Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishi 9-sentabr kuni o‘tkazilib, unda yillik asosiy stavkani 14 foiz o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qilgandi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning dastlabki 8 oyi davomida 1 AQSh dollari uchun so‘m almashuv kursi 10449–10683 so‘m oralig‘ida tebranib, yil boshidan beri 2 foizga qadrsizlangan.

Yanvar–iyul oylarida eksport hajmi (oltinsiz) 6,7 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan. Import hajmi esa 13,4 milliard AQSh dollariga yetgan. O‘zbekistonga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 8 oyda qariyb 4,9 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan.

Shuningdek, avgustda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 15,5 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaga eng asosiy oshiruvchi hissa qo‘shdi. Yoz oylarida meva va sabzavotlar narxlari hamda oylik inflyatsiya ko‘rsatkichlarida kutilganidek mavsumiy pasayish sur’atlari kuzatilmagan.

Tarkibiy jihatdan barqaror komponentlardan tashkil topgan nooziq-ovqat va xizmatlar guruhlari narxlarida avgust oyida yillik o‘sish sur’atlari mos ravishda 8,1 va 7,6 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qilmoqda.

Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar, yonilg‘i mahsulotlari va tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) o‘zgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi avgust oyida umumiy inflyatsiya darajasidan pasayib, yillik 9,5 foizni tashkil qildi.