Dushanbedagi ShHT davlat rahbarlari sammitida 17-sentabr kuni ma’ruza qilgan Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Afg‘onistondagi siyosiy masalalarni muhokama qilish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar qildi.

“Bugun ushbu mamlakatda yangi reallik vujudga keldi. Hokimiyat tepasiga yangi kuchlar keldi. Bu yuz bergan fakt. Shu munosabat bilan, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish hamda mamlakatning yangi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirish lozim”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlari ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi.

“Ekstremizm va radikal mafkuralarning ehtimoliy o‘sishi, Afg‘oniston hududidan qo‘shni mamlakatlarda qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishning oldini olish kerak”, — dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shundan so‘ng, u chet el banklaridagi Afg‘oniston aktivlarini muzlatishni to‘xtatishni taklif qildi. O‘zbekiston Prezidentining fikricha, bu Afg‘onistondagi gumanitar inqiroz va qochqinlar oqimi oshishining oldin olishga yordam beradi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev ShHT—Afg‘oniston formatida oliy darajadagi uchrashuvlarni o‘tkazishni taklif qildi.

“Sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va ushbu mamlakatdagi siyosiy masalalarni keng muhokama qilish uchun ShHT–Afg‘oniston formatida yuqori darajadagi uchrashuvlarni doimiy o‘tkazishni taklif qilamiz. Kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha hamkorlarni jalb etgan holda. Shunday uchrashuvlardan birinchisini Toshkentda tashkillashtirishga tayyormiz”, — dedi davlat rahbari.