Ikki oy oldin Fiido kompaniyasi Fiido X nomli yig‘ma elektrovelosipedini taqdim etgandi, avgust o‘rtalarida esa u Indiegogo kollektiv moliyalashtirish platformasiga joylashtirilgan, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

Ma’lum qilinishicha, hozirda mablag‘larni yig‘ish yakunlanishiga 11 kun qolgan bo‘lib, Fiido X velosipedi ixtirochilari million dollardan ortiq sarmoyani jalb etishga muvaffaq bo‘lgan. Indiegogo’dagi elektrovelosipedlar uchun bu mutlaq rekord hisoblanadi.

Fiido X Lite nomi ostidagi bazaviy versiya kichikroq akkumulyator batareyasiga ega bo‘lgan bo‘lib, u bir marta quvvatlanish orqali 60 kilometr yo‘l bosa oladi. Shu bilan birga, Fiido X maksimal tezlikni soatiga 25 kilometrga chiqargan holda 130 kilometr harakatlanish imkonini beradi. Ikkala modelning magniyli romlari yig‘iladigan mexanizm hisoblanib, velosipedni avtomobil yukxonasida tashishni osonlashtiradi.

Velosipedlardagi 7 pog‘onali Shimano transmissiyasi uzatmalarning biridan ikkinchisiga oson o‘tishini ta’minlaydi. Shuningdek, batareya va yorituvchi diodlari uchun kodli qulf ham nazarda tutilgan. Katta model gidravlik tormoz tizimiga, kichigi esa mexanik tormoz diskasiga ega.

Velosipedlar savdosi sentabr oyidan boshlanadi — Fiido X narxi 1099 dollarni, Fiido X Lite esa 899 dollarni tashkil etadi.

Avvalroq Huawei kompaniyasi o‘zining mustaqil boshqariladigan velosipedini taqdim etgandi.