Toshkent shahrida qashqadaryolik jahon chempioni 29 yoshli Kamoliddin Rasulov boshqa bir chempion yigit tomonidan pichoqlab, o‘ldirildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Kamoliddin Rasulov.

Foto: Telegram

Kamoliddin Rasulov 2012-yilda o‘tkazilgan sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi hisoblanadi.

“Daryo” so‘roviga javoban mazkur ma’lumotni tasdiqlagan Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov voqea 2021-yilning 13-sentabr kuni soat 21:30 da Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

“2021-yilning 13-sentabr kuni soat 21:30 da 30 yoshli fuqaro Sh.T. tanishi, harbiy xizmatchi Kamoliddin Rasulovga qo‘ng‘iroq qilib, undan xarid qilib olgan ‘Humo Trop’ vitaminini tavsiyasiga ko‘ra iste’mol qilgani natijasida sog‘lig‘i yomonlashganini, shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘qligini bildirganini aytib, uni Uchtepa tumani, 14-mavzedagi uyi oldiga chaqirgan. Ular ko‘rishgach, o‘zaro janjallashib qolib, Sh.T. yonida olib chiqqan oshxona pichog‘i bilan Kamoliddin Rasulovni turli sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan”, — deydi Hayot Shamsutdinov.

Hayot Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Sh.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Kamoliddin Rasulov (chap tomonda) va Otabek Umarov.

Foto: Telegram

“Daryo” manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, marhum Kamoliddin Rasulov Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida tug‘ilgan.

“Hozir marhumni kurashchi Sherali Jo‘rayev uyiga olib ketayotgan ekan”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan manba.

“Daryo” manbasining qo‘shimcha ma’lumot berishicha, sportchining o‘limiga sabab bo‘lgan Sh.T. ham milliy kurash va dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha birinchi jahon chempioni — Toshtemir Muhammadiyevning jiyani bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshida chempion yigit Elbek Rahimov bir necha kishi tomonidan ayovsiz kaltaklanib, pichoqlab o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur voqea ortidan O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev hamda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Qashqadaryoda bo‘lib, OAV vakillari hamda jamoatchilikka voqea tafsilotlari haqida gapirib bergandi.