Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasi 1 milliard dollarga ko‘payib, 1-avgust holatiga ko‘ra 35,1 milliard dollarni tashkil etdi. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 34,1 milliard dollarni tashkil etgan.

Foto: Reuters

Bunda valyutadagi aktivlar 0,3 milliard dollarga kamayib, 13,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, oltin miqdori 1,3 milliard dollarga oshib, 21,5 milliard dollarga yetgan.

Zaxiralardagi oltinning sof fizik hajmi 300 ming troya unsiyasiga yoki 9,3 tonnaga ko‘paygan. Avgust oyining boshiga O‘zbekiston 11,8 million troya unsiyasi yoki qariyb 367 tonna oltin zaxiralarini jamlagan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 35 milliard dollardan oshgandi. Bunga oltin qiymatining ko‘tarilishi asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.

Oltin-valyuta zaxiralari mamlakat uchun “himoya yostiqchasi” hisoblanadi. O‘zbekistonning amaldagi zaxiralari 20 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkichdan, ya’ni uch oydan ancha ko‘p.