Insayderlik savdolari bo‘yicha bir necha yil oldin jarimaga tortilgan Mayk In ismli treyder o‘zining yangi avtomobili — Pagani Zonda AY superkarini namoyish etdi. Avvaliga u Zonda F Roadster bo‘lgan, ammo olib borilgan qo‘shimcha ishlar davomida unga Goratsio Paganining bir qancha uslubiy yechimlari qo‘shilgan: xususan, Zonda 760 JC’ni yodga soluvchi aerodinamik “nakladka”li faralar o‘rin olgan, deb xabar beradi Motor.

Kadr: Instagram

Ma’lumotlarga ko‘ra, 650 ot kuchini taqdim etishga qodir 6,3 litrli V12 dvigateli bilan jihozlangan Zonda F Roadster modeli noyob Zonda AY’ning asosiga aylangan. Modifikatsiyadan keyin superkar xuddi “iqtiboslar jamlanmasi”ga o‘xshab qolgan. Masalan, aerodinamik “nakladka”li faralar Xitoyning Zonda 760 JC’niki kabi, orqa qanotlardagi havo panjaralari Zonda R’niki, massiv antiqanotini esa Zonda Oliver’dan olgan.

Shu bilan birga, Zonda AY ikki xil rangda tovlanishi bilan o‘ziga jalb etadi: uglerod plastik panellar binafsha rangida, ammo ayrim joylari shaffof himoya laki bilan qoplangan. Eksteryerining ayrim qismlari, shuningdek, g‘ildiraklari va salon “aksentlari” ham binafsharang. Mashina texnika jihatdan o‘zgarishga uchragan-uchramagani noma’lum. Taxminlarga ko‘ra, Zonda AY dvigateli 760 ot kuchini taqdim etishga qodir.

Ta’kidlanishicha, bu kabi sanoqli superkarlar kolleksionerlar orasida mashhurlikka erishadi. Masalan, 2019-yilda Abu-Dabida o‘tkazilgan Sotheby’s auksionida noyob Pagani Zonda Aether sotilgan edi. 2017-yilda ushbu mashina uchun noma’lum xaridor 6,8 million dollardan ortiq pul to‘lagan.

Avvalroq McLaren F1 modeli 2021-yilning eng qimmat avtomobiliga aylangani, u auksion orqali 20 million dollardan qimmatroqqa sotilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.