Toshkentda 15-sentabr kuni soat 00:11 da yerosti silkinishlari sezildi. Yer qimirlashi bir necha soniya davom etdi.

Foto: Global Look Press

FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazining ma’lum qilishicha, zilzila Toshkentdan 40 kilometr shimoliy-g‘arbda Qozog‘iston hududida kuzatilgan. Epitsentrda uning magnitudasi 3,2 ga teng bo‘lgan, o‘chog‘i 5 kilometr chuqurlikda joylashgan. Markaz axborotida O‘zbekiston hududida zilzila kuchi necha ball bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning janubida 11-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:51 da zilzila sodir bo‘lgandi. FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabariga ko‘ra, yer silkinishi epitsentri Toshkentdan 33 kilometr shimoli–g‘arbda joylashgan bo‘lib, o‘chog‘i 15 kilometr chuqurlikda, magnitudasi 3,6 ga teng bo‘lgan. O‘shanda Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi zilzila O‘zbekistonda sezilmaganini ta’kidlagan, biroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar, xususan, Toshkentda yashovchilar zilzilani sezganini ma’lum qilgandi.