Qo‘shiqchi Britni otasining vasiyligidan ozod bo‘lish uchun olib borgan kurashini butun dunyo kuzatdi. Uzoq kutilgan g‘alaba va otasining iste’fosidan so‘ng, qo‘shiqchidan musiqa sohasida yanada ko‘proq yutuqlar kutilmoqda. Shuningdek, Britni hali yangi taronalarni chiqarmagan bo‘lsa-da, nashrlar reytingida eng yuqori o‘rnini egalladi.

Foto: Pinterest

Shunday qilib, 2021-yil 10-sentabr kuni Time jurnali xonanda TIME100 kuzatuvchilarining so‘rovnomasida birinchi o‘rinni egallaganini e’lon qildi. So‘rovnomaga ko‘ra, har yili eng nufuzli kishilar ro‘yxatiga kiritilishi kerak bo‘lgan insonlar saralanadi. Hammasi bo‘lib 1,8 million kishi ovoz bergan va Britni esa undan 4 foizi, ya’ni 72 mingga yaqin ovoz to‘plagan.

“Taniqli xonanda bu yil yangiliklar dasturida ustunlik qildi, nafaqat muxlislar, balki butun dunyo bo‘ylab insonlar 13 yillik vasiylikni tugatilishi va Britnining ozod qilinishini talab qildi. 2021-yilning iyun oyida Spirs o‘zining ahvoli haqida birinchi marta sudda ochiq gapirdi va unga o‘ta qiyin sharoitlar qo‘yilganini da’vo qildi. Uning erkinlik uchun kurashi nogironlik huquqlari himoyachilarining ko‘pchiligi isloh qilishni xohlagan tizim muammolarini ochib berdi”, — deyiladi  jurnalda. Bundan tashqari, nashrda xonandaning musiqa sanoatiga qo‘shgan ulkan hissasi ham qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, reytingda ikkinchi o‘rinni tibbiyot xodimlari egalladi. Ular 3,1 foiz ovozga ega, undan keyin vaksina ishlab chiqaruvchilar 2,5 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Koreyaning BTS guruhi esa to‘rtinchi o‘rinni 2,1 foiz bilan egalladi. Kuchli beshlikni Simona Baylz yopdi, u 2 foiz ovozga ega. Yilning eng nufuzli kishilarining to‘liq ro‘yxati 15-sentabrda e’lon qilinadi.