2020-yilning oxiri va 2021-yilning birinchi yarim yilligida SpaceX Starlink uchar apparatlarini uchirishni oshirdi — aynan ular Ilon Maskning sun’iy yo‘ldosh internetni ta’minlaydi. Biroq Starlink’lar parvozi to‘xtab qoldi va hozirda bunga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritildi, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

Ma’lum qilinishicha, barchasiga Starship kosmik kemasining sinovlari sabab bo‘lgan. Aftidan, Starlink loyihasida ishlagan mutaxassislar Starship loyihasiga o‘tib ketgan. 7-avgust kuni SpaceX mutaxassislari birinchi bor Starship’ni yaxlit holatga keltirgan. Ta’kidlanishicha, bu insoniyat tarixidagi eng katta raketa hisoblanadi. Tabiiyki, buni tayyorlashga ko‘p vaqt ketgan va shu sababli yangi Starlink sun’iy yo‘ldoshlari parvozini kechiktirishga to‘g‘ri kelgan. Ammo uzoq vaqtga emas: yangi Starlink uchish apparatlari sentabr boshida orbitaga uchiriladi.

Amerika regulyatori 21 ta Starlink missiyasi uchilishini ma’qullagan. Falcon 9 bir martalik parvozida orbitaga 60 ta sun’iy yo‘ldosh olib chiqishi inobatga olinsa, sentabr oyidan 2022-yilning martiga qadar SpaceX orbitaga 1260 ta sun’iy yo‘ldosh olib chiqadi. Ayni vaqtda Starlink tizimining 1740 ta sun’iy yo‘ldoshi ishlamoqda.

Ma’lumot uchun, 2020-yil dekabrida SpaceX Starlink loyihasi doirasida olis va qishloq joylar aholisini sun’iy yo‘ldosh internet bilan ta’minlash uchun AQSh hukumatidan 885,5 million dollar subsidiyani qo‘lga kiritdi. Kompaniya ushbu mablag‘ni o‘n yil davomida qabul qiladi. Bundan tashqari, AQSh hukumati SpaceX’ga 35 ta shtatda 642 925 ta nuqtada internet tarqatish xizmatlarini taqdim etish uchun qo‘shimcha mablag‘ ham ajratadi.

SpaceX kelajakda Yer aholisini sayyoraning istalgan nuqtasida keng polosali internet bilan ta’minlash imkonini beruvchi to‘liq ko‘lamli tarmoq yaratish uchun 12 mingta (keyinchalik 30 mingta) kosmik qurilmadan iborat orbital guruhni shakllantirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Ilon Maskning sun’iy yo‘ldosh internetidan hozirda 100 mingdan ortiq kishi foydalanayotgani ma’lum bo‘lgandi.