Rossiyalik qo‘shiqchi Zemfira koronavirus pandemiyasi sabab xarajatlar ortgani va tomoshabinlar soni kamligi uchun onlayn konsertlarda chiqish qilishni istamayapti. Bu haqda u o‘zining “VKontakte”dagi sahifasi orqali ma’lum qildi, deb yozadi Esquire.

Foto: Legion Media

“Onlayn konsert berishimni istayotganlar — janoblar, bu nimaning hisobiga? (maydoncha/ovoz/chiroq/repetitsiya — barchasini men to‘layman). Pandemiya barchaga zarar yetkazdi, ammo mening kasbimni butunlay yakson qildi. To‘g‘risini tan olish kerak, boshqa hech narsani xohlamayman — konsertlarni ham, boshqa narsalarni ham.

Yo‘qotilgan chiptalar yo‘qotilgan kasb oldida hech narsa emas”, — deb yozadi qo‘shiqchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yilda rejalashtirilgan sakkiz-to‘qqizta festivalning faqatgina ikkitasida chiqish qilgan. Shu bilan birga, u 2,5 oy davomida har kuni tayyorgarlik ko‘rgan. 2021-yilda ham u uzoq ishlagan va konsert berishiga umid qilgan, ammo “konsertlar nol”.

Zemfiraning aytishicha, u qo‘shiqlar yozishda davom etadi, ammo “ikkita ongli va 20 ta qaroqchi uchun onlayn konsert” berishga tayyor emas, chunki “quruq yugur-yugurdan” charchagan.

“Konsertlarga men boshqa ishonmayman. Iltimos, emlaninglar, jin ursin!”, — deydi Zemfira.