SpaceX kompaniyasining Falcon 9 eltuvchi raketasi bortida tarixdagi birinchi noprofessional ekipaj bo‘lgan Crew Dragon kemasini orbitaga olib chiqdi. Raketa Toshkent vaqti bilan 16-sentabr 0 5:02 da AQShning Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan parvoz qildi.

Foto: SpaceX

Kema 575 km balandlikdagi orbitaga olib chiqildi. Bu Xalqaro koinot stansiyasining joriy orbitasidan va bungacha uchirilgan barcha boshqariluvchi parvozlar orbitalaridan ham balandroqdir.

Tarixda birinchi marta orbitaga kosmik sayyohlardan iborat mutlaqo noprofessional ekipaj yo‘l oldi. Kema bortida to‘rt kishi — ekipaj komandiri va parvoz homiysi milliarder Jared Ayzekman, tadqiqotchi ayol Sian Proktor, shifokor Xeyli Arseno va AQSh Harbiy havo kuchlari faxriysi Kristofer Sembroski bor.

Kema Yerga yaqin orbitada uch kun bo‘lib, so‘ng Yerga qaytishi rejalashtirilgan. Parvoz chog‘ida noprofessional kosmonavtlar vaznsizlik holatida ilmiy tajribalar o‘tkazishi kutilmoqda.

Kema ekipaji

Foto: SpaceX

Inspiration 4 deb nom olgan missiya xayriya xususiyatiga ega bo‘lib, bolalar onkologik kasalliklariga ixtisoslashgan Avliyo Jud bolalar shifoxonasi uchun mablag‘ yig‘ishga qaratilgan. Ekipaj a’zolaridan biri — 29 yoshli Arsenoksga 10 yoshligida chap oyoq osteosarkomasi tashxisi qo‘yilgan, shundan so‘ng u kimyoviy davolashning 12 ta siklini hamda tizza va son suyagining bir qismini olib tashlash operatsiyalarini boshidan kechirgan. Koinotdagi eng yosh amerikalik ayolga aylangan Arsenoks ekipajda shartli ravishda “Umid” deb nomlangan joyni egalladi. Kema bortidagi qolgan o‘rindiqlar esa “Yetakchilik”, “Olijanoblik” va “Farovonlik” deb nom olgan.

Eslatib o‘tamiz, Virgin Galactic kompaniyasi asoschisi, britaniyalik Richard Brenson 11-iyul kuni VSS Unity suborbital raketoplanida koinotga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirib, kosmik turizm davrini boshlab bergandi.  U bilan birga ikki uchuvchi va yana uch nafar yo‘lovchi koinotga chiqdi. Parvoz yaxshi o‘tdi — kema mo‘ljallangan balandlikka yetib bordi, yo‘lovchilar bir necha daqiqa vaznsizlik holatida bo‘ldi, shundan so‘ng VSS Unity Yerga xavfsiz qaytib tushdi.

20-iyul kuni esa Amazon asoschisi Jeff Bezos koinotda bo‘lib qaytdi. Bortida Bezos va yana uch nafar odam bo‘lgan New Shepard havo kemasi kosmosga chiqib, muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi. New Shepard kapsulasi kosmodromdan uchgach, taxminan 350 ming funt masofani bosib o‘tdi, Yer atmosferasini fazodan ajratib turuvchi Karmana chizig‘idan (Yerdan 100 kilometr uzoqlikda) o‘zgan holda koinotga chiqdi. Parvoz, taxminan, 11 daqiqa davom etgan.

Yaqinda esa amerikalik tadbirkor va ixtirochi, Apple asoschilaridan biri Stiv Voznyak Privateer Space xususiy kosmik kompaniyasi tashkil etilganini e’lon qildi. Voznyakning Twitter’da yozishicha, yangi kompaniya o‘z raqobatchilaridan farqli bo‘ladi.