Ko‘ksaroyda 30-avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan bir guruh turli soha vakillarini taqdirlash marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya sohasida jiddiy islohotlar boshlanishi haqida gapirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

“Yaqin yillarda yashil O‘zbekiston harakatini boshlaymiz, har bir xonadonga har yili 4 tadan daraxt ektiramiz. Faqatgina archa emas, boshqalarini ham ekish kerak. Qonun bilan mustahkamlaymiz buni.

Daraxt ekish masalasida uyma-uy, korxonama-korxona, yo‘lma-yo‘l yuriladi, ekologiya muhofaza qilinadi, chiqindilar bilan birga zararli gazlarning atmosferaga chiqishining qisqartirilishi nazorat qilinadi.

Ekologiya xavfi hozir butun dunyoda eng katta xavf sanaladi. Daraxtlarning kesilishi ekologiyaga ta’sir etishi orqali xalqimizning o‘pkasi, nafas olish tizimlariga zarar qilmoqda. Kelajakda yashil O‘zbekistonda daraxtlar ekilib, ekologiya muhofaza qilinishi ta’minlanadi.

Suvlarimiz kamayib ketyapti, bu ham nimadan dalolat? Ayni sohada ham ta’lim, ilm, bilimimiz yo‘qligidan dalolat. Ekologiya sohasiga jiddiy e’tibor berishimiz kerak”, — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 24-avgust kuni atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu sohada tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayotgani uchun Ekologiya qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudovni ishdan olgandi. Yig‘ilishda viloyat hokimlariga yil yakuniga qadar istirohat bog‘larida aholi uchun “sokin hudud”larni tashkil etish topshirilgan.