“Xitoycha Google” deb ataluvchi Baidu texnologik kompaniyasi o‘zining birinchi mashinasini — Apollo robot-avtomobilini taqdim etdi. U noodatiy kuzov konstruksiyasi va shishali tomga ega, boshqaruv organlari yo‘q, haydovchisiz boshqariladigan konsept-kar ko‘rinishini olgan. Mashina yuzni tanish va “o‘rganish” imkoniyatiga ega, beshinchi darajali avtopilot boshqaruv tizimi bilan jihozlangan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Cnevpost

Apollo saloniga kirish “chayka qanoti” deb ataluvchi to‘liq avtomatik eshiklar orqali amalga oshiriladi. Rulining yo‘qligi sabab old panelga ulkan egilgan displey joylashtirilgan bo‘lib, jurnalistlar uni “uy kinoteatri” deb atamoqda. Uning qarshisida esa robot-avtomobil funksiyalarini boshqarishga yordam beradigan ekran va ikkita Zero Gravity o‘rindig‘i joylashgan.

Apollo’ning “aqlli” tizimlari yuzni, ovozli buyruqlarni tanish va muntazam rivojlanish orqali o‘zini takomillashtirib borish imkoniyatiga ega. Ixtirochilarning so‘zlariga ko‘ra, bu mashinani turli ssenariylar asosida harakat qilishga qodir robotga yaqinlashtiradi. Bundan tashqari, Baidu’ning “to‘ng‘ichi” inson omili talab etilmaydigan beshinchi darajadagi avtopilotga ega bo‘lgan.

Xitoyliklar hozircha Apollo’ga oid biror rejasini e’lon qilmagan. Ammo kompaniya mashinaning namoyishi bilan to‘xtab qolish niyatida emas: Baidu rahbari Robin Li Yanxunyaning so‘zlariga ko‘ra, “aqlli” avtomobil yaqin ikki-uch yil ichida paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning yanvarida BAIC konserniga tegishli Arcfox markasi bir marta quvvatlanish orqali 708 km yo‘l bosishga qodir Tesla “qotili”ni taqdim etgandi.