Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta harbiy vertolyoti 14—15-avgust kunlari O‘zbekiston havo hududi chegarasidan noqonuniy o‘tgan. Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, barcha uchoqlar Termiz xalqaro aeroportiga majburiy qo‘ndirilgan, ularning bortida jami 585 nafar afg‘onistonlik qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan.

15-avgust kuni Afg‘onistonning uchta Embraer-314 harbiy samolyoti Qashqadaryodagi “Xonobod” aerodromiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan, biroq ularga Termiz aeroportiga qo‘nish haqida ogohlantirish berilgan hamda O‘zbekistonning ikkita MiG-29 qiruvchi samolyoti tomonidan kuzatuvga olingan.

Afg‘oniston harbiy-havo kuchlarining Embraer EMB 314 Super Tucano shturmchi samolyoti.

Foto: Wikipedia

“Lekin kuzatuv davomida Embraer-314 va MiG-29 samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushgan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida. Bosh prokuratura axborotida uchuvchilar ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.

O‘zbekiston harbiy-havo kuchlarining MiG-29 qiruvchi samolyoti.

Foto: Sergey Konkov / “RussianPlanes.net”

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev tomonidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qayd etishlaricha, hozirda Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Surxondaryo viloyatida Afg‘onistonning harbiy samolyoti qulaganini tasdiqlab, “O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinishning oldi olingani”ni ma’lum qilgan edi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisa oqibatida afg‘onistonlik ikki uchuvchi Termizdagi kasalxonaga yotqizilgan; “Gazeta.uz” manbasining ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Bundan tashqari, 16-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryodagi paxta dalasiga qo‘ngan ikki afg‘on vertolyoti videosi ham paydo bo‘lgan edi.