“Nemolchi.uz” manbasida Mirobod tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan jinoyat haqida xabar e’lon qilindi. Toshkent shahar IIBB xabar qilishicha, ikki nafar gumonlanuvchilar javobgarlikdan qutulib qolgani haqidagi xabar haqiqatdan yiroq. Mazkur fakt asosida quyidagilar ma’lum qilingan.

Mirobod tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko‘ra, 2021-yil 27-aprel kuni 8-sinf o‘quvchisi 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga nisbatan dastlab 1991-yilda tug‘ilgan А.X. tomonidan, keyinchalik uning ikki nafar tanishi – M.M. va B.G. tomonidan jinsiy turdagi jinoyat sodir etilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Mazkur fakt bo‘yicha 2021-yil 30-aprel kuni gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

5-may kuni А.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblov taqdim etilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

M.M. va B.G. tergovdan yashiringani sababli 2021-yilning 20-may kuni jinoyat ishining ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan qismi alohida yuritiladigan bo‘ldi.

А.X.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Mirobod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yo‘naltirildi.

1-iyun kuni ikkala fuqarolar ham qo‘lga olinib, gumonlanuvchilar tariqasida jinoyat ishiga jalb qilindi.

2021-yilning 30-iyun kuni M.M. va B.G.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi bo‘yicha ayblov taqdim etildi. Shu kunning o‘zida dastlabki tergov yakunlanib, jinoyat ishi sudga oshirildi.

Tergov organi tomonidan ayblanuvchilarning aybini isbotlovchi barcha dalillar to‘plandi, yakuniy baho sud tomonidan beriladi.

Bundan avval Buxoroda 14 yoshli qizni zo‘rlab kelgan cho‘pon 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingani, Navoiyda maktab o‘quvchisi homilador bo‘lib qolgani hamda Toshkent viloyatida 14 yoshli qizning nomusiga tegganlikda gumonlanayotgan shaxs qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.