Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda iqtisodiy yetakchi bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarga ega, deb yozmoqda Spot Financial Times’ga tayanib.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unda aytilishicha, Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng iqtisodiyotni ochish, shaffoflik va biznesni jalb qilishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi. “Iqtisodiyot tubdan o‘zgardi. Tadbirkorlar mamlakatda biznes yuritishdan qo‘rqishni bas qildi”, — deya qayd etgan moliya vaziri Timur Ishmetov.

Biroq aholi jon boshiga YaIMning pastligi eng dolzarb muammolardan biridir. Bu investitsiya salohiyatini cheklaydi, chunki u taxminan 4 ming dollarga yetmagunicha O‘zbekistonning suveren reytingi S&P va Fitch BB — “investitsiyasiz daraja”dan va Moody’s ning “spekulyativ” B1 darajasidan ko‘tarilishiga to‘sqinlik qiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholi jon boshiga YaIM joriy yilda 1 900 dollarni, 2026-yilda esa 2 800 dollarni tashkil etadi.

Tahlilchilarning fikricha, aholisi 34 million kishini tashkil etuvchi jadal rivojlanayotgan mamlakatda daromadlarning yanada o‘sishi kutilmoqda.

“Mamlakatda ko‘proq pul sarflaydigan ulkan iste’molchi baza mavjud. Odamlar daromadga ega va bu iqtisodiyotga haqiqiy turtki beruvchi kuch bo‘ladi. Mamlakatda ko‘proq daromad olishni boshlashi mumkin deyarli 35 million kishi bor. Qolaversa, kam miqdordagi mis va uran zarar qilmaydi, mamlakatda oz bo‘lsa-da tabiiy gaz, paxta, to‘qimachilik bor. O‘zbekiston mintaqaviy iqtisodiy yetakchi bo‘lish uchun barcha vositalarga ega”, — deydi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha ixtisoslashgan Bluestone investitsiya kompaniyasi rahbari Dakota Irvin

Financial Times’da qayd etilishicha, ayrim xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi sonining o‘sishi va ko‘p tarmoqli iqtisodiyot O‘zbekistonga Qozog‘istonni ortda qoldirib, o‘n yil ichida Markaziy Osiyodagi yetakchi iqtisodiyotga aylanishga yordam berishi mumkin. O‘zbekiston MDHda Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallashga intilmoqda.

“Bir necha yillardan so‘ng, ehtimol 2030-yilga kelib, bizning yalpi ichki mahsulotimiz MDH bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘ladi. Biz yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga kirishga intilamiz”, — degan iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda YaIM 2020-yilda 57,7 milliard dollarga yetdi, Rossiyada bu ko‘rsatkich 1,5 trillion dollarni, Qozog‘istonda esa 170 milliard dollarni tashkil etdi.

Nashrning qayd etishicha, Qo‘chqorovning gaplari balandparvozdek ko‘rinsa-da, O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi vaqtlarda keskin o‘sdi. Hatto 2020-yil pandemiya davrida ham mamlakat yalpi ichki mahsuloti pasayishi emas, 1,6 foizga ko‘tarilgani qayd etilgan kamsonli mamlakatlardan biri bo‘ldi.

“Biz ko‘p ishlarni amalga oshirdik, lekin oldinda bajaradigan ishlarimiz hali ko‘p”, — deya so‘zlarini yakunlagan Jamshid Qo‘chqorov.