Toshkent shahrida qashqadaryolik jahon chempioni 29 yoshli Kamoliddin Rasulov boshqa bir chempion yigit tomonidan pichoqlab, o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan marhumning yaqinlariga ko‘ra, qotillikda bir necha kishining qo‘li bor.

“O‘sha kuni kelinimiz voqeani ko‘rgan. Ukam yaralangach, qochgan. Ortidan esa ikki kishi quvgan. Uchinchi kishi esa yo‘lini to‘sib, uni ushlagan”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan marhumning yaqini.

Kamoliddin Rasulov.

Foto: Marhum yaqinlarining shaxsiy arxividan

Marhum yaqinlarining kelini — Kamoliddin Rasulovning bevasiga tayanib xabar berishicha, sportchini xotini bekat orqasidan yaralangan holda topgan.

“O‘sha yerga ham kelib, ukamni yana pichoqlashgan. Ular o‘sha kuni ukam yashaydigan ‘dom’ yoniga kelib, qayta-qayta telefon qilgan. Keyin ukam kelinimizga ‘menga tinmay telefon qilishyapti, nima gapi bor ekan, ko‘rishib kelaychi’, degan. Ularning yoniga borganda esa, uni vahshiylarcha pichoqlashgan”, — deydi marhumning opasi.

Markaziy studiya ko‘rsatuvi ijodkorlari tayyorlagan lavhada ham marhumning yaralangan holatda qochib ketayotgani va uning ortidan ikki kishi quvlayotgani ko‘ringan.

“O‘rtoqlari bo‘lgan-da, ularga vitamin sotgan. Keyin u (qotillikda gumonlanuvchi) shifoxonaga bordi. Keyin shifokor ‘sen o‘lasan bo‘ldi, senga ozgina qoldi’, degan. Lekin u yurgandi. Keyin u o‘rtog‘ining yoniga kelib, ‘men o‘lsam sen ham o‘lasan’, degan”, — deydi Markaziy studiya ko‘rsatuvi muxbiriga intervyu bergan guvohlardan biri.

Ko‘rsatuvda marhumni quvlaganlar ikki kishi bo‘lgani ko‘rinsa-da, ko‘rsatuv muxbiriga intervyu bergan prokuratura vakili gumonlanuvchilarning necha kishi bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Prokuratura xodimining so‘zlariga e’tibor qilinsa, gumonlanuvchi sifatida bir kishi 2021-yilning 14-sentabr kuni qamoqqa olingani anglashiladi.

“Daryo” muxbiri marhum yaqinlarining gumonlanuvchilar bir necha kishi bo‘lgani haqidagi taxminlari, shuningdek, Markaziy studiya ko‘rsatuvi kadrlarida marhumni quvlab ketayotganlar ikki kishi bo‘lganiga e’tibor qaratib, Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovdan holatga aniqlik kiritishga urindi.

“Holatga tergov davomida aniqlik kiritiladi”, — dedi bu haqidagi so‘rovga javob bergan Hayot Shamsutdinov.

Eslatib o‘tamiz, sportchi Kamoliddin Rasulov o‘limi yuzasidan Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Sh.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangani, shuningdek, sportchining o‘limiga sabab bo‘lgan Sh.T. ham milliy kurash va dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha birinchi jahon chempioni — Toshtemir Muhammadiyevning jiyani bo‘lgani xabar berilgandi.