Saudiya Arabistonida Abdulla Kandil ismli rassom Lamborghini Aventador SVJ superkariga o‘ziga xoslik taqdim etishga qaror qildi. Biroq u Lamborghini Ad Personam studiyasi mutaxassislariga murojaat qilish o‘rniga, mashinani o‘zi bezagan va buni ko‘chada, odamlarning ko‘z o‘ngida amalga oshirgan. Mashaqqatli ijodiy jarayonning bir qismi tasvirlangan videorolik YouTube’dagi Supercars of Austria kanalida paydo bo‘lgan, deb yozadi Motor.

Kadr: YouTube

Lamborghini Aventador SVJ’ning 33 yoshli egasi rolik uchun Monte-Karlodagi besh yulduzli Hotel de Paris mehmonxonasi oldidagi ko‘chani tanlagan. Superkarini avtoturargohga joylashtirgan rassom uni bo‘yashga kirishgan. U o‘zining Superveloce Jota’si uchun haqiqiy moy bo‘yoqni tanlagan bo‘lib, avtomobildan uni tozalash uchun original lak bo‘yoq qoplamasini ham ko‘chirish kerak bo‘ladi.

Natijada turfa rangli bo‘yoqlar bilan nafaqat Aventador kuzovi, balki salonning ba’zi qismlari ham bo‘yalgan. Kadrlardan ko‘rish mumkinki, oq rangli chiziq va g‘alati naqshlar old panel, markaziy tonnel va hatto o‘rindiqda paydo bo‘lgan.

Kadr: YouTube

Kadr: YouTube

Motor1 nashrining yozishicha, Kandil bundan oldin Porsche 911 GT3 modelini ham o‘ziga xos tarzda bo‘yagan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning aprelida Sotheby’s auksioni orqali kuzovi dunyoga mashhur amerikalik fotorealist-rassom Richard Fillipsning Queen of the Night deb ataluvchi ishi bilan bezatilgan Porsche Taycan sotuvga qo‘yilgandi.