Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi AQSh elchisi Jon Mark Pommershaymga AQSh prezidenti Jo Baydenning bayonoti munosabati bilan norozilik notasi topshirdi. Bu haqda Tojikiston TIV matbuot xizmatiga tayanib, Anadolu Agency xabar berdi.

Foto: Anadolu Agency

Xabarda aytilishicha, AQSh elchisi Jon Mark Pommershaym Tojikiston TIVga taklif qilingan.

AQSh elchisiga Jo Baydenning Pensilvaniyaga tashrifi chog‘ida aytgan gaplariga javoban norozilik notasi topshirildi. Notada bunday bayonotlar do‘stona munosabatlar va sheriklik ruhiga mos kelmasligi qayd etilgan.

Tojikiston AQSh bilan o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hurmat ruhida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor, — deyiladi TIV xabarida.

Jo Bayden 11-sentabr kuni Pensilvaniya shtatiga tashrifi chog‘ida, Kobuldan odamlarni evakuatsiya qilishda yuz bergan ko‘ngilsizliklar haqida gapirar ekan, agar AQSh o‘z tarafdorlarini Tojikistondan olib chiqishga qaror qilganida, bu mamlakatda ham Afg‘onistondagi kabi odamlar samolyot shassilariga osilib olishini aytgan.

“Masalan, agar biz Tojikistonda bo‘lganimizda ham, C-130 (harbiy transport samolyoti)ni qo‘ndirgan bo‘lardik va har qanday holatda biz bilan ishlagan kishilarning barchasiga ushbu samolyotga chiqishga ruxsat berishimizni aytardik, shunda shassiga yopishib oladigan odamlar ham uchrar edi”, — deydi Bayden.

“Tolibon” hokimyatga kelgach, Afg‘onistondan AQSh va NATO mamlakatlari fuqarolari, shuningdek, “Tolibon”ga qarshi kurashda G‘arbga yordam bergan afg‘onistonliklar evakuatsiya qilindi. “Tolibon” ta’qibidan qo‘rqqan minglab afg‘onlar uchib ketishni istagan, 16-avgust kuni ertalab ular reyslardan birortasiga o‘tirish uchun uchish maydoniga bostirib kirgan va yerda turgan samolyotlarga osilib chiqishga harakat qilgan. Hodisa oqibatida o‘nga yaqin kishi halok bo‘lgan.

17-avgust kuni esa AQSh Harbiy havo kuchlariga tegishli C-17 Globemaster III harbiy transport samolyotida Kobul aeroportidan 640 ga yaqin afg‘onistonlik evakuatsiya qilindi. Dastlab shuncha odamni bortga olib chiqish rejalashtirilmagan edi, biroq afg‘on guruhlari uchish maydoniga bostirib kirib, samolyotga o‘zlari chiqib olgan. Shundan so‘ng ekipaj ularni kuch bilan tushirib yubormaslikka, aksincha bortdagi hammani olib uchishga qaror qilgan.