Pantone ranglar instituti insonlarning ekologiyaga bo‘lgan e’tiborini jalb etish niyatida yangi ko‘k-yashil rangining jilosini taqdim etdi. Hope — okeanlar holatini yaxshilash umidi ramzi va marjon riflarini qayta tiklanish timsoli hisoblanadi, deb xabar beradi “Afisha.uz”.

Foto: “Afisha.uz”

Mazkur rang turi korall riflarini qayta tiklash bo‘yicha global loyihani ishga tushirgan mushuklar uchun oziqa ishlab chiqaruvchi Sheba brendi hamkorligida yaratilgan. 2021-yilda dasturning birinchi dasturi yakunlangan — Indoneziyaning Sulavesi oroli qirg‘og‘idagi “Umid” riflari restavratsiya qilingan.

“Qalin suv qatlami ostidagi dengiz tubini yodga soluvchi tropik ko‘k-yashil rang Sheba Hope deb nomlangan bo‘lib, korxona tomonidan suvosti ekotizimining dastlabki muhitini qayta tiklash borasida amalga oshirilgan naqadar muhim harakatlarni ifoda etadi. Yorqin ko‘k rang faqatgina marjon riflarida ko‘rish mumkin bo‘lgan sog‘lom bioxilma-xillikni va tabiatni aks ettiradi”, — deyiladi xabarda.

Foto: “Afisha.uz”

Brend 2029-yil oxiriga qadar dunyoning turli burchaklaridagi 185 ming kvadrat metrdan ortiq marjon riflarini qayta tiklashni rejalashtirgan. Dasturni YouTube’dagi The Film That Grows Coral videosini tomosha qilish orqali qo‘llab-quvvatlash mumkin. Yig‘ilgan mablag‘larning barchasini brend The Nature Conservancy ekotashkilotiga topshiradi.