2001-yil 11-sentabr (9/11) teraktlaridan so‘ng, AQSh global terrorizmga qarshi urush e’lon qildi. Jumladan, Qo‘shma Shtatlar boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari 7-oktabr kuni Afg‘onistonga bostirib kirdi — 11-sentabr fojialarining tashkilotchisi deb ko‘rilgan “Al-Qoida”ning asosiy kuchlari aynan shu yerda, ular esa “Tolibon” panohi ostida edi. Aynan shu lahzadan ushbu jarayonga O‘zbekiston ham tortildi.

“Qarshi—Xonobod” bazasidagi C-130 harbiy-transport samolyotlari (arxiv surati).

Foto: Master Sgt. Scott Sturkol / U.S. Air Force

Afg‘oniston hududidagi operatsiyalarni aviatsiya orqali qo‘llab-quvvatlash, Amerika qo‘shinlarini oziq-ovqat va harbiy mulklar bilan ta’minlashni tashkil etish maqsadida AQSh O‘zbekistondagi Qashqadaryodagi “Qarshi—Xonobod” aviabazasini ijaraga berishni so‘ragan. Ikki mamlakat o‘rtasida aynan 2001-yil 7-oktabr kuni imzolangan (.pdf) va 2005-yilga qadar amalda bo‘lgan kelishuvga muvofiq, Xonobodga AQShning C-130 harbiy-transport samolyotlaridan iborat eskadrilya, 10 ga yaqin Black Hawk vertolyotlari va 1,5 mingga yaqin harbiy xizmatchi joylashtirilgan.

2001—2005-yillarda Xonobod aviabazasida yashab, faoliyat yuritgan amerikalik harbiy xizmatchilar o‘zbekistonliklar, xususan, xonobodliklar hayotiga qay darajada ta’sir qilgan? Xonobodliklar o‘sha yillardagi voqealarni qanday yodga oladi? Shu savollarga javob topish maqsadida “Daryo” muxbiri Qarshi tumanidagi Xonobod qishlog‘ida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi.

Ingliz tili maktabi va EKIHning 60 barobari miqdoridagi maosh

Xonobodlik Nargiza Yusupova aviabazada ish boshlagan vaqti endi maktabni bitirgan bir qizaloq edi. U ishni oddiy kir yuvuvchilikdan boshlab, keyinchalik tarjimon bo‘lib ishlagan, maoshi o‘sha vaqtdagi eng kam oylik ish haqi (3 430 so‘m)ning salkam 60 barobariga (hozirgi hisob bo‘yicha, taxminan, 16 million so‘mga) teng bo‘lgan.

Xonoboddagi baza ishchilari

Foto: Nargiza Yusupovaning shaxsiy arxividan

“Pedagogika kollejida sirtqi o‘qish barobarida haftasiga olti kun ishlardim. O‘sha paytda 200 ming so‘m oylik olganman. Oilamga ko‘p yordamim teggan. Rahbarlarimiz ishimizni qadrlab, hurmat qilishardi. Bir marta tug‘ilgan kunimda konvertda o‘sha vaqt uchun katta bo‘lgan miqdorda dollar sovg‘a qilishgandi. Hatto o‘sha yili o‘qishimning kontraktini ham to‘lab berishgan”, — deydi u.

Nargiza Yusupovaning qo‘shimcha qilishicha, 2001—2005-yillarda aviabazadagi ishi bahona ingliz tilini o‘rgangan, hozir ham bu tilda bemalol gaplasha oladi. “Bugungi kunda farzandlarimning ingliz tili darslariga ko‘maklashaman, bolalarim ham ingliz tilida so‘zlasha oladi”, — deydi suhbatdosh.

Xonobodliklarni ishga olib, AQSh ijaraga olgan baza xodimlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan sobiq “Yoshlik” firmasi mas’ullaridan birining ma’lumot berishicha, Xonobod aviabazasida o‘sha yillari 1,5 ming o‘zbekistonlik ishlagan bo‘lsa, shundan 600 nafari xonobodliklar edi.

Foto: “Daryo”

“Tan olish kerak, shu ish sabab aksariyat xonobodliklar oilasiga daromad kirdi, kimdir to‘y qilgan bo‘lsa, yana kimdir o‘qishga kirdi. Shaxsan o‘zim ularning oshxonasida ishlab, yaxshigina maosh olganman”, — deydi xonobodlik Bahodir Pirnazarov. Hozir shu qishloqdagi maktabda o‘qituvchilik qilayotgan Nazira Xolova ham o‘sha vaqtda aviabazada bir yil oshpaz bo‘lib ishlaganlardan.

“Maktab o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritganman. Keyinchalik bu ishga taklif bo‘lgach, harbiy bazada oshpaz sifatida bir yilga yaqin ishlaganman. O‘sha paytda ishim uchun 75 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha maosh to‘lashgan. Oshxonada bir vaqtning o‘zida 500—600 kishiga mo‘ljal qilib ovqat pishirardik. AQSh harbiylari ko‘proq o‘zbek oshi va somsasini yaxshi ko‘rardi, shu ovqatni ko‘p so‘rashardi”, — deydi Xolova.

Nazira Xolova.

Foto: “Daryo”

Nazira Xolovaning maktabdagi hamkasbi Dilorom Qodirova ham Xonobod aviabazasida tarjimon bo‘lib ishlagan. “AQSh harbiylarining kiyimini yuvib beruvchi ‘ximchistka’da tarjimon bo‘lib ishlaganman. O‘sha payt ish sabab ingliz tilini mukammal o‘rganib, keyinchalik institutga ham kirganman”, — deydi hozirda ingliz tili o‘qituvchisi sifatida ishlayotgan Dilorom Qodirova.

Ayollar amerikaliklarning o‘zbekistonliklarga bo‘lgan munosabati, ayniqsa, xotin-qizlarga hurmat bilan qaraganini iliq xotirlaydi. “Aviabazada ishlagan hamkasblar bilan Onalar kuni va Yangi yil bayramlarini birga nishonlab, ularning ayollarga, onalarga bo‘lgan hurmati menda katta taassurot qoldirgan”, — deya qo‘shimcha qildi Nazira Xolova.

Uylar devorini buzgan, sigirlarni qo‘rqitgan, tovuqlarni tuxumdan qoldirgan shovqin

Xonobodliklarning hammasi ham AQSh harbiy bazasi faoliyat yuritgan davrni iliq xotiralar bilan yodga olmaydi. Masalan, Ikrom Yusupov AQShning pastlab uchadigan katta samolyotlari aholining tinchi va mulkini buzganini ta’kidlaydi. Uylar ta’mirtalab holatga kelib qolayotgani haqida mas’ullarga, hatto aviabazaning amerikalik rahbarlariga ham aytilgan, biroq hech kim aholiga yordam qo‘lini cho‘zmagan.

C-130 harbiy-transport samolyoti “Qarshi—Xonobod” aviabazasidan uchib ketmoqda.

Foto: USAF / Sgt. Scott T. Sturkol

“Men AQSh harbiylari Xonobod xalqiga qanday foyda keltirganini bilmayman, ammo katta-katta samolyotlarning uchib-qo‘nishi aholi uylarining devorlari yorilishiga sabab bo‘lganini yaxshi eslayman. Bu bazaga kelgan samolyotlar judayam katta edi. Qolaversa, past uchardi. Shovqini odamlarning bezovta bo‘lishiga sabab bo‘lish bilan birga, tovuqlarning tuxum qo‘yishdan to‘xtashiga, mollarning bola tashlashiga sabab bo‘lgan”, — deydi Ikrom aka.

Ikrom Yusupov.

Foto: “Daryo”

Uning ta’kidlashicha, u bu haqda bundan salkam 18 yil avval — 2003-yili Xonobodga kelgan muxbirlarga ham aytib bergan. “O‘sha payt ko‘pchilik bu noqulayliklardan norozi bo‘lib, hatto prezidentga ham shikoyat qilgan. Shundan so‘ng, ular Xonoboddan chiqib ketgandi”, — deydi Ikrom Yusupov (qayd etish joiz, Xonoboddagi AQSh harbiy bazasi 2005-yil mayida Andijonda yuz bergan qonli voqealardan so‘ng, AQSh tomoni O‘zbekiston hukumatidan voqealarni mustaqil tergov qilishni talab qilganidan so‘ng yopilgan edi).

Samolyotlar aniq belgilangan soatlarda uchib-qo‘nmagani bois, odamlar uxlab yotgan yarim tunda ham birdan shovqin ko‘tarilib ketardi. “Kechasi uxlab yotgan joyimizda shovqin-suron ko‘tarib samolyot uchib qolardi yoki, aksincha, qo‘nardi. Kunduz kunlari ham uyimizning tepasidan uchib o‘tardi. Nafaqat mollar qo‘rqqan, odamlar ham juda qo‘rqardi. Boisi, ovozi, shovqini juda baland edi”, — deydi xonobodlik Bekmirza Jumayev. Aytishicha, o‘sha vaqtda uning uyi devorlari ham yorilib ketgan.

Radiatsiya?

Donald Tramp AQSh prezidenti sifatidagi vakolati tugashiga bir kun qolganida, 2021-yilning 19-yanvar kuni 2001—2005-yillarda O‘zbekistondagi “Qarshi—Xonobod” aviabazasidagi xizmat qilgan amerikalik harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘ini tekshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bunga ushbu harbiy xizmatchilar O‘zbekistondagi aviabazada xizmat olib borish davomida zaharli moddalar va radiatsiya ta’siriga uchragan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar sabab bo‘lgandi. O‘shanda Xonobod aviabazasida xizmatda bo‘lgan amerikaliklarning kamida 61 nafari saraton kasalligiga chalingani yoki shu kasallik tufayli vafot etgani ta’kidlangan edi.

“Qarshi—Xonobod” aviabazasidagi amerikalik harbiy xizmatchi, 2002-yil, may.

Foto: Associated Press

AQSh tomonining ushbu axborotidan so‘ng O‘zbekistonning bir qator vakolatli organlari hududda radiatsiya yo‘qligi, harbiy qism yonida joylashgan mahalla aholisi soppa-sog‘ ekani, tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra ularning hammasi sog‘lom bo‘lib chiqqani haqida bayonot bergandi. Shuningdek, Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i Abdulla Hamroyev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda: “Aviabaza yaqinidagi mahalla aholisini ham monitoring qildik. Bir-ikkita saratonga chalinganlar chiqdi. Bu normal holat, tabiiy kasal bo‘lgan”, — deya ma’lum qilgandi.

“Daryo” muxbiri Xonobodga safari davomida mahalliy aholining bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi — hamma bir-birini taniydigan qishloq joy, biror shubhali harakat, jumladan, shubhali kasallik ham e’tibordan chetda qolmasligi tayin; rasmiylar nimanidir yashirgan degan taxmin bo‘lgan taqdirda ham, elning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Xo‘sh, aviabaza sabab biror kasallik tarqalganmi, kimdir xastalanganmi? “Aynan shu sabab biror bir kasallik tarqaganini bilmayman va eshitmaganman ham”, — deydi Bekmirza Jumayev.

Bekmirza Jumayev.

Foto: “Daryo”

“Qarshi—Xonobod” bugungi kunda faqat va faqat O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari foydalanib kelayotgan aviabazadir.