Tesla Cybertruck’ni yig‘ish jarayonlarining boshlanish sanasi muntazam o‘zgarmoqda: so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, elektropikap 2022-yilning boshida konveyerdan chiqadi. Tesla model ishlab chiqarishni ortga surayotgan bir vaqtda butun dunyo bo‘ylab Cybertruck’ning turli materiallardan ishlangan nusxalari paydo bo‘lyapti. Shu hafta pikapning fanerdan (yupqa yog‘och qatlami) ishlangan nusxasining suratlari tarqaldi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Reddit

Avtomobil Plybertruck nomini olgan, plywood — faner degani. Mashina original Cybertruck kami qirrali chiqqan, biroq u qadar tartibli emas: uning yiqqan arizonalik usta panellarni bir-biriga aniq yopishtira olmagan. Umuman olganda, buning ahamiyati yo‘q, chunki avtomobil Gambler 500 rallisi — narxi 500 dollardan oshmaydigan qo‘lbola yo‘ltanlamaslar musobaqasi uchun yig‘ilgan. Shu bilan birga, ishtirokchilar mashinani o‘zlari istagandek jihozlashi mumkin.

Foto: Reddit

Foto: Reddit

Plybertruck original modelning faqatgina tashqi ko‘rinishini ko‘chirgan: mashina elektromotor emas, ichki yonuv dvigateli yordamida harakatga keladi. Faner qatlami ostida birinchi generatsiyali Acura MDX o‘rin olgan. Bundan tashqari, bu hatto pikap ham emas: Plybertruck’ning kuzov platformasi yo‘q, orqa qismi mix bilan qotirilgan faner konstruksiya.

Foto: Reddit

Foto: Reddit

Avvalroq Rossiyada tag qismi va oynasi bo‘lmagan Tesla Cybertruck sinovdan o‘tkazilgani, amerikalik bloger Tesla Cybertruck chindan ham o‘q o‘tkazmasligini sinab ko‘rgani to‘g‘risida xabar berilgandi.