hokimi va IIB boshlig‘i xabardor”ligini aytgan. Ammo Nishon tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Jalil Bolliyev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda tuman IIB rahbariyati bu voqea haqida 1-avgust, yakshanba kuni xabar topganini bildirdi.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, viloyat IIB axborot xizmati bayonotida “marhumning ukasi 31-iyul kuni Qarshi tumani prokuraturasiga akasining o‘limi sababiga aniqlik kiritishda yordam berishni so‘rab borganida, mas’ullar tomonidan o‘lim sababi yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanganligi, ekspertiza xulosasi tayyor emasligini ma’lum qilinib, o‘lim sabablari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi tushuntirilgan”i ta’kidlanadi (bayonotning bu qismi keyinroq o‘chirib tashlangan).

Biroq Nursoat Muhammadiyevning ukasi Oltiboy Muhammadiyev akasining o‘limi bilan bog‘liq ishni Qarshi tuman prokuraturasi ko‘rib chiqayotganini 1-avgust kuni bilganini, viloyat IIB axborot xizmati tarqatgan axborot yolg‘onligini aytdi. “Nima qiladi yolg‘on ma’lumot berib, vijdoni qiynalmaydimi? Qarshi tuman prokuraturasi qayerda joylashganini ham bilmayman hatto. 31-iyul kuni faqat Nishon tuman prokuraturasiga bordim, ammo karantin deb kiritishmadi”, — deydi Oltiboy aka.

Qarshi tuman prokurori Alisher Mirzayevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, hozirda fuqaro Nursoat Muhammadiyevning o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Qashqadaryo viloyat IIB tomonidan esa profilaktika inspektorlari Isomiddin Xolmatov va Habib Po‘latovga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Bu birinchi emas

So‘nggi bir hafta ichida ichki ishlar organlari xodimlarining ehtimoliy zo‘ravonligi bilan bog‘liq avvalroq yuz bergan kamida ikkita holat haqida ma’lum bo‘ldi. Jumladan, 2021-yilning may oyida Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida IIBga olib ketilgan fuqaro vafot etgani haqida, iyul oyi boshida esa Surxondaryo viloyatining Denov tumanida IIBga olib ketilgan fuqaroning shifoxonada joni uzilgani haqida xabar berilgan edi. Har ikkala holatda ham ichki ishlar organlari xodimlari marhumlarga nisbatan kuch ishlatgani taxmin qilinmoqda; hozirda ushbu holatlar bo‘yicha tekshiruv-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qashqadaryoning o‘zida esa 2020-yil yanvarida ichki ishlar tizimini titratgan hodisa yuz bergan — Chiroqchi tuman IIB xodimlari 32 yoshli erkakni urib o‘ldirib qo‘ygan edi. Keyinchalik voqeaning bir qator ishtirokchilari ozodlikdan mahrum qilingan.