Ijtimoiy tarmoqlarda aktyor Jasur Kenjayev tomonidan joylashtirilgan video jamoatchilik tomonidan keng muhokamaga sabab bo‘ldi. U o‘z blogida ayollarning mashina boshqarishiga qarshi fikrlarini bayon qilgan.

Aktyor o‘z videosini ijtimoiy tarmoqqa joylar ekan, u murojaat vaqtida avtomobil boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Bu bilan u yo‘l harakati qoidalarining 12-bandini buzib harakat qilgan. Ya’ni transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan foydalangan.

“Shaharda avtomobilda yurganimda bir ayol haydovchi na yo‘l belgilariga, na qayrilib olish joylarida qoidaga amal qilib, odamni asabiga tegib, mashina haydagani uchun men shuni o‘zimning telefonimda ‘ayollar 100 yil o‘tsa ham mashina haydashni o‘rganmaydi’ degan fikrni bildirgandim. Aslida to‘g‘ri tushuntirsam ham bo‘lardi. Qo‘pol tushuntirganim uchun uzr so‘rayman”, – deydi aktyor.

Jasur Kenjayevning avtomashina boshqarish jarayonida yo‘l harakati qoidasiga amal qilmasdan, xavfsizlik kamarini taqmasdan, uyali telefondan foydalangani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 125-moddasining 1-qismi (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) hamda 128-1-moddasiga (transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi) asosan chora ko‘rildi.