Shanxay hamkorlik tashkilotining 17-sentabr kuni Dushanbedagi sammitida ushbu nufuzli tashkilotga 2021—2022-yillarda raislik qilish O‘zbekistonga o‘tishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev mamlakatning ShHTdagi raisligidagi ustuvor vazifalarini bayon qildi. Bular:

  • ShHTning nufuzi va salohiyatini yanada oshirish;
  • ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
  • sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish va bu borada hamkorlikni nazarda tutuvchi markazlarni tuzish;
  • ShHTning Transport bog‘liqligi strategiyasini qabul qilish;
  • ShHT makonida infratuzilmani rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
  • kambag‘allikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish;
  • ShHTning xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar forumini ta’sis qilish;
  • ShHTning Ezgu niyat elchisi institutini joriy qilish;
  • turizm sohasida hukumatlararo bitimni ishlab chiqish;
  • yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“O‘zbekiston raisligi davrida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlarimiz bilan birgalikda 80 dan ortiq tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan”, — deyiladi Prezident matbuot kotibi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun 16-sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbega keldi. Shu kuni davlat rahbari Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan muzokara o‘tkazdi.