Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisiy hukumatning birinchi ayol a’zosini tayinladi: akademik Ensiye Xazaliy ayollar va oila ishlari bo‘yicha vitse-prezident lavozimini egalladi, deb xabar beradi ANews.

Ensiye Xazaliy

Foto: ANews

Xazaliy ruhoniy Abulqosim Xazaliyning qizi bo‘lib, Tehrondagi Alzahro xotin-qizlar universitetida dekan bo‘lib ishlagan, yana bir qancha universitetlarda ma’ruzachilik qilgan. Shuningdek, u islom dini bilan bog‘liq bir qator kitoblar muallifi hamdir. Bundan tashqari, arab tili va adabiyoti yo‘nalishida doktorlik darajasiga ega.

Ayollar va oila ishlari bo‘yicha vitse-prezident lavozimi 2013-yilda ta’sis etilgan, ungacha ayollar masalalari bo‘yicha vazirlik, idora va markazlar birin-ketin faoliyat yuritib kelgan, ularga ham ayollar rahbarlik qilgan.

Qayd etilishicha, Eronda ayollar erkaklar bilan teng huquqlarga ega emas. So‘nggi yillarda bir qancha qonunlar ayollar foydasiga qayta ko‘rib chiqilganiga qaramay, ular ajrashuv, farzandlarga vasiylik va meros kabi huquqiy masalalarda haligacha diskriminatsiyaga uchraydi. 1979-yilgi Islom inqilobidan keyin ularga ro‘mol o‘rash va yopiq kiyinish talabi qo‘yilgan bo‘lsa-da, ko‘plab ayollar — ayniqsa, shaharlarda — bunga rioya qilmaydi.

Eron prezidentining o‘ndan ortiq vitse-prezidentlari bo‘lib, ular birinchi vitse-prezident va Atom energiyasi tashkiloti rahbarini ham o‘z ichiga oladi. Vitse-prezidentlar vazirlardan farqli o‘laroq, parlament tomonidan tasdiqlanishi shart emas.

Ibrohim Raisiyning o‘zi Eron prezidenti lavozimiga 5-avgust kuni rasman kirishgandi.

Eronda prezident saylovlari iyun oyida bo‘lib o‘tdi. Eron Oliy sudi raisi Ibrohim Raisiy 17,9 million kishi (saylovchilarning 62 foizi)ning ovozini qo‘lga kiritib, mamlakat prezidenti etib saylandi.

Iyul oxirida Eronda ichimlik suvi yetishmasligi tufayli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi. Xuziston viloyatidagi norozilik namoyishlari tufayli amaldagi prezident Hasan Ruhoniy davrining so‘nggi haftalari og‘ir kechdi. Saylangan prezident Ibrohim Raisiy inauguratsiyasini kutmasdan mamlakatda tartibni tiklashga kirishdi.