O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ishga tushgach, mazkur yo‘nalish bo‘yicha qatnayotgan avtomobillar soni ortdi, deb xabar beradi Sputnik.
“Tovarlarni tashiyotgan yuk mashinalaridan tashqari, bu yerda Afg‘onistonda yashash huquqiga ega sariq raqamli mashinalar ham harakatlanmoqda. Shuningdek, taksilarga bo‘lgan talab ham ortgan”, — deyiladi xabarda.
Nashr muxbiri nazorat-o‘tkazish punktidan chiqayotgan maxsus texnikalarni ham ko‘rgani aytilmoqda. “Bundan chegarada yuzaga kelgan tirbandlikni bartaraf etishda foydalanilgan bo‘lishi mumkin”, — deya qayd etiladi xabarda.
Avvalroq o‘zbek—afg‘on chegarasiga tashlab ketilgan avtomobillar tirbandliklarni yuzaga keltirgan va ularni olib tashlash bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
“RIA Novosti” manbasining ta’kidlashicha, “Tolibon” vakillari Hayraton ko‘prigining Amudaryoni qarama-qarshi qirg‘og‘ida bo‘lgan qismida normal hayot tarzini qayta tiklashga kirishgan. Ta’kidlanishicha, hozirda chegara O‘zbekistonda yashash huquqiga ega afg‘onlar uchun ochiq. O‘zbekistonliklar o‘z vataniga hech qanday to‘siqlarsiz qaytishi mumkin.
Mavzuga doir:
Eslatib o‘tamiz, 15-avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonning butun hududini o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. 16-avgust kuni Afg‘oniston fuqaro aviatsiyasi aviakompaniyalarga mamlakat havo hududini aylanib o‘tishni tavsiya etdi. Shu kuniyoq United Airlines, British Airways va Virgin Atlantic aviakompaniyalari Afg‘oniston havo hududidan foydalanishni to‘xtatdi. 17-avgust kuni ular qatoriga Air France-KLM, Lufthansa, Qatar Airways, Singapore Airlines, China Airlines va boshqa aviakompaniyalar qo‘shildi.