Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Ekologiya qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudovni ishdan olgani haqida xabar berilgandi. Prezident uni nima uchun lavozimidan olganini ham ta’kidlab o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

“Bugungi yig‘ilishda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarni ko‘rib chiqamiz. Bu yo‘nalishdagi muammolardan barchamiz xabardormiz. Lekin bunga mas’ul bo‘lgan Ekologiya qo‘mitasi, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayapti. Shu bois men Ekologiya qo‘mitasi rahbarini ishdan oldim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlat rahbari sohadagi muammolarni ko‘rsatib o‘tdi.

So‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, hududlarda yashil maydonlar 3–4 baravarga qisqarib, o‘rtacha 8 foizdan kamayib ketdi.

Yerusti va yerosti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha reja qilingan 62 ta loyihadan bor-yo‘g‘i 15 tasiga tadbirkor jalb qilingan. Bu borada Buxoro, Namangan, Farg‘onadan tashqari boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan.